Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 19-turidan o‘rin olgan “Buxoro” — “Olimpik” uchrashuvida noto‘g‘ri qaror chiqargani uchun butun umrga futboldan chetlatilgan Komiljon Rasulov “Championat Asia” saytiga intervyu berdi.
"Bu o‘yinni kimdir stadiondan, kimdir esa televizordan tomosha qildi. Hammada o‘sha savol: nega hakam penalti bo‘lmasa ham uni belgiladi degan. Hattoki, o‘zimning yaqinlarim ham shu savolni beryapti. Dastlab, gapirishimdan oldin muxlislardan uzr so‘ramoqchiman. Qilgan aybimni tan olaman. Intervyudan asosiy sabab, o‘zimni oqlash uchun yoki hakamlikka qaytish uchun emas. Shunchaki o‘sha vaziyatda nimalar bo‘lganini tushuntirib bermoqchiman.
Penalti qo‘yayotgan vaqtimda birinchi ko‘rgan kadrim “Olimpik”ni 17-raqamli futbolchisi (Temur Mamasidiqov) bilan “Buxoro”ni 88-raqamli o‘yinchisi (Vsevolod Nixayev) ikkalasi yonma-yon ketayotgan paytda, birinchi kontakt “Olimpik” o‘yinchisiga tekkanini ko‘rdim. VAR hakamiga dastlab to‘pga “Olimpik” futbolchisi tekkani va shundan so‘ng “Buxoro” futbolchisi oyog‘iga tepdi deya izoh berdim. VARga bu yaqqol ko‘ringan.
O‘zimni oqlamoqchi emasman, 90-daqiqa, o‘zingiz bilasiz, o‘yin oxirida baribir bosim bo‘ladi, xato qilib qo‘ymay degan o‘ylar bo‘ladi. Shu maqsadda VAR tomonga bordim. Monitor yoniga borganimda, VAR hakami bilan bo‘layotgan muloqot menga unchalik eshitilmadi. Monitor oldiga borganimda u kadrlarni ko‘rsatib, menga tushuntirish berishi kerak. Shunda men “To‘xta, gaplaring eshitilmayapti”, deb aytdim. Haqiqatan ham “Buxoro” tomondan juda ko‘p ovozlar yangrardi. So‘ngra, bir yoki bir yarim soniya o‘sha tomonga qaradim. Ular menga judayam xalaqit qilayotgandi. Ular tomondan juda ko‘p haqoratlar bo‘layotgandi.
To‘g‘ri, futbolda so‘kinishlar tabiiy holat. Bunga chidam kerakligini bilaman, otam buni aytib ketgan. Lekin ular tomondan qizimning sha’niga nomaqbul so‘zlar yangradi. Men butun diqqatimni “Buxoro” murabbiyiga qaratgandim. Ulug‘bek akani bilaman, undan bunaqa so‘zlar chiqmaydi. Murabbiylar shtabidan kimdir mana shu so‘zlarni aytdi. Mana mening qaror chiqarishimga asosiy sabab bo‘ldi. Ichki instinktim o‘yindan chiqib ketdi. Axir, men otaman. Juda alam qildi. Nima bo‘lgan taqdirda ham penaltini belgilayman dedim. Hakamlik libosidaman, uni borib ura olmayman.
Hushtak chalganimdan keyin, nima qilganimni tushundim. U yerda penalti yo‘qligini 100 foiz tan olaman. Xato qaror chiqarganman. Hakam sifatida qanaqadir afsus bo‘lishi mumkin, lekin ota sifatida qarorimdan hech qachon afsuslanmayman. To‘g‘ri — bu futbol. Mehrim singgan, mehnatim singgan. Ammo futboldan boshqa kasbda ham nonimni topa olaman. Oilam bitta, qizim bitta. O‘sha lahzada hissiyotlarni jilovlay olmadim.
Rahbariyatga borib, tushuntirish xati yozayotgan vaqtimda onamdan va oila a’zolarimdan degan jumlani yozdim. Lekin bu gaplarni aytmadim. Agar aytsam, xuddi ular oldida o‘zimni oqlab, ulardan imkon so‘rayotgandek bo‘lib qolishim mumkin edi. Rahbariyatning qarorini hurmat qilaman.
Barcha futbol muxlislaridan, ayniqsa, “Buxoro” muxlislaridan uzr so‘rayman. Ular mening o‘sha vaqtdagi holatimni tushunsa xursand bo‘laman, tushunmasa xafa bo‘lmayman, bunga haqqim ham yo‘q. Chunki muxlis futbolga pul to‘lab kiradi. Muxlis meni haqorat qilsin, gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Lekin murabbiylar tomonidan bunday holat yuz berganidan so‘ng o‘zimni tiyib tura olmadim.
Izohlarda ko‘rib qoldim, “Olimpik” yoki boshqa jamoalar pul bergan degan. Qasam ichishim mumkin, “Buxoro” — “Olimpik” o‘yinda menga hech qanday pul taklif qilingani yo‘q. Hech kim menga iltimos ham qilgani yo‘q. Bu o‘yinga pul aralashmagan", - sobiq hakam Komiljon Rasulov.
Eslatib o‘tamiz, Rasulov uchrashuvning 100-daqiqasida “Buxoro” darvozasi tomon penalti belgiladi va bu o‘yin taqdiriga ta’sir ko‘rsatdi. Ushbu holat yuzasidan O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida bosh hakam VAR takrorlarini ko‘rish uchun monitor oldiga kelgan vaqtida butun boshli “Buxoro” jamoasining murabbiylar shtabi hamda zaxira o‘yinchilari unga halaqit berib, turli kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlagani ma’lum bo‘ldi.
Shu tufayli, bosh hakam VAR monitorini ko‘rib, xato qilayotganini bilsa ham, hissiyotlarga berilib, “Buxoro” darvozasiga penalti belgilagan. Komiljon Rasulov o‘z tushuntirish xatida aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qasddan, hissiyotlarini jilovlay olmay, noto‘g‘ri qaror chiqarganligi uchun o‘z pushaymonligini bildirib o‘tgandi. Shundan so‘ng Rasulov umrbodga futboldan chetlatildi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring