O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi direktori Kamoliddin Murzoyev ham chempionatimiz o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Kuni kecha Qarshida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kubogi finalini bevosita stadionda tomosha qildi.
O‘z navbatida Murzoyev Kubok finalidagi taassurotlari va yakuniga yetib borayotgan chempionatimiz xususida to‘xtalib o‘tdi.
Kubok finalidagi natija Murzoyev uchun kutilganidekmi yoki...
- Kubok finalini Qarshida “Markaziy” stadionidan tomosha qildik. Natija kutilganidek deya olmayman. Albatta, “Nasaf”da o‘ziga xos ustunliklari bor edi. Finalni o‘z uyida qabul qilayotgani, so‘nggi ikkita turda turnir jadvali peshqadamlaridan ochkolar tortib olgani e’tiborga molik. “Navbahor”ni yutdi, “Paxtakor” bilan durang o‘ynab qaytdi. Mana shunday omillar ham “Nasaf”ga ustunlik bag‘ishlashi turgan gap edi. OKMKda esa Chempionlar ligasidagi ayanchli mag‘lubiyat va safardagi charchoqlar va yana boshqa ehtimollar “Nasaf”ning g‘alabasini taxmin qilishga undayotgandi. Lekin bunday faktorlar o‘yindan oldin 100 foiz hech bir klubga g‘alabani taqdim etmasdi. O‘ylashimcha, hamma narsa maydonda hal bo‘ldi.
O‘yin taqdirini hal qilgan penalti haqida
- Penalti masalasida ko‘plab bahs-munozaralar bo‘ldi. O‘yindan keyin bosh hakam bilan suhbatlashdim. Ochig‘i, bu vaziyatda hakam penalti qo‘ymoqchimasligini ta’kidladi. O‘sha holatda ham bu narsa ko‘rindi. Men uchun bunday o‘yinda bu kabi penalti qo‘yilmasligi yaxshi bo‘lardi. Shuningdek, futbolning o‘z qonun-qoidalari bor. Shunga amal qilishimiz lozim va menimcha hakamlar ham bunga amal qilishdi. Albatta, bundan boshqacharoq narsa xohlagandik. Ammo penalti 100 foiz uchrashuvni hal qildi, deyishga qo‘shilavermayman. Muxlislar xohlagandek balki qo‘shimcha daqiqalar yoki penaltilar seriyasi bilan tugaganda ham uchrashuvga kelgan muxlislarga yoqqan bo‘lardi. Biroq har doim bizni xohishlarimiz hamma vaqt ham taqdir nasibasi bilan teng kelavermaydi.
Chempionatda qaysi jamoa hayron qoldirmoqda?
- Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, solishtirmalar natijasida o‘tgan yili “Olimpik” hammani birdek hayron qoldirgan bo‘lsa, bu safar o‘sha “Olimpik” darajasida hayron qoldiradigan jamoa bo‘lmadi. Ammo “Surxon” klubini so‘zsiz e’tirof etsak bo‘ladi. Bu jamoadan hech kim bunday zayldagi o‘yinlar hamda natijalarni kutmagan bo‘lishi muqarrar. Yana bir jihati, futbolchilari hech bir raqibga qarshi qo‘rqib harakat qilishmadi. Asosiysi, shu narsasi yoqdi.
“Paxtakor” chempion...mi?
- “Paxtakor” klubi katta yo‘qotishlar bilan boshladi va mavsumni dastlabki o‘yinlarda pastki o‘rinlarda edi. O‘z o‘yini va o‘ziga bo‘lgan ishonchini, chempionlik ruhiyatini qayta tiklay oldi. Bu narsaga ishona oldilar. Mavsum oxiriga kelib chempionlik uchun kurashda faol bo‘lishmoqda. Bu yerda boshqa omillar ham talaygina. “Paxtakor”ni yo‘qotishlarsiz borgani emas, balki chempionlik uchun kurashayotgan “Navbahor”, “Nasaf”, “Neftchi” kabi jamoalarning ochko yo‘qotishi ham “Paxtakor”ga qo‘l keldi. O‘ylaymanki, so‘nggi ikkita turda “Paxtakor” qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, chempionlikni qo‘yib yubormasa kerak. Shunday bo‘lsa-da, hali yana ikkita tur bor. O‘zlari ham ikkita uchrashuvni intizorlik bilan kutishmoqda. Chunki bosib o‘tilgan uzoq yo‘l, OCHLdagi omadsiz start “Paxtakor” futbolchilari va rahbariyatini chempionlik bilan ovuta oladi, deb o‘ylayman.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring