01:06 / 20.11.2023
1 115

“Kalyari”dan Shomurodovga yaxshi xabar

“Kalyari”dan Shomurodovga yaxshi xabar

Eldor Shomurodovning “Kalyari”dagi faoliyati barqaror kechmayapti. Ayrim bahslarda faolligi bilan ajralib turgan legionerimiz, ba’zan o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmayapti. Bu holatni mutaxassislar Eldor sport formasini etarli darajada tiklay olmagani bilan bog‘layotgan edi.

28 yoshli hujumchimiz klub miqyosida qanday o‘yin namoyish etishdan qat’i nazar, O‘zbekiston milliy terma jamoasida sermahsullik ko‘rsatayotganini e’tirof etishgan.

Noyabr oyidagi FIFA kunlari munosabati bilan “Kalyari” jamoasi ham bir necha futbolchisini o‘z mamlakatlari terma jamoalariga yuborgan. Xususan, oktyabrdagi yig‘in va o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazib yuborgan Shomurodov bu gal Srechko Katanets ixtiyoriga etib keldi.

Shomurodov 2026 yili bo‘ladigan jahon chempionati saralash musobaqasining birinchi tur uchrashuvida futbolchilarimizni Turkmaniston terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda maydonga boshlab tushdi.

Sun’iy qoplamali maydondagi bahsda futbolchilarimiz ancha qiynalib bo‘lasa-da, g‘alaba qozonishni uddaladi. Eldor Shomurodov har uchala golda ishtirok etdi. Otabek Shukurovning dubliga to‘p etkazib bergan sardorimiz bellashuv oxirida o‘zi ham gol urdi.

“Kalyari” murabbiylar shtabi vakillari terma jamoaga ketgan futbolchilarning o‘yini va ko‘rsatkichlarini kuzatib bormoqda. Italiya futbolini yoritayotgan  cagliarinews24.com sayti sardiniyaliklar O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinini e’tibordan chetda qoldirmagani haqida yozdi.

- A Seriyaning 13-turida Klaudio Raneri boshqaruvidagi “Kalyari” o‘z maydonida “Montsa” jamoasini qabul qiladi. Sardiniyaliklar hujumchisi Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasining Turkmaniston bilan bo‘lgan safardagi o‘yinida gol urdi.

Eldor tobora jismoniy holatini yaxshilab bormoqda va sekin-asta bo‘lsa-da, Klaudio Raneri ishonchini qozona boshladi. Shomurodovning terma jamoadagi sermahsulligini inobatga olib, “Kalyari” murabbiylar shtabi “Montsa” bilan bo‘ladigan to‘qnashuvda o‘zbek hujumchisining xizmatidan foydalanmoqchi, - deb yozdi sayt jurnalisti Diego Demurtas.

Yana bir italiyalik jurnalist Emmanuel Olla ham bu borada o‘z munosabatini bildirdi. 

- "Kalyari" hujumchisi Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Turkmaniston bilan bo‘lgan uchrashuvda gol urdi. Bu bahsda Eldor terma jamoa etakchisi sifatida kuchini ko‘rsatdi.

Tabiiyki, uning bu harakatlari Klaudio Raneri e’tiboridan chetda qolmaydi. Chunki italiyalik mutaxassis shogirdlarini butun dunyo bo‘ylab diqqat bilan kuzatib boradi.

O‘zbek futbolchisi avvalgi turda "Yuventus"ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda ham juda yaxshi o‘ynagan edi. Endi haqiqiy Shomurodovni ko‘radigan payt kelganga o‘xshaydi, - deb yozdi Emmanuel Olla.   

Darhaqiqat, Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixida eng ko‘p gol urgan hujumchi hisoblanadi. u xalqaro miqyosida 67 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasiga 38 ta to‘p kiritgan.

2015 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida o‘ynayotgan Shomurodov gollarining teng yarmini, ya’ni 19 tasini kuchli beshlik chempionatlari tarkibiga kiruvchi A Seriyaga ko‘chib o‘tganidan keyin kiritgan.

“Kalyari” va “Montsa” o‘rtasidagi uchrashuv 26 noyabrga belgilangan.  E’tiborli tomoni shundaki, “Montsa” ham yozda Eldor Shomurodovga jiddiy qiziqish bildirgandi. Biroq legionerimiz yakunda Klaudio Raneri qo‘l ostida to‘p tepishni ma’qul ko‘rdi.

Eldor joriy mavsumda A Seriyada o‘nta bellashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga bitta assist yozdirib qo‘ydi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Kalyari”dan Shomurodovga yaxshi xabar