Rossiya milliy terma jamoasi, TsSKA va “Chelsi” sobiq futbolchisi Yuriy Jirkov metaratings.ru saytiga bergan intervyusida Rossiya Premer-ligasining birinchi davrasida o‘ziga yoqqan jamoalar va futbolchilar haqida gapirdi.
— Rossiya Premer-ligasining birinchi davrasida qaysi jamoa sizga ma’qul keldi?
— “Krasnodar”. Chunki ular musobaqa jadvalida birinchi o‘rinda ketyapti.
— Murabbiylardanchi?
— Vladimir Ivich. U boshqarayotgan jamoa chempionatda peshqadamlik qilyapti.
— O‘yinchilar borasida nima deysiz? Hamma TsSKAdagi Abbosbek Fayzullaevdan hayratlanyapti...
— Men Fayzullaev yaxshi o‘ynagan, gol urgan va jamoadoshlariga golli paslar uzatgan vaziyatlarni ko‘rdim. Juda yaxshi futbolchi!
Eslatib o‘tamiz, Yuriy Jirkov TsSKA tarkibida ikki marotaba, “Zenit”da uch marta Rossiya chempioni, jami olti bor mamlakat kubogi egasi bo‘lgan. “Armiyachilar” bilan UEFA kubogini qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, “Chelsi” safida Angliya Premer-ligasi g‘olibi, Angliya kubogi va Superkubogi sohibi bo‘lgan.
Rossiya futbolidagi yana bir taniqli mutaxassis – TsSKAda o‘ynagan sobiq himoyachi Evgeniy Varlamov ham euro-football.ru saytiga bergan intervyusida “armiyachilar”ning o‘yini haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi va Abbosbek Fayzullaevning mahoratini alohida tilga oldi.
— Bu mavsum TsSKA sizni quvontiryaptimi yoki xafamisiz?
— Jamoa qayd o‘tayotgan ko‘rsatkichlar xursand qilyapti. Qolaversa, jamoada TsSKA akademiyasidan tarbiyalangan yosh o‘yinchilarni qo‘llab-quvvatlashyapti. Ularga o‘yin vaqti ajratilyapti.
— Lekin keyingi paytda bosh murabbiy Vladimir Fedotov maydonga yosh o‘yinchilarni kamroq tushiryapti...
— Asosiy jamoada har doim natija birinchi o‘rinda turadi. Bosh murabbiy nazdida ana shu natijani ta’minlay olishga tayyor futbolchilar maydonga chiqadi.
— Chempionatning birinchi davrasida TsSKA o‘yinchilaridan qay biri sizga ko‘proq yoqdi?
—Hujumchilardan Fyodor Chalovni ko‘rsatish mumkin. Hozir uning o‘yini ochilib ketgan. Hamma unga ishonch bildirgandi, u gol ura boshladi.
Shaxsan menga Abbosbek Fayzullaev yoqdi. Juda foydali transfer bo‘ldi. Juda qiziqarli futbolchi ekan.
Umuman olganda, jamoaning har bir futbolchisi alohida uchrashuvda chaqnayapti. Lekin qatorisiga hamma uchrashuvlarda natija ko‘rsatadigan o‘yinchi hozirgacha ko‘zga tashlangani yo‘q.
— “Armiyachilar” hozir beshinchi o‘rinda ketyapti. Bu mavsum jamoa nimalarga qodir?
— Natija barqarorlikdan kelib chiqadi. Agar kamida ketma-ket beshta uchrashuvda ijobiy natija qayd etilsa, kuchli uchlikka kirib olish imkoni tug‘iladi. Agar g‘alabalar barqaror bo‘lsa, TsSKA kuchli uchlikka kira oladi. Agar imkoniyatlardan kelib chiqsak, TsSKa kuchli uchlikda bo‘lishi kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring