00:08 / 26.11.2023
657

Men Messi emas, Abbosman!

Men Messi emas, Abbosman!

Rossiya Premer-ligasining ikkinchi davrasi boshlandi. 16-turning markaziy uchrashuvlaridan birida SSKA o‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qildi.

Moskva derbisida Abbosbek Fayzullayev juda yaxshi o‘ynadi. Birinchi bo‘limda aniq zarba bilan juda chiroyli gol urib, hisobni tenglashtirdi. Keyin Anton Zabolotniyga golli pas uzatdi.

O‘zbek legionerining xatti-harakati bilan hisobda oldinga chiqib olgan “armiyachilar” ikkinchi bo‘limda tashabbusni raqibga berib qo‘ydi. “Dinamo” futbolchilari yana ikkita to‘p kiritib, 3:2 hisobida zafar quchdi va uch ochkoni qo‘lga kiritdi.

SSKAning eng faol o‘yinchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullayev o‘yindan keyin o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

- Qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda o‘yinimiz ancha qovushdi. Yaxshi o‘ynadik, lekin ko‘proq gol urishimiz kerak edi. Vaziyatlardan foydalanish ustida ko‘proq ishlashimiz kerak. Ochiq o‘yin bo‘ldi.

“Dinamo” ham yaxshi jamoa. Ularning o‘yinchilari individual jihatdan juda kuchli.

Biz har bir o‘yinda g‘alaba uchun o‘ynaymiz, bu gal o‘xshamadi, - dedi o‘zbek legioneri.

Abbosbek Fayzullayev o‘zbekistonlik yosh futbolchilar salohiyati  va o‘zini sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi Lionel Messiga taqqoslashlari haqidagi savolga ham javob berdi.

- Men 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimizning Fransiya bilan o‘yinini tomosha qildim. Ofarin! O‘zbekistonda har doim talantli yoshlar ko‘p bo‘lgan.

Hozir mamlakatimiz ham, futbol ham jadal rivojlanmoqda.

Meni “o‘zbek Messi”si deyishyaptimi? Yo‘q bunday emas. Men Messini yaxshi ko‘raman. Lekin o‘zim Abbos bo‘lib qolishni istayman, - dedi 20 yoshli futbolchimiz.

Ma’lumki, Fayzullayev yaqinda “Barselona” va Lionel Messiga muxlislik qilishini va kelajakda “Kamp Nou”da o‘ynash orzusi borligini aytgandi. Bundan tashqari, Fayzullayevning bo‘y-basti, o‘yin uslubi, chaqqon va aldamchi harakatlari, maydonni ko‘ra olish qobiliyati va faolligini aksariyat muxlisu mutaxassislar argentinalik yulduzga qiyoslashadi.

Abbosbek Fayzullayevning o‘zi ham Yevropaning kuchli ligalarida o‘ynashni maqsad qilgan. Uning birinchi murabbiyi Dmitriy An futbolchiga Ispaniya chempionati mos kelishini ta’kidlagan edi.

Bundan tashqari, bolalar va yoshlar futbolini juda yaxshi tushunadigan Dmitriy An Rossiya klublariga 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokida Indoneziyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatida o‘ynagan ikki nafar o‘zbek futbolchisiga e’tibor qaratishni tavsiya qilgan.

Tajribali murabbiy  yoshlar terma jamoasi vakillaridan Dilshod Abdullayev va Amirbek Saidov hozirning o‘zida Abbosbek Fayzullayev singari Rossiya Premer-ligasi jamoalarida o‘ynab keta olishini ta’kidladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Men Messi emas, Abbosman!