Rossiya Premer-ligasining 16-turida SSKA o‘z maydonida Moskvaning “Dinamo” kulbiga 2:3 hisobida yutqazib qo‘ydi.
Bu o‘yinning birinchi yarmida Abbosbek Fayzullayev uzoq masofadan chiroyli gol urish barobarida jamoadoshi Anton Zabolotniyga golli pas uzatdi. Har ikki golda ishtirok etgan hujumkor futbolchimiz yana bir necha marta xavfli vaziyat yaratdi. Ulardan birida to‘pni raqib darvozaboni ustidan oshirib tashlagan Abbosga ozgina aniqlik yetishmadi.
Legionerimizda ikkinchi bo‘limda ham hisobdagi farqni oshirish imkoni bo‘lgandi.
Ilgari SSKA va “Dinamo”ni boshqargan taniqli murabbiy Valeriy Gazzayev “Sport ekspress” nashri jurnalistlari bilan suhbatda bu vaziyatga alohida e’tibor qaratdi va Abbosbek Fayzullayev haqidagi fikrlarini ham aytib o‘tdi.
— Agar Fayzullayev hisob 2:1 bo‘lib turganida ikkinchi bo‘lim boshida gol ura olganida natija qanday bo‘lardi?
— Ha, bu bellashuvning eng muhim nuqtasi bo‘ldi. Agar “armiyachilar” hisobni 3:1 qilganida “dinamochilar” o‘yinga qaytishiga u qadar ishona olmasdim...
— SSKAning o‘zbek legioneriga qanday baho berdingiz?
— Birinchi bo‘limda juda kuchli o‘yin namoyish qildi. Bu yigit ko‘z o‘ngimizda o‘syapti. Hozirning o‘zida jamoani o‘z ortidan ergashtiryapti, golli paslar uzatyapti, o‘zi ham to‘p kirityapti.
SSKAning qolgan o‘yinchilari fonida yaqqol ajralib, ko‘zga tashlanib turibdi. Juda yorqin yarim himoyachi ekan, maydonda o‘yindan o‘yinga porlayapti.
— Uning goli darvozabon Leshukning xatosi natijasimi?
— Ha, “Dinamo” darvozaboni xato qildi. SSKA o‘yinchisi bunaqa pozitsiyadan zarba berishini kutmagan ko‘rinadi. Lekin bu golda Fayzullayevning mahoratini ham alohida e’tirof etish kerak.
Abbos murakkab zarba yo‘llashga jazm qildi va darvozabonni g‘aflatda qoldirdi. Ofarin!
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev shu yilning avgust oyida “Paxtakor”dan SSKAga ko‘chib o‘tgan edi. 20 yoshli futbolchimiz qisqa fursatda jamoaning asosiy o‘yinchisiga aylandi.
Fayzullayev sentyabr va oktyabr oylarida SSKAning eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etildi. Noyabr oyida ham bu nomga asosiy da’vogarlardan hisoblanadi.
Abbosbek SSKAga o‘tganidan beri Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogida jami 15 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol va yettita assist muallifi bo‘ldi.
SSKA Rossiya Premer-ligasidagi navbatdagi uchrashuvini 3 dekabr kuni o‘z maydonida “Rostov” futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring