"Nasaf" hamda "Al Faysali" o‘rtasida o‘tkazilgan OCHL guruh bosqichining 5-tur o‘yinidan (3:1) keyin mezbon jamoa ustozi Ro‘ziqul Berdiyev va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi Zafarmurod Abdirahmatov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Ro‘ziqul Berdiyev: "O‘yinni yaxshi boshladik. Gol o‘tkazgunimizcha ikkita yaxshi vaziyatga ega bo‘ldik, biroq kutilmaganda gol o‘tkazib yubordik. Shunga qaramasdan yigitlar ishonchni yo‘qotishmadi va g‘alabaga erishdik. Bugungi o‘yin sifati va natijasi kutganimizdek bo‘ldi. Bu yil stadionimizda o‘tkazilgan so‘nggi o‘yinda g‘alaba qozonganimiz hammaga yaxshi kayfiyat ulashdi".
Zafarmurod Abdirahmatov: "Uch ochko uchun maydonga tushgandik va maqsadimizga erishdik. Bahs muxlislarbop bo‘ldi. Barcha o‘zbekistonliklarni g‘alaba bilan tabriklayman".
- Umar Eshmurodovning almashtirilishi nima bilan bog‘liq?
- G‘alaba oson bo‘lmadi. Bu jamoa tartibli o‘ynashini aytgan edim, bugun o‘sha gaplarning isbotini ko‘rdik. Futbolchilarni nega almashtirdim? O‘yin uslubimizni o‘zgartirishga qaror qildik. Umar Eshmurodov tanaffusda o‘ynay olmasligini aytdi. Shu sababli uni almashtirdik.
- Umar Eshmurodovning o‘zgarishi jarohat bilan bog‘liq, shundaymi?
- Oyog‘ini ushlab, o‘ynay olmasligini aytdi. Shifokorlar keyinroq futbolchi haqida ma’lumot berishadi.
- "Nasaf" so‘nggi bahsda g‘alaba qozonmasa, guruhda qolib ketishi mumkin. "Al Sadd"ga qarshi bahsda qanday o‘yin ko‘rsatish niyatidasiz?
- Bu uchrashuvda natija uchun o‘ynashga majburmiz. Ochiq o‘yin ko‘rsatarmiz, balki yopilib olarmiz. "Al Sadd" o‘z uyida juda yaxshi harakat qiladi. Tartibli o‘yin ko‘rsatishimiz kerak. Boshqa o‘yin natijasi ham bizga ta’sir qilishi mumkin. Qatar klubiga qarshi bahsda faqat ijobiy natijaga harakat qilamiz.
- Savolim Zafarmurodga. "Al Faysali"ga qarshi ikkala bahsda ham gol ura oldingiz. Gol urishingizni avvaldan sezganmidingiz?
Z. Abdirahmatov: O‘yindan avval murabbiyimiz vaziyat bo‘lsa imkoniyatdan foydalan, tepib ko‘r degandilar. Birinchi bahsda ham shunday bo‘lgandi.
Ro‘ziqul Berdiyev: Fursatdan foydalanib, muxlislarga rahmat aytmoqchiman. Bugungi bahsni stadionda kuzatgan, televizordan tomosha qilgan barcha ishqibozlarga minnatdorchilik bildiraman.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring