Keyingi yillarda Rossiya Premer-ligasidan Yevropa chempionatlariga ko‘chib o‘tayotgan futbolchilar safi kengaya boshladi.
Rossiya futbolini yoritib borayotgan metaratings.ru sayti ekspertlari Rossiya Premer-ligasida o‘ynayotgan, kuchli ligalar jamoalari skautlari kuzatuvida turgan va yaqin kelajakda Yevropaga yo‘l olishi mumkin bo‘lgan charm to‘p ustalari ro‘yxatini shakllantirdi.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga Rossiya Premer-ligasidan “ko‘hna qit’a”ga ko‘chib o‘tishi kutilayotgan o‘yinchilar haqida xabar beradi.
Nurali Alip
Qozog‘istonlik futbolchi “Zenit”ga o‘tganidan keyin braziliyalik Robert Renanning asosiy tarkibdagi joyini tortib oldi. Nurali avvalgi ikki mavsum davomida Rossiya futboliga moslashishga harakat qildi va nisbatan kam o‘ynadi. Biroq bu mavsumda amaldagi chempionlarning himoya markazini ushlab turibdi.
Ommaviy axborot vositalari Alipni “Manchester Yunayted” jiddiy kuzatayotgani haqida xabar tarqatmoqda.
Konstantin Tyukavin
21 yoshli hujumchi Moskvaning “Dinamo” jamoasi yetakchisi hisoblanadi. Uning yorqin o‘yini Yevropa klublari skautlari nazaridan chetda qolmaydi. Joriy mavsumda Tyukavin Premer-ligada 17 ta uchrashuvda sakkizta gol va beshta assist muallifi bo‘ldi.
Futbolchining agenti Aleksey Safonov uning mijoziga Yevropadan juda ko‘p qiziqish bo‘layotganini ta’kidlamoqda.
Abbosbek Fayzullayev
O‘zbek futbolchisi mavsumning eng yorqin kashfiyoti bo‘ldi. 20 yoshli futbolchi 500 ming yevro evaziga SSKAga ko‘chib o‘tgan edi. Uch oy ichida uning transfer so‘mmasi to‘rt baravar oshdi.
Abbosbek Fayzullayev Rossiya futboliga yorib kirdi. Ketma-ket ikki oy SSKAning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topildi. Bir necha marta uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovrinni qo‘lga kiritdi.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tarkib topgan O‘zbekiston terma jamoasi safida Osiyo va jahon chempionatida yorqin o‘yin ko‘rsatganidan buyon xorijlik skautlar kuzatuvida.
Aslida Fayzullayev Toshkentdan to‘g‘ri Yevropaga yo‘l olmoqchi edi. Biroq kattalarning maslahatiga amal qilib, Rossiya Premer-ligasiga keldi. Ekspertlar agar Fayzullayev shu darajada yorqin o‘yin namoyish etsa, Yevropa eshiklari tez ochilishini ta’kidlamoqda.
Sergey Pinyayev
Rossiya futbolining eng yorqin iste’dodlaridan bo‘lgan Pinyayevga keyingi paytda barqarorlik yetishmayapti. Mutaxasssislar 19 yoshli futbolchi faoliyatida barqarorlikka erishib, Yevropada o‘ynay oladigan darajaga yetishiga ishonch bildiryapti.
Pinyayevga Yevropadan qiziqish avvaldan bor. U bir necha marotaba “Manchester Yunayted”ga borib, malakasini oshirib keldi.
Fyodor Chalov
SSKA hujumchisi ketma-ket ikkinchi mavsum to‘purarlik mahoratini namoyish qilmoqda. Chalovning o‘zi ham kuchini Yevropada sinab ko‘rishni istayapti.
Fyodor 2022 yilning birinchi yarmini Shveysariyaning “Bazel” jamoasida o‘tkazgan va mamlakatdan tashqarida o‘ynash tajribasiga ega.
Vanya Drkushich
“Sochi”ga sardorlik qilayotgan Sloveniya terma jamoasi himoyachisi Vanya Drkushich ham Yevropaga tortadigan futbolchilar qatorida. Yozda uni “Nant” so‘ragan edi. Lekin klublar o‘zaro kelisha olmadi.
24 yoshli futbolchi hali Yevropaning kuchli ligalarida to‘p tepishga ulgurishiga ishonadi. Ayniqsa, Sloveniya kelasi yoz Yevropa Chempionatida ishtirok etishini inobatga olsak, Vanyaning ishlari tez orada yanada yurishib ketishining ehtimoli katta.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring