Foto: EMIN SANSAR/GETTY IMAGES
Turkiya chempionatida «Anqaraguju» va «Rizespor» jamoalari o‘rtasidagi bahsda (1:1) noodatiy holat kuzatildi. O‘yindan yakunlanishi bilan FIFA hakami Xalil Umut Melerga mezbon jamoa prezidenti hujum qildi: Faruk Xo‘ja maydonga chopib chiqib, arbitrning yuziga musht tushirdi.
Klub rahbari uchrashuv natijasidan norozi bo‘ldi. Uning klubi 90+7-daqiqada javob golini o‘tkazib yubordi, arbitr esa o‘yinga buncha vaqt qo‘shib bermagandi. Mezbonlar so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqarishidan tashqari referi o‘yin davomida ularning ikki golini bekor qilgandi.
Hakam bosh qismiga yo‘llangan zarbadan keyin yiqilgan va uni «Anqaraguju»ning boshqa vakillari kelib tepkilagan.
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ushbu hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.
«Anqaraguju» — «Rizespor» o‘yini oxirida hakam Xalil Umut Melerga qilingan hujumni keskin qoralayman. Tinchlik va do‘stlik hukm surayotgan maydonlarimizda bunday holatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Biz ushbu qayg‘uli voqeani tekshiramiz. Turkiya nomini xorijda ham muvaffaqiyatli himoya qilayotgan hakamimizga ezgu tilaklarimni bildiraman», degan vazir.
Keyinroq u hakamga hujum qilganlar hibsga olinishini ma’lum qildi.
«O‘yindan keyin hakamga hujum qilgan «Anqaraguju» prezidenti Faruk Koja ayni vaqtda shifoxonada va u yerdan chiqishi bilan huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olinadi.
Shuningdek, hakamni tepgan yana ikki kishi ham qo‘lga olinadi», deb yozadi vazir.
Foto: EMIN SANSAR/GETTY IMAGES
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham «Anqaraguju» klubi prezidentining hakamga hujumini qoraladi.
«Bugun oqshom bo‘lib o‘tgan «Anqaraguju» — «Rizespor» o‘yinidan so‘ng hakam Xalil Umut Melerga qilingan hujumni qoralayman va unga tezroq tuzalib ketishini tilayman. Sport tinchlik va birodarlikdir. U zo‘ravonlik bilan mos kelmaydi. Biz turk sportida zo‘ravonlikka hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz», degan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring