O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning SSKA klubi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayev Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi – IFFHS ekspertlari tomonidan 2023 yilning eng yaxshi yosh futbolchisi nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikka da’vogarlar ro‘yxatiga kiritildi.
Bu yilgi ro‘yxatdan butun dunyodan yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan 26 nafar 20 yoshgacha iste’dod egalari kiritildi va ular 120 dan ortiq mamlakatlar ekspertlari ishtirokidagi so‘rovnomada ovozga qo‘yiladi.
Xalqaro tashklot ro‘yxatiga kiritilgan Abbosbek Fayzullayev so‘rovnomaga nomzodi qo‘yilgan yagona osiyolik futbolchi hisoblanadi.
Rossiyalik futbol ekspretlari ham Fayzullayevning xalqaro miqyosda e’tirof etilganiga o‘z munosabatini bildiryapti.
SSKA jamoasining sobiq futbolchisi Vladimir Ponomoryov “armiyachilar” yetakchisining jahonning eng iste’dodli yoshlari qatoridan o‘rin olgani bo‘yicha fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
— Fayzullayevning o‘yini 20 yoshli futbolchi uchun juda yuqori darajada ekani ko‘rinib turibdi. Juda zo‘r futbol ko‘rsatyapti.
Men Abbosbek o‘z yoshiga nisbatan juda aqlli va jozibali futbol namoyish qilyapti, degan bo‘lardim edi.
Odatda, futbolchilar 23-24 yoshda ulg‘aygan hisoblanadi va o‘yini ochiladi. Chunki aynan shu yoshda ularning aqli shakllangan bo‘ladi. Lekin Abbosda hozirning o‘zida yetuklik alomatlari namoyon bo‘lib ulgurdi. Menga bu juda yoqyapti.
Abbos o‘z vaqtida pas beradi, o‘zi ham juda yaxshi ochiladi, darvozaga juda aniq zarba berishga qodir. Fayzullayevning bo‘yi biroz past, lekin bu kabi futbolchilarning texnikasi va tezligi o‘ta yuqori bo‘lishi talab etiladi. Abbosda esa bu xususiyatlar yaxshi shakllangan, u to‘p bilan yaxshi yuguradi va dribling ustasi hisoblanadi.
Shunday ekan, men Fayzullayevni xalqaro tashkilot tomonidan yilning eng yaxshi yosh futbolchisi nominatsiyasi bo‘yicha da’vogarlar qatoriga kiritilganini qo‘llab-quvvatlayman. Bu adolatli qaror.
Abbosbek jahonning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida e’tirof etilishga munosib va loyiq, deb hisoblayman, - dedi Vladimir Ponomaryov.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempioni va ushbu musobaqaning eng zo‘r o‘yinchisi bo‘lgan. Shuningdek, u yoshlar o‘rtasida Argentinada o‘tkazilgan jahon chempionatida ham munosib ishtirok etgan.
Fayzullayev SSKAga avgust oyida ko‘chib o‘tdi. Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogida jami 18 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga to‘qqizta golli pas uzatdi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring