14:04 / 14.12.2023
708

Rossiya klubi o‘zbek futbolchisiga qiziqish bildirmoqda

Rossiya klubi o‘zbek futbolchisiga qiziqish bildirmoqda

Rossiya Premer-ligasida o‘ynayotgan besh nafar legionerimizdan biri – “Nijniy Novgorod” klubi chap qanot himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev yaqin kelajakda jamoasini o‘zgartirishi mumkin.

Bir necha manbalarning ta’kidlashicha, 22 yoshli himoyachiga Rossiya Premer-ligasining boshqa klubi “Baltika” jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Joriy mavsumda “Nijniy Novgorod” ancha ishonchli o‘ynayapti va musobaqa jadvalining to‘qqizinchi pog‘onasida bormoqda. Biroq jamoani Sergey Yuran qabul qilib olganidan keyin Ibrohimxalil Yo‘ldoshevning o‘yini amaliyoti sezilarli darajada kamayib ketdi.

O‘tgan mavsumda Yo‘ldoshev jamoa tarkibida eng ko‘p o‘ynagan to‘rt futbolchidan biri bo‘lgan edi. Legionerimiz Premer-ligasida 27 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol va bitta assist mualliflik qildi.

Bu galgi chempionatda murabbiylar shtabi Ibrohimxalilni atigi to‘rt marotaba maydonga tushirdi. Hamyurtimiz bitta gol pas uzatdi.

“Baltika” o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan iste’dodli himoyachini o‘z safiga qo‘shib olish uchun uning atrofidagi vaziyatni sinchkovlik bilan o‘rganyapti.

Baltikaliklar ayni paytda musobaqa jadvalida xavfli hududda turibdi. Yuqori diviziondagi o‘rnini saqlab qolish uchun qishki tanaffus paytida tarkibini kuchaytirishga e’tibor qaratishga qaror qilgan.

Shu bois, ular chap qanotga Ibrohimxalil Yo‘ldoshevni taklif etishni rejalashtiryapti.

Ibrohimxalil “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Yurtimizda “sherlar”dan tashqari “Bunyodkor”da ham to‘p tepgan.

Iqtidorli futbolchi 2021 yilning yozida “Nijniy Novgorod”ga ko‘chib o‘tgandi. Uning bu jamoa bilan shartnomasi 2025 yilning 30 iyunigacha tuzilgan.

Transfermarkt portali 13 dekabr kuni Rossiya Premer-ligasi futbolchilarining transfer summalarini yangiladi. Unga ko‘ra, kam o‘ynayotgan hamyurtimizning narxi yuz ming yevroga arzonlab, ayni paytda 800 ming yevroni tashkil qilmoqda.

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev 2020 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi.  U mamlakatimiz bosh jamoasida jami 16 marotaba maydonga tushib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari raqib darvozasiga bitta gol ham urgan.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan yoz o‘zbek futbolchisiga Moskvaning “Spartak” jamoasi ham qiziqish bildirgandi. Biroq ish rasmiy taklifgacha yetib bormagan.

Shu o‘rinda, “Nijniy Novgorod” klubidagi ikkinchi vakilimiz – yosh hujumchi Ruslanbek Jiyanov ham o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotganini aytib o‘tish lozim. 22 yashar forvard hali Premer-ligada debyut qilgani yo‘q. Rossiya kubogida bir marta maydonga tushib, atigi 11 daqiqa harakat qildi xolos.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiya klubi o‘zbek futbolchisiga qiziqish bildirmoqda