Yurtimiz tarixida To‘maris va Barchinoy kabi jangovar salohiyati yuqori bo‘lgan ayol-qizlarimiz haqida ko‘plab, afsonalar mavjud. Albatta, hozirgi davrga kelib, ham qizlarimiz yakkakurash turlari bo‘yicha xalqaro arenalarda munosib ishtirok etib kelmoqda. Bularning sarasiga Hilola Sobirovani ham qo‘shishimiz mumkin. Ushbu sportchi qizimiz pankration bo‘yicha jahon chempioni hamda Butunjahon jangavor o‘yinlarida ham barcha raqibalarini taslim etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Qolaversa, professional MMA bo‘yicha ham yaxshi natijalarga ega. Biz ushbu To‘maris avlodi bo‘lgan vakilamizni biroz suhbatga tortdik.
- Qachon va qaerda tavallud topgansiz?
- 1999 yil 13 avgustda Namangan viloyati, Norin tumani, Xaqqulobod shaharchasida tavallud topganman.
- Hilola Sobirovaning jangovar sport turiga kirib kelishiga nima sabab bo‘lgan?
- Bu olamga kirib kelishimga dadam sababchi bo‘lgan. Chunki oilada o‘g‘il bola yo‘q. Men dadam uchun ham o‘g‘il ham qizman.
- Demak, oiladagilar bu yo‘nalishda faoliyat yuritishingizga qarshi emas?
- Yo‘q, aksincha qo‘llab-quvvatlashadi.
- Pankration bo‘yicha jahon chempioni va butunjahon o‘yinlari g‘olibiga aylandiz, bu yo‘lda siz kimlardan motivatsiya oldingiz?
- Yaratganni inoyati bilan pankration bo‘icha ikki katta turnirda g‘alaba qozondim. Bu sport turi yurtimizda yangi bo‘lganligi sababli muxlislar uncha bilmasligi mumkin. Lekin bu eng tarixiy jangavor yo‘nalish bo‘lib, MMAning otasi deyiladi. Eramizdan avvalgi birinchi Olimpiada o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan. Jahonda juda mashhur hisoblanadi. O‘sha Habib Nurmagomedov, Islom Maxachev, Oleg Taktarovlar ham shu sportda toblangan. Endi, motivatsiyaga kelsak, ota-onamning ko‘zlariga qarab, o‘zimga ishonchim ortadi. Qolaversa, pankration sportiga kirib kelishim ham juda yaxshi bo‘lgan ekan. Chunki, O‘zbekiston pankration va greppling assotsiatsiyasi rahbariyati menga barcha sharoitlarni yaratib berishmoqda. O‘z o‘rnida ularga minnatdorchilik bildiraman.
- Yaqinda pankration bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkaziladi, bu musobaqada asosiy raqibangiz kim?
- Hozirgacha bu yo‘nalishda o‘zbekistonliklar bilan duch kelmadim. Maqtanmoqchi emasmanku, pankration bo‘yicha menga raqiblik qiladiganini ko‘rmayapman. Chunki, o‘zimga bo‘lgan ishonchim yuqori.
- MMA bo‘yicha ham faoliyatini davom ettirasizmi?
- Albatta, davom ettiraman. Pankration va MMAda ham faoliyatimni davom ettiraman. UFCga chiqish maqsadidaman. Nasib qilsa, 2024 yil ushbu promoushenda debyut qilaman, deb o‘ylayman. Bunga O‘zbekiston pankration va greppling assotsiatsiyasi mutasaddilari ham qarshi emas. Aksincha, qo‘llab-quvvatlamoqda.
- Qaysi MMAchilarni janglarini kuzatib borasiz va kimlarning janglari sizga maqul keladi?
- Hamzat Chimaevning jang olib borish uslubi, harakteri va qo‘rqmasligi yoqadi. Qizlardan esa Rouz Namayunasning harakatlari maqul keladi. Qolaversa, og‘ir-bosiq qiz va o‘z ustida tinmay ishlaydi.
- “Oktagon” yoki “Nayza” promousheni chempioni bo‘la olaman deb o‘ylaysizmi?
- Men ota-onamga, barchaga so‘z berganman. Chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritaman. Menga farqi yo‘q, “Nayza”mi, “Oktagon” jang qilaveraman. Hozirgacha lekin ”Oktagon” ligasida urushmadim. Lekin bu amalga oshishi mumkin. Albatta, chempion bo‘laman!
- Shavkat Rahmonovni singlisi Sora Rahmonova bilan jangdan qanday xotiralar qolgan? U bilan munosabatingiz?
- Sora bilan jangda o‘zimni mag‘lub bo‘lganman, deb hisoblamayman. Teng jang bo‘lgandi. Agar, bu to‘qnashuv O‘zbekistonda bo‘lganda, g‘alabani menga berishgan bo‘lardi. Lekin uning qo‘li ko‘tarildimi, demak, u g‘olib! Sora yaxshi qiz, yaqinda turmushga chiqdi, baht tilayman! Uning UFCga o‘tishiga ozgina qoldi. Ehtimol, u bilan revansh UFCda bo‘lar. Omad tilayman unga ham.
- Keyinchalik oila qursangiz, sportni tashlab keta olasizmi? Turmush o‘rtog‘ingiz shuni talab qilsa?
- Yaratganni xohishi bilan turmush quradigan bo‘lsam, sportni, meni tushunadigan inson bilan hayotimni bog‘layman. Har doim meni qo‘llab-quvvatlay oladigan, shuncha qiyinchilik bilan erishgan natijalarimni qadriga etadigan insonga turmushga chiqaman. Sport bu hayotim va uni tashlab keta olmayman.
- Vaqt ajratganingiz uchun minnatdormiz va faoliyatingizga omad tilaymiz!
- Rahmat!