Shomurodovning jarohati qanday? Katanes Sergeyev va Abdixoliqovga asosiy tarkibda ishonch bildiradimi?
Qatardagi Osiyo kubogi oldidan O‘zbekiston terma jamoasida jiddiy yo‘qotish yuzaga keldi. Eldor Shomurodovning jarohati Katanes va terma jamoaning bo‘lajak rejalariga istaymizmi yoki yo‘q ta’sir qiladi.
Shomurodov muhim figura, terma jamoani o‘yini bevosita uning atrofida qurilgan. U nafaqat sof hujumchi bo‘lish bilan birga o‘yin davomida funksiyasini o‘zgartirishi, qanotlarda, hujumchi ortida, erkin futbolchi sifatida o‘zi bilan bir nechta futbolchini olib yuradi. Tabiiyki, Eldordagi bu hislat muhim faktor hisoblanadi. Xo‘sh, uning o‘rniga asosiy tarkibda kim maydonga tushadi? Nomzodlarga to‘xtalishdan avval Shomurodovning jarohatiga to‘xtalsak. Kecha unga tovon sinishi, dastlabki tashxisi qo‘yilgan edi.
Uning jarohati haqida mutaxassis, sport shifokori Abror Pirriyev quyidagicha fikrlarini bildirdi: "Eldor Shomurodovning jarohat olgani borasidagi xabarlar muxlislar dilini biroz xira qilgani tayin. Tovon suyagi, deb qanday ma’lumot olingan bilmadim. Balki tibbiy terminda xato qilishgandir. Bilishimcha, uning o‘ng oyoq 2-kaft suyagi (plyusnevoy kost) singan. Belgilangan qayta tekshiruv ham ushbu tashxisni tasdiqlaydigan bo‘lsa, sinish turi va tanlanadigan davo usuliga qarab, hujumchimizni o‘rtacha 1,5 oy futbol maydonida, o‘z-o‘zidan bo‘lajak Osiyo Kubogida ham ko‘ra olmaymiz. Ikkinchisi uni qanday davolash. Joyidan siljimagan bo‘lsa, shundoq gips qo‘yadi yoki plastinka. Tashxis va davolash usuliga qarab undagi muddat o‘zgaradi. Tovon suyagi jiddiy jarohat. U anchaga cho‘ziladi. 2-kaft suyagi (plyusnevoy kost) maydonga chiqish davrigacha 1,5-2oy ketishi mumkin. Suyaklar bitishi uchun 1 oy zarur. Undan keyin reabilitatsiya ham shuncha vaqtni oladi".
Katanetsda 1 oy vaqt bor. O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi shu vaqtgacha deyarli barcha o‘yinlarda Eldordan foydalangan bo‘lsada, u maydonga tushmagan uchrashuvlarda boshqa variantlarni ham sinovdan o‘tkazib oldi. Deylik CAFA turnirida oldingi chiziqda Oston O‘runov va Jaloliddin Masharipov, Meksika bilan o‘yinda Bobir Abdixoliqovni asosiy tarkibda hujum chizig‘ida sinab ko‘rdi. Endilikda bir oy ichida yanada mukammallashtirib olishi kerak bo‘ladi. Jarohat olgani bilan Eldor tarkibda bo‘ladi va katta ehtimol bilan tiklanib ulgursa, 1/8 final o‘yinlaridan qo‘shilishi mumkin. Bungacha esa guruhni uning ishtirokisiz muvaffaqiyatli tugatib olish kerak bo‘ladi.
Asosiy nomzod Oston O‘runov - Ostonning individual sifatlari, borgan sari Katanetsning muhim figurasiga aylanib borayotgani bunga sabab, deb o‘ylayman. Jismonan baquvvat, yaxshi texnikaga ega va hujumni yakunlash xususiyatiga ega. Oston hujumchi bo‘lmasada bu yil barcha musobaqalarda aksariyat hujumchilardan ko‘p to‘p kiritdi, 10dan oshiq gol urdi. Yuqorida aytganimdek, O‘mon bilan o‘yinda Oston chizig‘iga joylashdi. Osiyo kubogining ilk o‘yinida ham O‘mon bilan uchrashuvdagi taktik-uslubni ko‘rsak ajablanmayman. Oston milliy terma jamoada birinchi, asosiy plan futbolchisi. Deylik uni zaxirada olib qo‘yib, o‘yinni o‘zgartirish, "B" plan olib qo‘yishdan foyda yo‘q. Sloveniyalik mutaxassis raqibdan kelib chiqib yana boshqa variantlarni ham qo‘llash ehtimoli yo‘q emas. Qirg‘iz Respublikasiga qarshi kechadigan nazorat uchrashuvi ko‘p narsalarga aniqlik kiritib beradi.
Oston O‘runovning asosiy tarkibda Shomurodovning o‘rnida maydonga tushish ehtimoli: 70/30
Igor Sergeyev va Bobir Abdixoliqov - O‘zbekiston terma jamoasi istalgan raqib bilan 3ta markaziy himoyachi taktikasidan voz kechmasligini bilaman. Sergeyev va Abdixoliqov ikkinchi bo‘limda bitta himoyachining o‘rniga maydonga tushib, o‘yinni kuchaytiradigan vosita sifatida xizmat qilishi mumkin. Igor sof to‘qqizlik hujumchisi va u faqat jarima maydonchasi ichidagina foyda keltira oladi. Kuchli tomoni ham shunda. Qanotlarda, yarim himoyada katta samara bermaydi. Ikkinchi bo‘limda yarim himoyachilar, vingerlarning faolligi hisobiga bizda vaziyatlar ko‘payadi va bunda gol uradigan yaqqol hujumchiga ehtiyoj seziladi. Igor esa "sehrli tayoqcha" rolida paydo bo‘lishini kutmoqdaman. Igor 2015 yil Avstraliyadagi Osiyo kubogida qatnashgan va ilk o‘yinda KXDR darvozasiga g‘alaba golini urgandi. Unda yana bir bor shunday imkoniyat bor.
Katanes Bobir Abdixoliqovga faqat Meksikaga qarshi o‘yindagina asosiy tarkibda imkoniyat berdi va u gol urdi. Abdixoliqovda tezlik, texnika, to‘p bilan harakat qilish, ochiq zonalarda ochilish sifatlari bor. Aynan shuning evaziga Katanes 3ta uchrashuvning birida Bobirni asosiy tarkibda maydonga tushirishi mumkin. Katanetsning uslubida individual tomondan kuchli ijrochilar muhim rol o‘ynaydi. Agarda Oston hujumchi vazifasini zimmasiga olsa, Bobir va Igor "B" plan qurollari bo‘lishadi.
Igor Sergeyev va Bobir Abdixoliqovning asosiy tarkibda tushish ehtimoli: 40/60
Yana kimlar bor hujumchilardan?
Hozirda yig‘inda "Nasaf"dan jalb qilingan Aziz Amonov ham ishtirok etmoqda. Klublar, "Nasaf" fonida kuchli ko‘ringan bo‘lishi mumkin. Bunday katta turnirda uni asosiy hujumchi sifatida maydonga tushirish katta tavakkal hisoblanadi. Katanes BAA yig‘iniga chaqirilgan ro‘yxatida Superligadan birorta hujumchi jalb qilmaganini e’tiborga olsak, yuklama Oston O‘runov, Igor Sergeyev, Bobir Abdixoliqov gardaniga tushadi.
Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz. Eldorning qancha erta safga qaytishiga ham ko‘p narsa bog‘liq.
P.S: Yuqoridagi tahlillarning barchasi muallifning shaxsiy fikrlari hisoblanadi.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz