2020 yilning 1 oktyabridan beri kuchli beshlik ligalariga kiruvchi Italiya chempionatida to‘p tepayotgan Eldor Shomurodov ilk bor jiddiy jarohat oldi.
“Kalyari” mashg‘ulotlaridan birida hamyurtimiz o‘ng oyoq barmog‘ini sindirib oldi. Bu holat “Kalyari” muxlislaridan ko‘ra, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarini ko‘proq xavotirga solmoqda. Chunki terma jamoasi 13 yanvar kuni Osiyo kubogidagi yurishini boshlashi kerak.
Sardiniya klubi faoliyatini alohida e’tibor bilan yoritib kelayotgan www.cagliarinews24.com sayti eksperti Lorenso Shirru o‘zbekistonlik legioner “Kalyari”ning qaysi o‘yinlarini o‘tkazib yuborishi va taxminan qachon safga qaytishini hisoblab chiqdi.
- Amaldagi chempion – “Napoli” maydonidan 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan qaytgan “Kalyari” keyingi o‘yinlar haqida bosh qotirishi kerak.
Sardiniyaliklar yangi yilgacha ikkita uchrashuv o‘tkazishi belgilangan. Navbatdagi o‘yin 23 dekabr kuni raqib maydonida “Verona”ga qarshi bo‘ladi. Shomurodov bu uchrashuvni o‘tkazib yuborishi aniq. Chunki hujumchi jiddiy jarohatidan tiklanishi uchun kamida bir oy atrofida vaqt talab etiladi.
O‘zbek hujumchisi 30 dekabrda “Empoli” hamda 7 yanvarda “Lechche” bilan bo‘ladigan to‘qnashuvlarda ham jamoasiga yordam bera olmaydi.
Orada Italiya kubogi doirasidagi bahs bor. 2 yanvarga belgilangan “Milan”ga qarshi o‘yinda Klaudio Raneri Shomurodov xizmatidan foydalanmaydi.
Eldor Shomurodov yanvar oyida “Bolonya” va “Frozinone” bilan bo‘ladigan uchrashuvlar arafasida maydonga qaytadi. Bu bellashuvlar 14 va 21 yanvarga qo‘yilgan, - deb yozmoqda Lorenso Shirru.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodov 14 yanvargacha maydonga qaytgan taqdirda ham katta ehtimol bilan “Kalyari” ishtirokidagi o‘yinlarda qatnasha olmaydi.
Chunki O‘zbekiston milliy terma jamoasi aynan ana shu muddatda Osiyo kubogidagi yurishini boshlaydi.
Eldor Shomurodovning o‘zi shifokorlardan Qatardagi Osiyo chempionati boshlangunga qadar uni oyoqqa turg‘azishni so‘ragan va davolanish jarayoni tezroq kechishi uchun jarrohlik amaliyotiga ham rozilik bergan.
Ayrim manbalar O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori yangi hafta davomida Rim shahrida operatsiya qilinishi haqida ma’lumot tarqatdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatarda bo‘ladigan Osiyo chempionati guruh bosqichida Avstraliya, Hindiston va Suriya bilan bir guruhdan joy olgan. Eldor Shomurodov o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan terma jamoamiz sardori, yetakchisi va eng zo‘r to‘purari hisoblanadi.
28 yoshli forvard mamlakatimiz bosh jamoasi safida jami 68 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 38 marotaba ishg‘ol qilgan. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston milliy terma jamoasi safidagi rekord natija hisoblanadi.
Eldor Shomurodovga jarohatidan to‘liq qutilib, tezroq maydonga qaytishi, gollari va assistlari bilan muxlislarini xushnud etishini tilab qilamiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!