O‘zbekistonning yaqin o‘tmishdagi eng zo‘r futbolchilaridan biri, yurtimizdan tashqari Rossiya va Xitoy maydonlarida porlagan Odil Ahmedov ayni paytda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ahmedov Rossiya nashrlariga bergan inervyusida mamlakatimizning iste’dodli yoshlari haqida ham gapirdi. U Abbosbek Fayzullayev Yevropada o‘ynashiga umid qilayotganini yashirmadi.
— Bir yil muqaddam, “Ayntraxt” xo‘jayinlaridan biri Kozim Aripov O‘zbekistonning futboldagi eng katta muammosi o‘yinchilar Yevropaga brorishni emas, Yaqin Sharqqa intilayotganini aytgandi. Siz bunga qo‘shilasizmi?
— Yo‘q. Agar futbolchiga Yevropadan taklif bo‘lsa, u boradi.
— Nega unda Yevropada o‘zbek futbolchilari kam?
— Ko‘p iste’dod egalari professional futbolga o‘tishda “yo‘qolib” qolyapti. Balki bunga ular uchun ko‘p pul talab qilinayotgani sababdir. Bizda Yevropada o‘ynay oladigan futbolchilar ko‘p. Umid qilamanki, ular Yevropaga boradi.
— Hozirdan kuzatish kerak bo‘lgan yosh futbolchilardan kimlar bor?
— Abbosbek Fayzullayev. SSKA uning faoliyatidagi eng katta klub bo‘lib qolmasligini juda istayman. Abbosda yuqori saviyada o‘ynash va yanada o‘sish uchun kerakli sifat va intizom bor.
Shuningdek, “Lans”dagi Abduqodir Husanovni ham aytgan bo‘lardim. Boshqa futbolchilarimiz ham bor, hammasi ularning o‘ziga bog‘liq. Agar harakat qilishsa, hammasini uddalashadi.
Ta’kidlash joiz, Odil Ahmedov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. O‘zbekistondagi faoliyati davomida 2006-2011 yillarda “sherlar” sharafini himoya qilgan.
Yurtimizning eng mohir futbolchilaridan hisoblangan Ahmedov 2011 yili Rossiya premer-ligasiga yo‘l oldi. U legioner sifatida “Anji” va “Krasnodar” jamoalarida to‘p tepdi.
Ahmedov 2017 yili katta loyihalarni amalga oshirgan Xitoy chempionatiga ko‘chib o‘tdi. O‘sha yillar Xitoy klublari o‘z safiga Yevropada nom qozongan mashhur futbolchilarni qo‘shib olgan edi.
Odil Braziliya terma jamoasi a’zolari – Xalk va Oskar bilan birga “Shanxay SIPG” jamoasini Xitoy chempioni aylantirdi. Keyinchalik “Tyanszin Teda” va “Sanchjou Mayti Layons” jamoasi ham o‘ynadi.
Mashhur futbolchimiz klublar miqyosidagi faoliyatida 345 ta uchrashuvda 31 ta gol va 36 ta assist muallifi bo‘lgani qayd etilgan.
Odil Ahmedov O‘zbekiston milliy terma jamoasida xalqaro miqyosda 108 marotaba o‘yin o‘tkazib, raqiblar darvozasini 20 marotaba ishg‘ol qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!