12:21 / 01.01.2024
317

Aleksandr Kerjakov: "O‘zbekiston terma jamoasida mohir ijrochilar yetarli va har qanday raqib bilan bellasha oladi"

Aleksandr Kerjakov: "O‘zbekiston terma jamoasida mohir ijrochilar yetarli va har qanday raqib bilan bellasha oladi"

Rossiyalik taniqli futbol odami – Aleksandr Kerjakov bilan Sports.uz sayti intervyu tashkil qildi. U jurnalist Shuhratbek Jo‘rayevning taklifiga labbay deya javob qaytardi.

- Aleksandr Anatolevich, siz bilan Sports.uz sayti uchun ilk bor suhbat uyushtirganimiz yodingizda bo‘lsa kerak. 2022 yilning avgust oyida intervyu olgandim. Shundan beri faoliyatingizda ayrim o‘zgarishlar bo‘ldi, nazarimda...

- Salom, siz bilan suhbat qilganimizdan so‘ng oradan bir yarim yil o‘tdi. Men Kipr chempionatida ishladim. Shuningdek, Serbiyadagi Superliga jamoalaridan birini boshqardim. Bu men uchun juda yaxshi tajriba bo‘ldi. Albatta, ish jarayonida nimadir o‘xshadi, nimadir o‘xshamadi. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham Serbiyadagi faoliyatimda zimmamdagi vazifani yaxshi bajardim, deb hisoblayman. Afsuski, ba’zi hollarda rahbariyat murabbiyning ishi yaxshi kechayotgan bo‘lsa-da, undan voz kechishga qaror qilarkan. Bunday paytda yuqoridagilar bosh murabbiyning xohish-istaklariga qarab o‘tirishmaydi.

- Ha, o‘sha paytda siz “Nijniy Novgorod” klubi bosh murabbiyi edingiz. Keyin o‘zingiz ta’kidlaganingizdek, Kipr hamda Serbiya chempionatlarida ishlab qaytdingiz. Bir so‘z bilan aytganda, murabbiylik faoliyatingizga qanday ta’rif berasiz?

- Hozirda hamma ishlarim qoyilmaqom, deb ayta olmayman. Chunki biror-bir klubda ancha vaqt ishlashni dilimga tugib qo‘ygandim. Umid qilamanki, yaqin orada o‘zimga mana shunday jamoani topaman. Murabbiy uchun yuqoridagilarning ishonchi katta ahamiyat kasb etadi. Men o‘zim ishlashni orzu qiladigan klubda mana shunday muhit hukmronlik qilishidan umid qilib qolaman. Shunda murabbiy sifatidagi falsafamni to‘la ishga tushirgan holda ixtiyorimdagi jamoa tomoshabop futbol namoyish etadi, deb o‘ylayman.

- Yodingizda bo‘lsa, o‘sha intervyuda hamyurtimiz Sherzod Nasrullayevni kuzatayotganingiz haqida aytgansiz. Siz hali ham uni e’tibordan chetda qoldirmayapsizmi? Yoki endi boshqa futbolchilarni kuzatyapsizmi?

- Afsuski, ayni paytda biror-bir futbolchini, uni o‘zim ishlashim mumkin bo‘lgan jamoadagi potensialini baholashga ojizman. Negaki, ayni chog‘da ishsizman. O‘zim ishlagan jamoalarda esa imkoniyat darajasidan kelib chiqqan holdagi shart-sharoit va o‘yinchilar bor edi. Moliyaviy imkoniyat cheklangani bois o‘zim jamoada ko‘rishni istagan futbolchilarni sotib ololmaganman. Bir so‘z bilan aytganda, vaziyatdan kelib chiqqan holda ish olib borishimga to‘g‘ri kelgan.

- Siz boshqaradigan klubda qaysi o‘zbek futbolchilari bo‘lishini istardingiz?

- Yuqorida aytib o‘tganimdek, hozir ishlamayapman. Agar o‘zbek futbolchilari haqida gap ketsa, o‘zim ishlashim mumkin bo‘lgan jamoada o‘zim ko‘rishni xohlaydigan ijrochilar yo‘q emas, albatta. Albatta, men birinchi navbatda Shomurodov va Yo‘ldoshevni nazarda tutmoqdaman. Shomurodov – juda yaxshi futbolchi va qoyilmaqom hujumchi. Yo‘ldoshevni ham bilaman va uning imkoniyatlari qay darajaga chiqishini taxmin qilishim mumkin.

- Ko‘pchilik SSKAda o‘ynayotgan Abbos Fayzullayevni maqtayapti. Siz uni ilk bor qayerda ko‘rgansiz?

- Bilasizmi, Fayzullayev masalasida biror narsa deyishim qiyin. Qolaversa, uning maydonda qanday harakatlanishini hali to‘liq ko‘rganim yo‘q. Ehtimol, bu futbolchingizning ham o‘yinini sinchiklab kuzatarman.

- Murabbiylik faoliyatingizni O‘zbekistonda ham davom ettirish haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?

- O‘zbekistonda ishlash masalasi haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, bu borada gap-so‘zlar yurganini inkor etmayman. Lekin hammasi shunchaki gap-so‘zlar bo‘lib qolgan. Shuni bilamanki, yurtingizda yaxshi saviyadagi jamoalar yetarli. Chempionatingiz saviyasi ham chakki emas. Poytaxtingiz Toshkent haqida gapiradigan bo‘lsam, u juda ham go‘zal shahardir. Kelajakda nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Takliflar uchun ochiq ekanligimni aytib qo‘ymoqchiman.

- Tez orada Qatarda Osiyo Kubogi musobaqasi boshlanadi. Siz uchun ushbu turnirni kuzatish qiziq bo‘lsa kerak?

- Agar yaqin orada biror ishni boshlamaydigan bo‘lsam, u holda Osiyo Kubogi o‘yinlarini berilib kuzatmoqchiman. Ha, men futbol tomosha qilishni, ayniqsa, xalqaro maydondagi uchrashuvlarni kuzatishni yoqtiraman. Boz ustiga Osiyo Kubogi turniri ham yuqori darajaga ko‘tarilgan va buni hamma e’tirof qiladi. Chunki u musobaqada Osiyodagi qator mamlakatlardan iqtidorli futbolchilar to‘p surib, o‘zlarini xalqaro sahnada namoyon qiladilar. O‘z navbatida bunday ijrochilar Yevropadagi klublar skautlarining e’tiborini tortmasdan qolmaydi.

- Osiyo Kubogida O‘zbekiston terma jamoamiz ham qatnashadi. Katanes boshchilidagi jamoamiz imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Istiqbollar haqida bir narsa deyishim mushkul. Nega desangiz, terma jamoalarning o‘yinlarini har doim ham kuzatish imkoni bo‘lavermaydi. Ayniqsa, OFKda o‘ynaydigan terma jamoalarning. O‘zbekiston terma jamoasini bo‘lajak musobaqada yaxshi ishtirok etishini va iloji boricha oxirgi bosqichlarga yetib borishini istagan bo‘lardim. Chunki O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida mohir ijrochilar yetarli, jamoangizning qayd etayotgan natijalari ham yomon emas. Hozirgi jamoa har qanday raqib bilan bemalol bellasha oladi.

- Siz uchun musobaqa favoritlari kimlar?

- Osiyo Kubogi turnirining favoritlarimi? Menimcha, bular – Janubiy Koreya va Yaponiya terma jamoalari bo‘lishadi.

- Darvoqe, Rossiyadan yana takliflar bormi? Umuman, rejalaringiz qanday?

- Hozircha menda Rossiyadan biror-bir taklif yo‘q. Yurtimizga yaqin bo‘lgan davlatlardan bir qancha takliflar kelganini aytib qo‘yishim kerak. Ammo ish muzokaralar darajasiga yetib bormadi. O‘zimni har tomonlama qoniqtira oladigan jamoalardan birida sinab ko‘rmoqchiman va shunday taklif kelishini kutyapman. Ya’ni, aytmoqchimanki, o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yadigan klubni boshqarish niyatidaman.

- Sobiq shogirdingiz – “Nijniy Novgorod”da to‘p surayotgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshevni hali ham kuzatishda davom etyapsizmi?

- Yo‘ldoshevni kuzatyapmanmi? Imkon darajasida kuzatib kelyapman. Uning o‘zi o‘ynayotgan klubda yetarlicha maydonda to‘p sura olmayotgani albatta yoqimsiz. Vaholanki, Yo‘ldoshev juda qobiliyatli futbolchidir. Uning imkoniyatlari qanday ekanligini juda yaxshi bilaman.

- Aleksandr Anatolevich, suhbatimiz yakunida o‘zbek muxlislariga nima degan bo‘lardingiz?

- O‘zbek muxlislariga tilaklarimga kelsak, yangi yilda terma jamoangiz yaxshi natijalar bilan ularni quvontirishini istayman. Men birinchi navbatda yanvarda start oladigan Osiyo Kubogidagi ishtirokini nazarda tutyapman. Terma jamoangizning musobaqada iloji boricha oxirigacha yetib borishini va bundan muxlislaringiz zavq-shavqqa to‘lishlarini istayman. Hammangizni kirib kelgan yangi yil bilan qizg‘in tabriklab, sizlarga sog‘lik-salomatlik va ishlaringizda omad tilab qolaman!

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aleksandr Kerjakov: "O‘zbekiston terma jamoasida mohir ijrochilar yetarli va har qanday raqib bilan bellasha oladi"
ePN