Terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov jarohati tufayli Qatarda o‘tadigan Osiyo kubogini o‘tkazib yuboradi. Tarkimibizdagi ushbu jiddiy yo‘qotish haqida terma jamoa hujumchisi Igor Sergeyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Tez orada to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi – Osiyo kubogi start oladi. Biz esa yetakchi hujumchi, jamoa sardori Eldor Shomurodovni yo‘qotdik. Sizningcha uning o‘rnini kim egallashi mumkin?
- Albatta, Shomurodov biz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Chunki u bizning yetakchimiz, sardorimiz edi. Shu bois u biz uchun chindan ham jiddiy yo‘qotish hisoblanadi. Biroq uning o‘rnini kim egallaydi va bu qanday sodir bo‘ladi, buni bilmayman. Buni murabbiy hal qiladi. Bizda Eldorning o‘rnini bosa oladigan yaxshi hujumchilar bor.
- O‘zingiz haqingizda gapiryapsizmi?
- Yo‘q, Bobur (Abduholiqov), Aziz Amanov. Ular ham yaxshi o‘yinchilar. Ustiga-ustak ular ham legionerlar. Ammo men Shomurodovning o‘rniga kimni qo‘yishlarini bilmayman. Eldor biz uchun jiddiy yo‘qotish. Lekin bu hayot. Hech kim jarohatdan kafolatlanmagan. Ammo biz Eldor ham bizdan xursand bo‘lishi uchun harakat qilamiz.
- Dastlabki turda terma jamoamizning sobiq ustozi Ektor Kuper boshchiligidagi Suriya terma jamoasiga qarshi bahs kutmoqda. Suriya matbuoti esa O‘zbekistondan alamzada Kuper jamoamizni maxf etmoqchiligi haqida yozmoqda. Sizda ham ushbu prinsipial o‘yinga nisbatan qandaydir motivatsiya mavjudmi?
- Agar Kuper bo‘lmaganida, Suriyaga qarshi o‘yinga motivatsiya bo‘lmasmidi? Bu Osiyo kubogi va birinchi o‘yin. Qaysi jamoa, murabbiyi kim? Nima farqi bor?! Har qanday vaziyatda ham motivatsiya bo‘ladi. Biz har doim jismonan ham, ruhiy tomondan ham borimizni beramiz. Shuning uchun men bu fikrga qo‘shilmayman.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring