18:38 / 12.01.2024
181

Aleksandr Geynrix: "Futbolchilarimiz individual jihatdan Suriyaning istalgan futbolchisidan kuchli"

Aleksandr Geynrix: "Futbolchilarimiz individual jihatdan Suriyaning istalgan futbolchisidan kuchli"

Osiyo Kubogi oldidan futbolimiz tarixidagi yorqin nomlarning fikrlarini olishni davom ettiramiz.

Ma’lumot uchun, Geynrix O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Osiyo Kuboklarida eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi. U 3ta Osiyo Kubogida 12ta o‘yinda maydonga tushgan va 6ta gol urgan.

- O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogidagi yurishini boshlaydi. Ilk o‘yin va umuman musobaqadan kutayotgan asosiy narsangiz nima?

- Osiyo Kubogi qiziqarli turnir. Jamoamizning imkoniyatlari katta. Afsuski, tarkibimizda yo‘qotishlar bor. Bu achinarli holat. Men yigitlarga ishonaman, ular yaxshi saviyada va buni ko‘rsatishlari kerak. Avvalo men maydonda ularning ko‘zida olov va fidoyilikni ko‘rishni istayman. Harakatlar ish bermasa ham jon berish va kurashish kerak. Bizda mahorat bor. Terma jamoamizga omad tilayman.

- Suriya bilan o‘yinlarda doim qiynalganmiz. So‘nggi 2ta rasmiy o‘yinda 1ta gol o‘yin taqdirini hal qilgan. Ertaga birinchi golni urib olsak marra biznikimi?

- Birinchi o‘yin, hissiyotlar bo‘lishi aniq. Lekin biz kuchliroqmiz. Futbolchilarimiz individual jihatdan Suriyaning istalgan futbolchisidan kuchli. His-tuyg‘ularni ikkinchi o‘ringa qo‘yib, xotirjam o‘ynashimiz kerak. O‘z imkoniyatlarimizni ishga solish lozim. Himoyada xato qilmaslik zarur. Suriya hech narsa qila olmaydi. Bu uchrashuvda bizni faqat g‘alaba qoniqtiradi, boshqacha bo‘lishi mumkinmas.

- Ko‘pchilik bu turnirni 2011 yil Qatardagi Osiyo Kubogi bilan solishtirmoqda...

- O‘sha musobaqadan takrorlanmas hissiyotlar qolgan. Men ko‘proq narsani istagandim. Sovrinli o‘rinlardan birini egallashimiz mumkin edi. Men bu safar medal kutyapman. Biz doim yaqin kelamiz. Lekin sovrin qo‘lga kirita olmaymiz. Menimcha Osiyoda sovrindor bo‘lishga haqlimiz. Yaponiya, Koreya, Avstraliya kabi raqiblarni yutish vaqti keldi.

- 2016 yil Suriya bilan o‘yindagi selfi tasodif edimi?

- Suriya bilan o‘yindan oldin Nodirxo‘ja mashg‘ulotimizga kelgan edi. U bilan hazil qilib gaplashdik va biror narsa o‘ylab ko‘rishimiz kerak, degan xulosaga keldik. Selfi qilishga kelishib oldik.  Nodirxo‘jaga: "Ertaga darvoza ortida tur, men gol uraman", - dedim (kuladi).


Muallif: Iskandarov Abdulaziz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aleksandr Geynrix: "Futbolchilarimiz individual jihatdan Suriyaning istalgan futbolchisidan kuchli"