Tojikiston bosh murabbiyi Petr Segrt: "Qatarga qarshi sensatsiya qayd etishga harakat qilamiz"
Tojikiston terma jamoasi bosh murabbiyi Petr Segrt va jamoa darvozaboni Rustam Yatimov Osiyo Kubogi ikkinchi turidan o‘rin olgan Qatarga qarshi o‘yindan oldin matbuot anjumanida qatnashishdi.
- Janob murabbiy, Qatarga qarshi o‘yin oldidan fikringiz qanday?
- Oldingi safar matbuot anjumanida barchaga qo‘l berib chiqqanimga OAV bunday reaksiya qilishini kutmagandim. Men uchun bu oddiy holat, har safar shunday qilib o‘rganganman. Biz barchani hurmat qilamiz. Tojikiston terma jamoasi Osiyo kubogida ekanidan baxtli. OAV vakillari ham bu yerda o‘z ishlarini qilishmoqda. Futbol insonlarni birlashtiradi. Eng muhimi shu. Ertaga Qatarga qarshi bor kuchimizni ishga solamiz. OFK va Qatar musobaqani mukammal tarzda o‘tkazishmoqda. Qatar aholisi bizga do‘stona munosabatda bo‘lyapti. Ertaga 90 daqiqaga barchasini unutib turamiz. Qatarga qarshi sensatsiya qayd etishga harakat qilamiz. Stadion to‘la bo‘ladi va ular katta ehtimol bilan bizga muxlislik qilishmaydi. O‘yin yakunida ba’zi muxlislar mehrini qozonish nasib qilar, balki.
- Rustam Yatimovning o‘yindan oldingi fikrlari qanday?
- O‘yinga kelsak, Qatar yaxshi shakllangan jamoa. Qog‘ozda ular kuchliroq ko‘rinishi mumkin, ammo maydonga tushgandan so‘ng imkoniyatlar teng bo‘ladi. Qiyin o‘yinga tayyorlanamiz va ijobiy natijaga umid qilamiz.
- Janob murabbiy, mamlakatim haqida iliq fikrlar bildirganingiz uchun rahmat. Sizda kuchli jamoa bor. Amaldagi Osiyo kubogi g‘olibi bo‘lgan Qatar terma jamoasiga qarshi o‘yinga qanday qarayapsiz?
- Javobni o‘zingiz berdingiz. Qatar amaldagi chempion. Sizlar uchun bu o‘yinda g‘alaba qozonish shart bo‘ladi. Biz uchun esa bir ochko ham yaxshi natija. Balki, katta sensatsiya qayd etarmiz. Biz o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatib, ochko qo‘lga kiritishga harakat qilamiz. Men uchun eng muhimi natija emas, biz qanday o‘yin ko‘rsatishimizdir. Xitoyga qarshi o‘zimizga katta ishonch bilan o‘ynadik. Ertaga muxlislar faktori Qatar tomonda bo‘ladi, ammo o‘yin oxirida biz hurmatga sazovor ekanimizni ko‘rsatamiz. Eng kamida bir ochko olishni maqsad qilganmiz.
- Birinchi o‘yinda Tojikiston tashabbusni qo‘lga oldi va raqib kuchli bo‘lishiga qaramay hujumlar tashkil etdi. Ertaga ham bu ishni takrorlashga harakat qilasizmi?
- Sizga rostini aytaman. Himoyaviy o‘ynash tojikistonlik insonlarning xarakteri emas. Har bir millatning o‘z xarakteri, mentaliteti bor. Qatarga qarshi ham o‘z futbolimizni ko‘rsatishga urinib ko‘ramiz. Qatar Xitoydan ancha kuchliroq. Ertaga biz o‘z o‘yinimizni ko‘rsatamiz. Maqsad - chiroyli futbol o‘ynash. Mabodo Qatar tezkor gol kirita olmasa, ularning o‘yinga yondashuvini ko‘rish qiziq bo‘ladi. Guruhdagi barcha jamoalarni hurmat qilamiz, ammo ular ham bizni hurmat qilishlari kerak.
- Rustam, Xitoyga qarshi o‘yinda gol o‘tkazmadingiz va jamoang durang qayd etdi. Bu natijadan so‘ng jamoa ruhiyati qanday o‘zgardi?
- Ijobiy natijalardan keyin qayta tiklanish jarayoni juda oson kechadi. Hamma yaxshi kayfiyatda bo‘ladi. Shu sabab ham yaxshi kayfiyatda o‘yinga tayyorlanyapmiz.
- Janob murabbiy, Akrom Afif kabi o‘yinchilarga qarshi qanday harakat qilishni rejalashtirgansiz?
- Afif juda zo‘r o‘yinchi. Uning xarakteri menga juda yoqadi. Qiyin bo‘ladi, ammo Akrom Afifga qarshi o‘ynashni yigitlarim uddalashadi deb o‘ylayman. Afif 100% Yevropada o‘ynashi mumkin bo‘lgan futbolchi hisoblanadi. To‘g‘risi, men Qatarga ko‘p ahamiyat bermayapman. Agar ularga ko‘proq e’tibor berib yuborsam, menda bosh og‘riq ko‘payadi. Chunki ularda juda ko‘p yaxshi o‘yinchilar bor. Shu sabab ham o‘zimdagi o‘yinchilarga bor e’tiborimni qarataman.
- Oxirgi o‘yinda juda yaxshi harakat qildingiz. Yagona kamchilik bu gol kirita olmaganingiz bo‘ldi. Keyingi o‘yinda shu masala bo‘yicha biror yechimingiz bormi?
- Albatta, menda reja bor, ammo buni hozir ayta olmayman. Xitoyga qarshi o‘yin natijasidan unchalik ham qoniqmadim. Ochko olganimiz yaxshi, ammo 2:2 yoki 3:3 hisobi yaxshiroq bo‘lardi. Men gol xohlagandim. Balki, Tojikiston tarixidagi birinchi golni Qatar terma jamoasiga qarshi kiritarmiz. Kim buni ilojsiz deya oladi? Bizda doim orzular bo‘lishi kerak. Hayotimizdagi barcha katta ishlar kichik orzulardan boshlangan. Bizning hozirgi orzumiz - keyingi bosqichga chiqish. Ertaga Qatarga qarshi Osiyo kuboklari tarixidagi birinchi golimizni urish va sensatsiya qayd etishni maqsad qilganmiz. Qolganiga, darvozabonimiz javobgar. Gol o‘tkazmasak, biz g‘alaba qozonamiz.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring