Xorijlik futbol ekspertlari, mutaxassislar, murabbiylar, bir so‘z bilan aytganda futbol jamoatchiligi Qatar mezbonlik qilayotgan Osiyo kubogini sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda. Qitt’a va jahon chempionatlari yangi nomlar, hali keng jamoatchilik nazariga tushmagan iste’dod egalarin kashf qilib berishi bilan ahamiyatli.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes Osiyo kubogiga bir necha yosh o‘yinchilarni ham jalb qilgan. “V” guruhida Hindiston va O‘zbekiston milliy terma jamoalarining o‘zaro uchrashuvidan keyin dunyoning turli mamlakatlaridagi futbol manbalari ushbu uchrashuv va unda o‘zini ko‘rsatgan o‘yinchilar haqida o‘z fikr-mulohaza va tahlillari bilan o‘rtoqlashmoqda.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga jahon matbuotida O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yini va futbolchilari haqidagi fikr-mulohazalar va ma’lumotlarni keltiradi.
Mo‘g‘ulistonning news.mn sayti:
Abbosbek Fayzullayev – Osiyoning yangi yulduzi, u o‘zbek futbolining kelajagini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston futboli keyingi yillarda rivojlanish jihatidan Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya, Qatar bilan raqobatlashish darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, bu mamlakatning o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari nafaqat qit’ada, balki jahonda ham eng kuchlilaridan biri sifatida tan olinmoqda. Bunga 17 yoshgacha bo‘lgan o‘zbek futbolchilarining jahon chempionatida Angliyani yutgani, Ispani bilan durangga erishgani, Fransiyaga kichik hisobda yutqazsa-da, ular bilan tengma-teng o‘ynab, shov-shuvlarga sabab bo‘lganini misol qilish mumkin.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa, Osiyo kubogidagi ikkinchi uchrashuvida Hindistonni 3:0 hisobida yengdi. Bu bahsda Abbosbek Fayzullayev porladi. U hisobni ochishdan tashqari, jamoasining ikkinchi golida ham ishtirok etdi.
Abbosbek Fayzullayev – 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining g zo‘r o‘yinchisi. 20 yoshli hujumkor futbolchi Qatarda ham eng yorqin o‘yin namoyish qila oladigan yulduzga aylanishiga shubha yo‘q.
Bundan tashqari, O‘zbekiston milliy terma jamoasida 19 yoshli markaziy himoyachi Abduqodir Husanov ham bor. Bu himoyachi qisqa fursatda Fransiyaning “Lans” jamoasida asosiy tarkibga kira oldi. Bu futbolchilar bir qator klublar e’tiborini o‘ziga qaratib kelyapti.
O‘zbeklarning asosiy yulduzi – Eldor Shomurodov yo‘qligiga qaramay, iste’dodli yoshlar Osiyo chempionatida uning yo‘qligini bildirmay, bosh sovrin sari dadil odimlamoqda.
Fransiyaning lensois.com sayti:
Srechko Katanes boshqaruvidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi doirasida Hindistonni osongina tor-mor etdi.
Fransiya chempionati ishtirokchisi “Lans” vakili Abduqodir Husanov terma jamoa safida yana bir yorqin o‘yinini o‘tkazdi. Husanov ancha xotirjam to‘p tepdi va o‘zi qatnashgan 53 ta vaziyatda bexato harakat qildi.
O‘zbekiston ketma-ket ikkita uchrashuvda o‘z darvoo‘zasi daxlsizligini saqlab qoldi. Uchinchi tur oldidan ochkolari sonini to‘rtta yetkazgan o‘zbeklar keyingi bosqichga chiqish uchun juda yaxshi imkoniyat hosil qilgan.
Osiyo futbol kenfederatsiyasining the-afc.com sayti:
Srechko Katanes bosh murabbiylik qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi juda yaxshi taassurot uyg‘otmoqda. Hindiston bilan kechgan o‘yinda bu jamoa SSKA vakili Abbosbek Fayzullayevning harakatlari evaziga tezkor gol kiritishni uddaladi.
20 yoshli futbolchi raqiblar o‘yinchisi Raxula Bekening xatosidan unumli foydalanib, to‘pni jarima maydonchasiga uzatib berdi. Himoyada yuzaga kelgan sarosimadan Igor Sergeyev ustalik bilan chiqdi – 2:0.
Sherzod Nasrullayev birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda sovuqqonlik bilan zarba berdi va hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
Endi hindistonliklar musobaqadagi ishtirokini davom ettirish uchun so‘nggi turda Suriyani mag‘lub etishi shart.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring