Moskvaning SSKA klubi chempionatning ikkinchi qismiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. “Armiyachilar” qishki tanaffusga 8-o‘rinda chiqqani ko‘pchilikni hayron qoldirdi.
Bosh murabbiy Vladimir Fedotov bundan buyon vaziyatni o‘nglashga harakat qiladi. Ayni paytda SSKA futbolchilari qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazmoqda. Seleksiya bo‘limi esa, jamoaning ayrim pozitsiyalariga yangi ijrochilarni topish bilan band.
Yozda “armiyachilar” uchta transferni amalga oshirib, tarkibga o‘zbekistonlik hujumkor futbolchi Abbosbek Fayzullayev, chililik markaziy hujumchi Viktor Davila hamda braziliyalik o‘ng qanot himoyachisi Kellvenni qo‘shib olgan edi.
Bu transferlar omadli chiqdi. Yangi o‘yinchilarning uchalasi asosiy tarkibda muntazam o‘ynamoqda. Fayzullayev Premer-ligada 13 ta uchrashuvda ikkita gol va oltita assist muallifi bo‘ldi.
Davila chempionatda 11 ta o‘yinda qatnashib, raqiblar darvozasini uch marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshiga bitta golli pas uzatdi.
Kellven o‘ng qanotni to‘liq o‘ziniki qilib oldi. Braziliyalik futbolchi Premer-ligada 12 ta o‘yinda bitta gol va ikkita assist muallifi bo‘ldi.
Hozir SSKAning qishki yig‘inlarida ikki nafar futbolchi qatnashmayapti. Bular o‘z mamlakati terma jamoalariga chaqirtirilgan Abbosbek Fayzullayev va Kellven. Bu holat “armiyachilar”ning bahorda boshlanadigan o‘yinlariga ta’sir qilishi mumkin. Ayniqsa, Abbosbek Fayzullayev SSKAning barcha hujumchilarini tashkil qiladigan asosiy figura sanaladi va jamoaning o‘yini ko‘proq legionerimizga bog‘liq bo‘lib qolganini aksariyat mutaxassislar ham ochiqchasiga tan olmoqda.
Jurnalistlar SSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotovdan terma jamoalarga chaqirtirilgan o‘yinchilar haqida fikr so‘radi.
— Kellven va Fayzullayev hozir o‘z mamlakatlari terma jamoalari ixtiyorida. Ular qaytganidan keyin qancha muddatga ta’til berasiz?
— Eng avvalo, bu futbolchilar safimizga qaytganida, terma jamoada qanday yuklamalarga duch kelganini aniqlab olishimiz talab etiladi.
Abbosbek Fayzullayev Qatardagi Osiyo kubogi musobaqasida o‘zini ko‘rsatmoqda. Yaqinda u raqib darvozasiga gol ham urdi.
— Abbos boshi bilan gol urgani sizni hayratga solmadimi?
— Fayzullayev yuqoridagi to‘p uchun kurashda g‘olib chiqqani yo‘q-ku. U kerakli paytda, kerakli joyda paydo bo‘ldi va aniq ko‘rib turib zarba berdi. Bu yerda biz o‘yinni anglash va qulay vaziyatni aniq his qilish haqida gapirishimiz kerak. O‘sha jarayonda u kerakli joyga chiqdi, boshqa yerga ketgani yo‘q.
Umuman olganda, biz ham yig‘inlar davomida futbolchilarda ana shu xususiyatlarni rivojlantirish, jamoaviy o‘yinni yo‘lga qo‘yish va bir-birini ko‘zini yumgan holatda ham his qila olishni shakllantirishni maqsad qilganmiz.
Rossiya Premer-ligasi 1 mart kuni davom ettiriladi. SSKA futbolchilari yangi yildagi ilk rasmiy uchrashuvda “Orenburg” jamoasini qabul qiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring