Qatardagi Osiyo kubogi doirasidagi eng qiziqarli uchrashuvlardan biri Avstraliya va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasida bo‘lishi kutilmoqda.
Avstraliyaliklar Osiyo futbol konfederatsiyasiga 2006 yili qo‘shilganidan buyon qit’a chempionatlarida oltinchi marotaba ishtirok etmoqda. Shu paytga qadar ular 2011 yili Qatardagi Osiyo kubogida kumush, 2015 yili o‘z yurtidagi turnirda oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Avstraliya terma jamoasi Osiyo kubogi guruh bosqichlarida o‘zlariga yoqmayotgan bir an’anaga chek qo‘ymoqchi. Bu mamlakat futbolchilari shu paytga qadar biror marotaba musobaqaning guruh bosqichini yuz foizlik natija bilan yakunlay olmagan.
Raqib jamoa futbolchilarida O‘zbekistonga qarshi bo‘ladigan uchrashuvda ana shu holatga chek qo‘yish va tarixni yangilash rejasi bor.
Qolaversa, Avstraliya terma jamoasi hujumchisi Jekson Irvin ketma-ket ikkita uchrashuvda gol urdi. Bungacha uning golsiz seriyasi beshta o‘yinni tashkil qilgan edi. Irvin Osiyo kubogida qatorasiga uchta bahsda to‘p kiritgan birinchi avstraliyalik futbolchiga aylanmoqchi. Buning uchun u O‘tkir Yusupov darvozasiga yo‘l topishi talab etiladi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham guruh bosqichini sensatsion natija bilan yakunlashi uchun imkoniyat etarli. Futbolchilarimiz hali hech qachon Avstraliya terma jamoasi ustidan g‘alaba qozona olmagan. Shu paytga qadar bu jamoalar rasmiy to‘rtta uchrashuv o‘tkazgan. Dastlabki uchtasida raqib qo‘li baland kelgan va so‘nggi bahsda hisob ochilmagan. Demak, O‘zbekiston bo‘lajak to‘qnashuvda g‘alaba qozonsa, buni shov-shuvli natija sifatida qabul qilish mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, futbolchilarimiz to‘rtta uchrashuvda biror marotaba avstraliyalik darvozasini ishg‘ol qila olmagan. Bu gal ana shu noxush an’anaga ham barham berilishiga umid qilamiz.
Sports.uz portali muxlislar e’tiboriga Avstraliya va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘yiniga oid qiziqarli ma’lumotlar va faktlarni havola etadi.
- Qatardagi bu galgi Osiyo kubogida Avstraliya va O‘zbekiston dastlabki ikki uchrashuvda uchtadan gol urib, o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
- Avstraliya terma jamoasi oxirgi oltita uchrashuvni g‘alaba bilan yakunladi.
- O‘zbekiston terma jamoasining mag‘lubiyatsiz seriyasi sakkizta uchrashuvni tashkil etmoqda. Ulardan beshtasida g‘alaba qayd etilgan.
- Avstraliya to‘rtta o‘yinda O‘zbekiston darvozasiga 9 ta to‘p kiritgan. O‘zbeklar hali javob qaytargani yo‘q.
- Avstraliya oltita uchrashuvdan beri gol o‘tkazmayapti.
- O‘zbekistonning “quruq seriyasi” uchta o‘yinga etdi.
- Avstraliya terma jamoasi safida Afrika, Evropa va Janubiy Amerikada tug‘ilgan futbolchilar o‘ynaydi.
- Avstraliya terma jamoasi a’zolari to‘qqizta mamlakat ligalaridan jamlangan.
- Avstraliya va O‘zbekiston bahsida har ikki terma jamoaning etakchi hujumchilari – Mitch Dyuk va Eldor Shomurodov jarohat tufayli qatnashmaydi.
“B” guruhining uchinchi turidan o‘rin olgan Avstraliya – O‘zbekiston va Suriya – Hindiston uchrashuvlari 23 yanvar kuni bir xil paytda – Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da boshlanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring