22:00 / 24.01.2024
423

Masharipov Saudiya nashriga "An-Nasr", Ronaldu va Saudiya terma jamoasi haqida nimalar dedi?

Masharipov Saudiya nashriga "An-Nasr", Ronaldu va Saudiya terma jamoasi haqida nimalar dedi?

Yozgi transferlar oynasida "An-Nasr" bilan xayrlashib, erkin agentga aylangan Jaloliddin Masharipov faoliyatini "Panserraikos"da davom ettirishga qaror qilgandi. Futbolchi "Sport 360 Saudi" nashriga "An-Nasr", Ronaldu va Saudiya terma jamoasi haqida katta intervyu berdi.

Dastlab, futbolchimizga Osiyo kubogidagi ishtirok borasida savol berildi. Shuningdek, Masharipov Saudiya bilan pley-offda uchrashib qolishimiz borasidagi savolga ham javob berib o‘tdi.

"Yaxshi niyatda kelganmiz. Qo‘ldan kelgancha uzoqroqqa borishga harakat qilamiz. Hozir bizda yaxshi futbolchilar yig‘ilgan va maqsadlar katta. Saudiya terma jamoasining uchrashuvlarini ko‘rdim. Tarkibdagi o‘yinchilarning ko‘pi klublarida asosiy tarkibda o‘ynayvermaydi. Menimcha, bu doimo muammo bo‘lib kelgan.

Saudiyani hurmat qilaman, lekin imkoniyatlarini yuqori baholamayman. Agar pley-offda to‘qnash kelib qolsak, xursand bo‘laman. Yutganmiz, yutqazganmiz. Saudiyada o‘ynab yurgan paytimda ham futbolchilar O‘zbekiston terma jamoasi doimo bizga qarshi yaxshi qarshilik ko‘rsatadi, deb aytardi. Hozir bir-birimizga qarshi maydonga tushsak, mag‘lub bo‘lamiz, deb o‘ylamayman".

Keyingi savollar "An-Nasr" haqida bo‘ldi. Uning terma jamoada 10, riyodliklar safida esa 7-raqamda harakatlanganini sababini so‘rashdi. 

"Men o‘zi yoshligimdan 10-raqamda o‘ynaganman. Legionerga aylanganimdan keyin "Shabab Al-Ahli"da ham 7, "An-Nasr"da ham 7-raqam tushib qoldi. Ronaldu keldi, ikkita 7 qildim. Bir kun klubdagilar meni oldiga chaqirdi va muhim futbolchi kelayotganini aytishdi. Bu Ronaldu ekanligini bilardim. 5 ta "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritgan futbolchiga bermasam, kimga beraman bu raqamni".

"Ronaldu kelganida hamma xursand edi. Boshqacha atmosfera, seni butun dunyo ko‘radi. Boshida hech kim ishonmadi, lekin kelganidan keyin hammaning hayotida katta mo‘jiza ro‘y bergandek edi".

Shuningdek, terma jamoamizning ayni paytdagi sardori Ronaldu uning asosiy tarkibda o‘ynashini murabbiydan so‘raganini aytib berdi.

"Al-Fotih"ga qarshi o‘yinda zahiradan maydonga tushib, penalti ishladim va uni Ronaldu golga aylantirdi. Uchrashuvdan keyin u mening yonimga kelib, nimaga asosiy tarkibda o‘ynamading, deb so‘ragandi. Men esa endi jarohatdan qaytganligimni aytdim. Keyin Ronaldu to‘g‘ri Rudi Garsiyani oldiga borib, "Masharipovni asosiy tarkibga qo‘yish kerak, mana 15 daqiqaga tushib, o‘yinni o‘zgartirdi", degandi. Keyingi uchrashuvda men boshlang‘ich tarkibga kiritildim. Yana penalti ishladim, Ronaldu 4 ta gol urdi. Menimcha, Krishtianu meni hurmat qilardi, men ham uni qattiq hurmat qilaman".

Masharipov klubning transfer siyosatiga ham to‘xtalib o‘tdi.

"An-Nasr"ning hamma transferi ham yaxshi bo‘lavermaydi. "Al-Hilol" esa kerakli pozitsiyaga jamoaviy o‘ynaydigan, sifatli futbolchilarni oladi. "An-Nasr" bo‘lsa faqatgina nomga qarab qo‘yadi, bo‘ldi. Klubga olib kelingan o‘yinchilar orasida Ronaldu pulini, nomini ham oqlab turibdi. Shuningdek, Ospina ham yaxshi.

U yerdagi legionerlarning bittasini o‘yini yaxshi bo‘lsa, boshqasini xarakteri yaxshi emas. Ronalduda ikkalasi ham zo‘r. To‘g‘ri, u haqida ko‘p gapiryapman, chunki Krishtianu shunga loyiq odam. U bilan ovqatlanib ko‘rganman, maydonda birga harakatlanganman. Ronaldudan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi".


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Masharipov Saudiya nashriga "An-Nasr", Ronaldu va Saudiya terma jamoasi haqida nimalar dedi?