Bugun O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov professional futbol klublari vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.
Kun tartibiga ko‘ra, o‘tgan mavsum yakunlari va yangi mavsum rejalari ko‘rib chiqildi, klublarning faoliyati, ifratuzilmasi va moliyaviy hisobotlari aniq raqamlar asosida tahlil qilindi.
Mablag‘larni klublar rivoji uchun maqsadli sarflash, legionarlarni jalb qilishda ularning darajasini tahlil qilish, akademiya, ayollar futboli, futzal va infratuzilmaga e’tibor qaratish borasida talablar qo‘yildi. Hakamlarning halol ishlashi, hakamlik sifatini oshirish, VAR tizimini takomillashtirishga e’tibor qaratildi. Kelishilgan o‘yinlarga qarshi keskin va ayovsiz kurash jadallik bilan davom ettirilishi ma’lum qilindi.
Mas’ullarga transferlar jarayonini nazorat qilish zarurligi ta’kidlandi. Yosh futbolchilarga ko‘proq o‘yin amaliyoti berish va ularning klubda tajribasini oshirib borish muhimligi aytildi.
"Biz U-20, U-23 Osiyo chempionatlari kabi nufuzli turnirlarga mezbonlik qilmaganimizda bir qator yosh futbolchilarimiz kuchli ligalarga, katta klublarga transfer qilinmagan bo‘lardi. Klublarda ham iste’dodlarga muntazam ishonch bildirish zarur. Ularda ishtiyoq va intilish yuqori darajada", – dedi Abdusalom Abdumavlonovich.
Yig‘ilishda O‘FA rahbariyati tomonidan klublardagi mavjud muammolar tinglandi. Ushbu muammolar yechimida jamoalarga kerakli yordam ko‘rsatilishi ma’lum qilindi. Klublar terma jamoalar bilan hamjihat ishlagan holda, iste’dodli futbolchilarni tarbiyalashi ustuvor vazifa etib belgilandi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring