06:48 / 04.02.2024
463

Raneri Shomurodov qachon maydonga qaytishini aytdi

Raneri Shomurodov qachon maydonga qaytishini aytdi
Dekabr oyida o‘ng oyoq barmog‘ini sindirib olgan Eldor Shomurodov bu jarohatdan tezroq qutilish uchun jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan edi. O‘shanda shifokorlar 28 yoshli futbolchi mashg‘ulotlarga qaytishi uchun ikki oy atrofida vaqt kerak bo‘lishini ta’kidlagandi.

Kuni kecha Eldor Shomurodov individual mashg‘ulotlarga kirishgani e’lon qilindi. Ayni paytda ko‘pchilikni legionerimiz qachon maydonga qaytishi qiziqtirmoqda.

A Seriyadagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan “Kalyari” tarkib masalasida qiyinchiliklarni bartaraf eta olgani yo‘q. Xavfli hududga tushib qolgan sardiniyaliklar navbatdagi turda Rim shahrida “Roma” mehmoni bo‘ladi.

Bu uchrashuv Eldor Shomurodov uchun ham prinsipial bahs hisoblanadi. Chunki hujumchi aslida “Roma”ga tegishli va “Kalyari”da ijara asosida to‘p tepmoqda.

“Kalyari” bosh murabbiyi Klaudio Raneri “Roma” bilan bo‘ladigan uchrashuvga bag‘ishlangan matbuot anjumanida klubdagi vaziyat, shuningdek, Eldor Shomurodov haqida ham so‘nggi xabarlarni aytib o‘tdi.

- Qishki transferlar davrida bir necha o‘yinchilarni qo‘yb yubordik va ularning o‘rnini to‘ldirish uchun Yerri Mina va Janluka Gaetanoni oldik. Biz Minani mavsum boshida o‘z jamoamizda ko‘rishni istagan edik. “Napoli” murabbiyi Spalletti o‘tgan yili uni o‘z jamoasiga taklif qilganida juda yuqori baho bergan edi. “Fiorentina”dan olingan Gaetano hujum qilishni yaxshi ko‘radigan sifatli futbolchi, - dedi Klaudio Raneri.

Sardiniyaliklar bir necha hujumkor futbolchi jarohat olib uzoq muddatlarga safdan chiqqani uchun yanvarda forvard olishni rejalashtirgan va bir necha nomzodlarni ko‘zlagan edi. Amalda bu rejalarni ro‘yobga chiqarishning imkoni bo‘lmadi.

Qishki transferlar vaqtida Eldor Shomurodov ham boshqa klubga o‘tishga harakat qilib ko‘rdi. “Jenoa”, “Empoli”, “Salernitana” va bir necha turk klublari nishonida bo‘lgan legionerimiz o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish maqsadida Sardiniyani tark etmoqchi bo‘lgandi.

Shomurodov muntazam o‘ynatishga tayyor bo‘lgan “Salernitana”ga o‘tishga rozilik bergani, bu klub “Roma” bilan transfer bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida ma’lumotlar tarqatildi.

Italiya futbolini yoritib borayotgan manbalar so‘nggi pallada Klaudio Raneri Eldor Shomurodovni olib qolishga qaror qilgani bu transferning amalga oshishiga to‘sqinlik qilganini yozdi.

“Roma”ga qarshi o‘yin oldidan jurnalistlar o‘zbek futbolchisining ahvoli va qachon maydonga qaytishi haqida ham so‘radi.

- Hozircha Shomurodov tarkibda emas. Og‘ir jarohat tufayli uzoq muddatga safdan chiqqan Eldor Shomurodov va Gaetana Oristanio maydonga tushishiga yana bir oy atrofida vaqt bor. Hozir ularning salomatligini xavf ostiga qo‘ya olmaymiz. Ularsiz qiyin bo‘ladi, lekin biz vaziyatdan chiqib ketishimizga ishonaman. Har ikki o‘yinchi maydonga qaytishidan oldin tibbiyot xodimlarining ijobiy xulosasini olishimiz kerak, - dedi Klaudio Raneri.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov o‘tgan yoz “Kalyari” safiga ko‘chib o‘tganidan beri A Seriya va Italiya kubogida jami 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, jamoadoshlariga ikkita golli pas uzatgan edi. Endi hamyurtimiz joriy mavsumni “Kalyari” safida yakunlab qo‘yadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Raneri Shomurodov qachon maydonga qaytishini aytdi