11:32 / 05.02.2024
1 461

Makka shahriga kelin bo‘lgan Sug‘diyona Azimova: “Bunday go‘zal baxtni kutmagan edim”

Makka shahriga kelin bo‘lgan Sug‘diyona Azimova: “Bunday go‘zal baxtni kutmagan edim”
Foto: Instagram
“Qaysarginam” filmi bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa va stilist Sug‘diyona Azimova Instagram sahifasiga Umra safariga borganda bir inson bilan tanishib, oila qurgani haqida post joylagandi. “Daryo” muxbiri Nargiza Murodova Makka shahrida yashayotgan Sug‘diyona Azimova bilan bog‘landi va muxlislarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldi.

— Sug‘diyona, ayni kunlarda nimalar bilan bandsiz? Kundalik hayotingiz va hozirgi qiziqishlaringiz haqida ma’lumot bera olasizmi?
— Allohga hamdlar bo‘lsin, barcha musulmonlarning orzusi bo‘lgan Makka shahrida ibodat bilan mashg‘ulmiz. Bu shahar menga yangilik bo‘lgani uchun uni o‘rganish bilan bandman. Qolaversa, umra ziyoratchilariga ko‘maklashuvchi xizmatni yo‘lga qo‘yganmiz. Bundan ko‘zlangan maqsad yurtdoshlarimiz ibodatida hamrohlik qilib Alloh rizoligini qozonish.

— Xorijga turmushga chiqish va o‘sha yerda yashash avvaldan rejangizda bormidi?
— Payg‘ambarimiz aytganlaridek: “Qalamlar ko‘tarilgan va sahifalar qurigan”. Qadarimizning eng go‘zal sahifasi.

— Hammasi tasodifan va kutilmaganda bo‘ldi deya olasizmi? Umuman turmush o‘rtog‘ingiz bilan qanday tanishdingiz?
— Inson o‘z janozasi qachonligini bilmaganidek, men ham uzoq kutilgan lekin bu qadar chiroyli orzu-havasli darajasidagi turmushni kutmagandim. Alloh sabr qiluvchilarni yaxshi ko‘radi. Shunday ekan Alloh o‘z uyida meni suygan bandasiga omonat qilib berdi. Hammasi kutilmaganda sodir bo‘ldi.

Foto: Instagram
— “Qaysarginam 3” filmi ssenariysi tayyor bo‘lgan ekan, yana san’atni davom ettirishingiz mumkinmi?
— Har bir holat o‘z vaqtida chiroyli bo‘lgani yaxshi. Endi hayotim faqat oilam uchun.

— Oila qurgach dunyoqarashingiz qanchalik o‘zgardi?
— O‘zgargani yo‘q, shunchaki oilaliman va boshimda xo‘jayinim bor!

— Masalan menga, dunyoqarashingiz o‘zgargani yaqqol sezildi, avvalgi hayotingizni eslaganda nimalardan afsuslanyapsiz?
— Afsuslanadigan ish ham qilmaganman va avvalgi hayotimni eslamayman. Qadarimga roziman, gunohlarim uchun tavbadaman.

Foto: Instagram
— Turmush o‘rtog‘ingiz san’atingizga qanday munosabat bildirdi, suratga tushgan filmlaringizni ko‘rdilarmi?
— U inson munosabat bildirmasidan avval qat’iy qarorga kelganman. Qarorimga turmush o‘rtog‘im hurmat bilan qaraydi.

— Inson bir muhitdan boshqasiga tushganda depressiya, hech bo‘lmaganda, o‘zidan ko‘ngli to‘lmaslik holatlari kuzatilishi mumkin. Buni qanday yengyapsiz?
— Savolingiz meni juda hayron qoldirdi?! Menimcha, Makkada yashab depressiyaga tushish mumkin emas.

— Arab ayollaridan nimalarni o‘rgandingiz?
— Bu mamlakatda turli xil millatdagi muslimalar bor. To‘g‘risini aytaman, o‘rganadigan hamma narsalar o‘zimizning o‘zbek ayollarimizda mujassam. Ibo, hayo, odob-axloq, go‘zal tarbiya, ilm va hokazo.

— Toshkentga qaytish niyatingiz bormi? Umuman kelajagingizni qanday tasavvur etyapsiz, kasb nuqtayi nazaridan ham?
— Ha albatta, Vatanni sevmoq iymondandir. Ammo, ma’lum muddat shu yerda qolmoqchiman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Makka shahriga kelin bo‘lgan Sug‘diyona Azimova: “Bunday go‘zal baxtni kutmagan edim”