21:45 / 23.02.2024
207

O‘zbek boks yulduzlari Frensis Ngannu-Entoni Joshua jangidan sensatsiya kutmoqdami?

O‘zbek boks yulduzlari Frensis Ngannu-Entoni Joshua jangidan sensatsiya kutmoqdami?
Xabaringiz bor, 8 mart kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida katta professional boks kechasi tashkil etiladi. Ushbu oqshomning markaziy jangida sobiq UFC chempioni Frensis Ngannu britaniyalik sobiq WBA, WBO, IBF chempioni Entoni Joshuaga qarshi ringga ko‘tariladi. Ma’lumki, Ngannu professional boksdagi faoliyatini ham boshlab olgan va debyut jangida Tayson Fyuriga ochkolar hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Xullas, biz ushbu jang borasida o‘zbek boks olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.

G‘ayrat Ahmedov – sobiq bokschi
- To‘g‘risi, bu jangda sensatsiya bo‘lishi mumkin. Chunki, Ngannuda juda kuchli zarba bor. Joshuaning jag‘i baquvvat emas. Zarba ko‘tara olmaydi. Agar, Joshua 3-4 raundgacha jang taqdirini hal qilmasa, qolgan raundlar uning zarariga ishlaydi.

Iqboljon Xoldorov - bokschi
- Endi, biz bokschimiz, Joshuaga muxlislik qilamiz. U g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman. Chunki ular boks tushyaptiku. Bu jang to‘liq davom etadi, deb o‘ylamayman. Muddatidan avval yakunlanadi. Joshuada ham imkoniyat yo‘q demoqchimasman. Biroq baribir Joshua unga qaraganda mukammalroq boks tushadi.

Abdumalik Halokov – bokschi
- Bu jang haqida gapiradigan bo‘lsak, juda qiziq bahsni guvohiga aylanamiz. Ngannuda ham yaxshigina boks ko‘nikmalari bor. Qolaversa, kuchli zarbaga ega. Ammo u baribir sof bokschiga qarshi ringga ko‘tarilyapti. Joshua sobiq chempion. Shunday bo‘lsa-da, jang to‘liq davom etadi, degan fikrdaman. Yakunda, Joshua g‘alaba qozonadi.

Lazizbek Mullajonov – bokschi
- Bu jangni barcha kutayotganligi aniq. O‘ylaymanki, ular ishtirokidagi to‘qnashuv muxlislarni zeriktirib qo‘ymasa kerak. Fyuri bilan jangda Ngannu yaxshi taassurot qoldirdi. Biroq Joshua bu jangga jiddiy qaramoqda va u g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman. Imkoniyatlarni 70/30 degan bo‘lardim.

Hasanboy Do‘smatov – bokschi
- Frensis Ngannuni Tayson Fyuri bilan jangdan so‘ng, boksdagi imkoniyatlariga yuqori baho berilyapti. Ammo Fyuri bu jangga u qadar yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandi, deb ayta olmayman. U Ngannuni mensimadi, oson g‘alabani ko‘zlagandi. Shuning uchun u qiynaldi. Joshua esa bu jangga jiddiy hozirlik ko‘rdi. Joshua "bitta o‘q bilan ikkita quyonni uradi". Ya’ni, u Usikdan keyingi mag‘lubiyatlarni ushbu shov-shuvli jang bilan yopib ketadi va Tayson Fyuri zo‘rg‘a yutgan Ngannuni muddatidan avval taslim etib, Fyurini chorlovlariga o‘ziga xos javob beradi. Jang muddatidan avval yakunlanadi. 100 emas, 150% Joshua yutadi.

Bahodir Jalolov – bokschi
- Bu jang haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, Entoni Joshua g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman. Joshua ham “pancher” bokschilardan sanaladi. Ikki jismoniy imkoniyatlari bir-biriga o‘xshash raqiblarning bahsi desak, yanglishmagan bo‘laman. Biroq, Joshuada boks maktabi va qobiliyati yaxshi shakllanganligi evaziga g‘alabani qo‘lga kiritadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek boks yulduzlari Frensis Ngannu-Entoni Joshua jangidan sensatsiya kutmoqdami?