00:00 / 29.02.2024
641

Eldor Shomurodov muhim taklif kutyapti

Eldor Shomurodov muhim taklif kutyapti
Italiya A Seriyasi qizg‘in pallaga kirdi. Chempionlik uchun kurashda “Inter” bitta o‘yin kam o‘tkazgan holda eng yaqin ta’qibchisi “Yuventus”dan to‘qqiz ochkoga o‘zib ketgan va katta ehtimol bilan Simone Indzage shogirdlari bu ustunlikni hech kimga berib qo‘ymasa kerak. Milanliklar ko‘rsatayotgan o‘yin sifati ham, qayd etilayotgan natijalar ham shundan dalolat bermoqda.

Biroq yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan jamoalar orasidagi raqobat esa, tobora qizib bormoqda.

Hatto, 13-pog‘onada borayotgan “Empoli” ham o‘zini xavfsiz his qila olmaydi. Chunki xavfli zona vakillari bilan oradagi farq atigi besh ochkoni tashkil qiladi.

“Empoli” bahorning ilk uchrashuvida “Kalyari”ni qabul qiladi. Sardiniyaliklar 20 ochko bilan 19-o‘rinda boryapti. Shu bois, bo‘lajak bahs ligada qolish uchun kurashayotgan har ikki jamoaning imkoniyatlariga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.

“Kalyari”da tarkib bilan bog‘liq muammolar bor. Ma’lumotlarga qaraganda, Leonardo Pavoletti, Marko Mankosu, Pantelis Xatsidiakos Toskaniyadagi uchrashuvda Klaudio Raneriga yordam bera olmaydi. Jarohatidan endi qutilgan Zito Luvumbo ham faqat individual tarzda shug‘ullanmoqda va maydonga tushishga tayyor emas.

L'Unione Sarda nashrining yozishicha, “Kalyari” murabbiylar shtabi “Empoli” bilan bo‘ladigan prinsipial o‘yinga tarkib tanlash borasida bosh qotirmoqda.

O‘zbek hujumchisi Eldor Shomurodov “Empoli”ga qarshi bo‘ladigan uchrashuv oldidan o‘yinda ishtirok etish uchun murabbiylar shtabidan taklif kutyapti. “Roma”dan kelgan bu hujumchi bo‘lajak bahsda tarkibdan joy olishining ehtimoli katta.

28 yoshli forvard mavsumning qolgan qismida sezilarli o‘zgarishlar qilishni rejalashtirgani aniq. Chunki Shomurodov hozircha joriy mavsumdagi gollari hisobini ocha olgani yo‘q, - deb yozdi italiyalik jurnalist Eliya ​​Serra.

Aslida Eldor Shomurodov dekabr oyining boshida olgan jarohatidan bir necha kun avval to‘liq forig‘ bo‘lgandi. Tajribali hujumchi umumiy guruh mashg‘ulotlariga endigina qo‘shilgani bois, murabbiylar shtabi uni avvalgi turda “Napoli” bilan bo‘lgan va 1:1 hisobida yakunlangan o‘yin qaydnomasiga kiritmagan edi.

“Kalyari” bosh murabbiyi Klaudio Raneri hali Eldor Shomurodovning o‘yini ochilib ketishidan umidini uzgani yo‘q.

Qishki transferlar davrida A Seriya autsayderi “Salernitana” jarohatda bo‘lishiga qaramay, Eldor Shomurodovni olishga uringan edi. Salernoliklar “Roma”ga aloqaga chiqib, “Kalyari”da yetarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan o‘zbek hujumchisini mavsum oxirigacha ijaraga olishni taklif qildi.

Bunga “Roma” ham, ko‘proq maydonga tushish istagida bo‘lgan legionerimizning o‘zi ham rozi bo‘lgani haqida ma’lumotlar tarqatdi. O‘sha paytda “Kalyari” rahbariyati yangi hujumchi olish uchun o‘yinchilardan biridan voz kechmoqchi bo‘lgandi. Ketishi mumkin bo‘lganlar orasida Eldorning nomi ham ko‘rsatilgandi.

Biroq, sardiniyaliklar yangi forvard topa olamadi, Klaudio Raneri esa, Eldor Shomurodovdan voz kechishni istamadi va uni jamoada olib qoldi. Endi tajribali murabbik hujumchimizga imkon berishi kutilyapti. Eldor esa, bu vaziyatdan foydalanib qolishi shart.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov muhim taklif kutyapti