23:43 / 14.03.2024
409

A Seriya: Shomurodov va boshqa ro‘za tutayotgan yulduzlar

A Seriya: Shomurodov va boshqa ro‘za tutayotgan yulduzlar
Futbol o‘yinchilardan katta jismoniy kuch talab qilishiga qaramay, kuchli beshlik ligalari, xususan, Italiya chempionatida ham Ramazon oyida ro‘za tutadiganlar bor.

Aksariyat musulmon sportchilar ro‘za kabi ibodat arkonlari jismoniy tayyorgarligi va professional faoliyatiga salbiy ta’sir qilmasligini ta’kidlab keladi.

Italiya futbolini yoritib kelayotgan tuttomercatoweb.com sayti A Seriya jamoalari vakillari orasida ro‘za tutayotgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.

Eng ko‘p ro‘zador bor jamoalardan biri – A Seriyadagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan “Frozinone” hisoblanadi. Eusebio Di Franchesko shogirdlaridan uch nafari – marokashlik Valid Cheddira, niderlandiyalik Abdu Xarrui hamda senegallik Demba Sek muntazam ro‘za tutadigan o‘yinchilardan hisoblanadi.

Amaldagi chempion – “Napoli” a’zolari orasida kosovolik Amir Raxmani va ivuarlik Xamid Traore ro‘za og‘iz shug‘ullanmoqda.

Joriy mavsum peshqadami va chempionlik sari tobora yaqinlashib borayotgan “Inter”ning turkiyalik legioneri Hoqon Chalxano‘g‘lu ham ro‘zasini kanda qilayotgani yo‘q.

Shuningdek, “Milan”dan jazoirlik Ismoil Bennaser, “Roma”dan turkiyalik Zeki Chelik, “Empoli”dan marokashlik Yussef Malex, “Lechche”dan fransiyalik Muhammad Kaba, albaniyalik Ulber Latif Ramadani, tunislik Hamza Rafya ham ro‘za tutmoqda.

“Kalyari”da ro‘za tutib, uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan futbolchi Eldor Shomurodov hisoblanadi.

Italiyalik jurnalistlar Eldor Shomurodovdan o‘tgan galgi uchrashuvda “Salernitana” himoyachilari uni to‘xtatib qola olmagani, biroq “Monsa” bilan bo‘ladigan uchrashuvda Ramazon ro‘zasi unga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida so‘radi.

Bu savolga Eldor Shomurodov “Ro‘za menga to‘sqinlik qilmaydi, chunki men vaqti-vaqti bilan och qolish, ya’ni quyosh ko‘tarilmay turib, soat beshda taomlanish va kun bo‘yi kuchimni boshqara olishga ko‘nikib bo‘lganman”, - deb javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, Italiya chempionatining 28-turida “Kalyari” futbolchilari “Salernitana” ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozonib, joriy mavsumda ilk marotaba xavfli hududdan uzoqlashdi. Sardiniyaliklarga g‘alaba keltirgan ikkita gol muallifi o‘zbekistonlik legioner bo‘ldi.

Eldor Shomurodov A Seriyada o‘tgan turning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri sifatida e’tirof etildi va bir necha nufuzli nashrlar tomonidan turnir ramziy terma jamoasiga kiritildi.

Endi “Kalyari” 16 mart kuni “Monsa” jamoasi mehmoni bo‘ladi. Bo‘lajak uchrashuvda Eldor Shomurodov ham maydonga tushishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » A Seriya: Shomurodov va boshqa ro‘za tutayotgan yulduzlar