09:09 / 18.04.2024
1 078

“Eldorda bunaqasini ko‘rmagandik”. Raneri Shomurodov haqida yana nimalar dedi?

“Eldorda bunaqasini ko‘rmagandik”. Raneri Shomurodov haqida yana nimalar dedi?
A Seriyada qolish uchun kurashayotgan “Kalyari” 19 aprel kuni muhim uchrashuvlardan birini o‘tkazadi. Klaudio Raneri shogirdlari Sardiniyada “Yuventus”ni qabul qiladi.

“Kalyari” o‘tgan turda musobaqa peshqadami “Inter” maydonidan durang o‘ynab qaytganidan keyin muxlislar Turin superklubiga qarshi bo‘ladigan uchrashuvda ham ijobiy natija kutmoqda.

Klaudio Raneri “Yuventus” bilan bo‘ladigan o‘yinga bag‘ishlangan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.

- “Yuventus” eng noqulay raqib, degan fikrga qo‘shilasizmi?
- Bu jamoaning murabbiyi ham, o‘yinchilari ham nima qilishni yaxshi biladi. Ular raqib darvozasiga yo‘l topishni va o‘zlari mustahkam himoyalanishni yaxshi o‘zlashtirgan. Bu borada Yevropada ulardan zo‘ri yo‘q. Biz ularning kuchini yaxshi bilamiz. Kurashish uchun diqqatli bo‘lishimiz va oxirigacha harakat qilishimiz kerak.

- Minaning ahvoli qanday?
- Bu futbolchi himoyani ancha mustahkamladi. Mina o‘zini juda yaxshi his qilmayotgan bo‘lsa-da, qat’iyat bilan jamoaga yordam berishga tayyor. Men ham uni maydonga tushirish istagidaman.

- “Inter”ga qarshi o‘ynagan futbolchilarni qanday ruhlantirdingiz?
- Men ularning barchasini chuqur bilmasligim mumkin, lekin mashg‘ulotlarda nima bilan mashg‘ul ekanliklarini ko‘rib turaman. Eng muhimi, ular menda hech qanday cheklov yo‘qligini bilishadi va kim yaxshi shug‘ullansa, maydonga tushadi. Albatta, bunda raqib qanday jamoa ekaniga ham e’tibor qaratamiz. Shogirdlarim meni va talablarimni yaxshi biladi.

- Liga qolish uchun ochkolar chegarasi qanday?
- O‘ylashimcha, 35-36 ochko jamg‘arilsa, xavf biroz pasayadi. A Seriya murakkab chempionat. Lekin unga qaytish bundan ham og‘ir. Shu bois ham qolish uchun kurashayotgan jamoalar o‘rtasida raqobat o‘ta kuchli. Hamma maqsadiga yetishish ilinjida. Biz diqqatimizni jamlab, birdam bo‘lib o‘ynashimiz kerak.

- “San-Siro”dagi natijadan qoniqdingizmi?
- Eng muhimi, qoniqish hosil qiladigan natija bo‘ldi. Boshlang‘ich tarkibni ko‘rganingizda menga savollar ko‘payib ketgani aniq. Men borini beradigan futbolchilarni tanladim. Murabbiyda o‘z tanloviga ishonch bo‘lishi kerak. Bulardan tashqari, men faqat Di Pardoga uni boshlang‘ich tarkibda tushirishimni aytgandim va u juda zo‘r o‘ynab berdi.

- “Inter” bilan o‘yin bo‘lajak uchrashuvga tarkib tanlashda inobatga olinadimi?
- Buni ko‘ramiz. Mening nazarimda kim menga yaxshi natija keltirishga tayyor bo‘lsa, o‘sha o‘ynaydi.

- Eldor Shomurodovga nimalar bo‘lyapti?
- Men ijobiy natija va foyda keltirishi mumkin bo‘lgan futbolchilarni maydonga tushiraman. Shomurodov “Kalyari”ga biroz tushkun holatda kelgandi. “Jenoa”dagi yorqin mavsumidan keyin “Roma”ga yo‘l oldi. U yerda muntazam o‘ynay olmadi. Keyin “Spetsiya”ga o‘tdi va bu jamoada ozroq bo‘shashib qoldi.

“Kalyari”ga kelganida Shomurodov men o‘zini ishga 100 foiz bag‘ishlaganlarni qadrlashimni tushundi. O‘ynashi uchun bor kuchini berishi kerakligini bildi. Eldor hammasini o‘zgartirib, endi formasini tiklab, eng yuqori darajasiga chiqqan pallada jarohat oldi va qimmatli vaqtini yo‘qotdi.

Shomurodov sifatli futbolchi va aniq maqsadi bor. U safga qaytganidan keyin hali biz ko‘rmagan xususiyatlarini namoyish qilmoqda.

- O‘yinchilarga qanday talab qo‘yilgan?
- Jamoa yomon o‘ynashi mumkin, lekin maydonda keyinchalik afsuslanmaslik uchun hamma borini berishi kerak. Men o‘yinchi sifatida fenomen bo‘lmaganman, lekin maydondan bor kuchimni sarflardim. Shogirdlarimdan ham 100 foizlik ishtiyoqni talab qilaman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Eldorda bunaqasini ko‘rmagandik”. Raneri Shomurodov haqida yana nimalar dedi?