21:25 / 24.04.2024
771

Eldor Shomurodov transferiga narx belgilandi!

Eldor Shomurodov transferiga narx belgilandi!
Sardiniyaning “Kalyari” klubi sport direktori Nereo Bonato mavsum yakunlanishi bilan tarkibni tartibga solish rejasini tuza boshladi.

Buning uchun, eng avvalo, “Kalyari” yuqori diviziondagi joyini saqlab qolishi lozim edi. Chempionat yakunlanishiga besh tur qolganida sardiniyaliklar 14-pog‘onada bormoqda va xavfli hududdan to‘rt ochkoga uzoqlashgan.

Keyingi paytda “Atalanta”, “Napoli”, “Inter”, “Yuventus” kabi qudratli klublardan ochko tortib olgan “Kalyari”ning qolgan uchrashuvlarda ham ligada qolish imkoniyatini qo‘ldan boy bermasligi haqiqatga yaqin.

Klubning ligada qolishi oydinlashishi bilan Nereo Bonato kelasi mavsumni shakllantirish uchun reja tuza boshladi.

Italiyaning eng nufuzli sport nashri Corriere dello Sport gazetasi yozgi transferlar bozorining eng qizg‘in savdolaridan biri Eldor Shomurodov atrofida bo‘lishini yozmoqda.

O‘zbek legioneri aslida “Roma”ga tegishli. Lekin poytaxt klubida o‘zini ko‘rsatishga imkon berishmadi. Shomurodov joriy mavsum oxirida o‘z darajasida o‘ynay boshladi. Hozir hamyurtimiz “Kalyari”ni ligada olib qolish yo‘lida eng ko‘p samara keltirayotgan asosiy figuraga aylandi.

Italiyada bir qancha manbalar Eldor Shomurodovning transferini to‘liq amalga oshirish borasida muxlislar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Bir necha so‘rovnomalarda ovoz berganlarning 80 foizga yaqini o‘zbek hujumchisi “Kalyari”ga kerakligini bildirgan.

Shomurodov qisqa fursatda “Kalyari”ning asosiy transfer nishoniga aylandi. Bir yil avvalgi kelishuvga ko‘ra, sardiniyaliklar yillik ijara uchun bir million yevro to‘lagan. O‘zaro bitimda o‘zbek futbolchisini to‘liq transfer qilish uchun “Kalyari” yana to‘qqiz million yevro berishi kerakligi belgilangan.

Yana bir manba – cagliarinews24.com sayti eksperti Eliya Serraning ta’kidlashicha, Nereo Bonato Shomurodovni transfer qilish imkoniyatlarini o‘rganishni boshladi. Bu mutaxassis “Roma” mutasaddilarini Eldor Shomurodovni 5 million yevro evaziga qo‘yib yuborishga ko‘ndirishga harakat qiladi.

Qolaversa, “Kalyari” prezidenti Tommazo Julini jamoaning ligada qolishiga katta hissa qo‘shayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va to‘purari uchun 5 million yevro to‘lanishini kafolatlashi kutilyapti.

O‘tgan yili yozda asosiy hujumchi sifatida taklif etilgan Andrea Petanya “Monsa”ga qaytarilib yuboriladigan bo‘ldi. Sardiniyaliklar mavsum davomida o‘zini ko‘rsata olmagan va asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotgan bu hujumchini transfer qilmaslikka qaror qildi.

Bundan tashqari, mavsumning ikkinchi yarmida ichki raqobatda Janluka Lapadula, Zito Luvumbo va Eldor Shomurodovga bas kela olmagan tajribali forvard Leonardo Pavoletti ham yozda o‘z o‘rnini bo‘shatishi aytilmoqda.

Mana shu omillarni inobatga olib, “Kalyari” murabbiylar shtabi kelasi mavsumda Eldor Shomurodovni asosiy markaziy hujumchi sifatida o‘ynatmoqchi.

Eldor Shomurodovning o‘zi kelajakda qaysi jamoada o‘ynashini joriy mavsum yakunlanganidan keyin hal qilishini bildirgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov transferiga narx belgilandi!