20:03 / 05.05.2024
652

Shomurodov o‘z nomini tarixga muhrladi

Shomurodov o‘z nomini tarixga muhrladi
A Seriyada qolish uchun kurashayotgan “Kalyari” 35-turda o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida “Lechche” futbolchilarini qabul qildi.

Qizg‘in kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda mezbonlar g‘alabani ushlab qola olmadi. O‘yin 1:1 hisobida durang natija bilan tugadi.

Keyingi bahslarda ketma-ket boshlag‘ich tarkibda o‘ynagan Eldor Shomurodov bu gal zaxirada qoldirildi. Legionerimiz o‘yinga 68-daqiqada qo‘shilib, Zito Luvumboning o‘rnini egalladi. Eldor oldingi chiziqda yolg‘izlanib qoldi va uchrashuv natijasiga ta’sir ko‘rsata olmadi.

Shunday bo‘lsa-da, “Kalyari” – “Lechche” bellashuvi hamyurtimiz uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi. Shomurodov A Seriyada 100-o‘yinini o‘tkazgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixga nomini yozdirdi.

Shuningdek, bu ko‘rsatkichga asoslanib, Shomurodovni Yevropaning kuchli beshlik ligalarida yuzlik dovonni zabt etgan ilk futbolchimiz, deyishimiz ham mumkin.

Aslida Italiya futboli tarixidagi birinchi o‘zbek futbolchisi Ilyos Zeytullayev hisoblanadi. “Yuventus” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan sobiq legionerimiz A Seriya safida atigi ikki marotaba maydonga tushgan. Zeytullayev asosan quyi ligalarda faoliyat yuritgan edi.

Bundan tashqari, Eldor Shomurodov kuchli beshlik ligalarida gol urishga muvaffaq bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik futbolchi sifatida ham qadrlanadi.

Shu o‘rinda, Eldorning Italiyadagi faoliyatiga nazar tashlaymiz. Bugungi kundagi eng kuchli hujumchimiz A Seriyadagi faoliyatini 2020 yilning oktyabr oyida “Jenoa”dan boshlagan. Eldor ilk mavsumda A Seriyada 31 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga sakkizta gol hamda bitta assist yozdirib qo‘ygan.

Kelasi mavsumni grand klub – “Roma” safida boshlagan legionerimiz “bo‘rilar” safida bir yarim yil davomida milliy chempionatda jami 34 ta bahsda ishtirok etgan va raqiblar darvozasini uch marotaba ishg‘ol qilib, to‘rtta golli pas uzatgan.

Eldor Italiyadagi uchinchi jamoasi – “Spetsiya” tarkibida A Seriyada 15 ta o‘yinda bittadan gol va assist qayd etgan.

Joriy mavsumni “Kalyari”da davom ettirayotgan 28 yoshli forvard “Lechche”ga qarshi o‘tkazilgan bahsni qo‘shib hisoblaganda, hozircha 20 ta bellashuvda uchtadan gol va assist muallifi bo‘ldi.

“Kalyari” joriy mavsumda yana uchta uchrashuvda qatnashadi. Hali yuqori diviziondagi o‘rnini kafolatlamagan sardiniyaliklarni “Milan”, “Sassuolo” va “Fiorentina”ga qarshi bahs kutib turibdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov o‘z nomini tarixga muhrladi