21:33 / 22.05.2024
594

Eldor Shomurodov bo‘yicha yangi muzokara bo‘ladi

Eldor Shomurodov bo‘yicha yangi muzokara bo‘ladi
A Seriyadagi joyini saqlab qolgan “Kalyari”da katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Birinchi navbatda, sardiniyaliklar murabbiylik faoliyatini yakunlagan Klaudio Raneriga o‘rinbosar topishi kerak.

Italiyaning aksariyat manbalari jamoa boshqaruvini “Torino” bilan hamkorligini yakunlayotgan Ivan Yurich qo‘lga olishi haqida ma’lumot tarqatmoqda. Xususan, taniqli insayder Janluka Di Marsioning yozishicha, “Kalyari” prezidenti Julini xorvatiyalik mutaxassisni o‘z jamoasida ko‘rishni istagani haqida yozdi.

Bundan tashqari, “Kalyari” faoliyatini yoritib kelayotgan Sardiniyaning L'Unione Sarda nashri klub sport direktori Nereo Bonato 30 iyun kuni ijaraga olingan uch futbolchi – Janluka Gaetano, Andrea Petanya va Eldor Shomurodov bo‘yicha bir qarorga kelganini yozdi.

Janluka Gaetano

Qishki transferlar vaqtida “Napoli”dan ijaraga olingan 24 yoshli futbolchi sardiniyaliklarga katta foyda keltirdi. Gaetano ikkinchi davraning 11 ta uchrashuvida to‘rtta gol urdi.

Bonato bu o‘yinchini kelasi mavsum ham jamoada saqlab qolmoqchi. Sardiniyaliklar sport direktori “Napoli” mutasaddilarini Gaetanoni yana bir mavsum olib qolishga ko‘ndirishga harakat qiladi.

Andrea Petanya

Tajribali hujumchi “Monsa”dan katta umidlar bilan ijaraga olingan edi. “Kalyari” rahbariyati italiyalik forvardni mavsum oxirida 8 million yevroga to‘liq transfer qilishni ham kelishib qo‘ygan.

“Kalyari”da eng katta maoshni olgan Petanya ishonchni umuman oqlamadi va oxir-oqibat zahiraga mixlanib qoldi. Andrea mavsum davomida 18 ta uchrashuvda qatnashib, bitta gol ura oldi xolos.

Sardiniyaliklar 28 yoshli futbolchini ortga qaytarib yuborishga va uni xarid qilish huquqidan foydalanmaslikka qaror qildi.

Eldor Shomurodov

“Roma”dan ijaraga olingan Eldor Shomurodov uchun mavsum juda og‘ir boshlandi. Legionerimiz chempionatning ikkinchi yarmida jiddiy jarohatdan keyin maydonga qaytib, “Kalyari” yetakchilaridan biriga aylandi.

Nereo Bonato o‘zbek futbolchisini jamoada olib qolishga qarshi emas. O‘tgan yili yozda sardiniyaliklar poytaxt klubi bilan Eldorni 9 million yevroga to‘liq transfer qilish bo‘yicha kelishib olgandi. Endi Nereo Bonato bu summani pasaytirish uchun rimliklar bilan yana muzokara o‘tkazishga tayyorlanmoqda.

Ta’kidlash joizki, “Kalyari” bosh murabbiyligiga asosiy da’vogar bo‘lib turgan Ivan Yurich ham Eldor Shomurodovning imkoniyatlarini yuqori baholagan. Xorvatiyalik mutaxassis o‘tgan mavsumlarda bir necha bor o‘zbek hujumchisini “Torino”ga olib kelishga harakat qilgan edi.

Shu o‘rinda, “Roma”ning yangi sport direktori Floran Gisolfi o‘tgan yillar davomida Joze Mourino va Tyago Pinto tomonidan klubga olib kelingan o‘yinchilar, xususan, Eldor Shomurodovni boshqa jamoaga o‘tkazish bo‘yicha ish olib borishi haqida ma’lumotlar chiqqanini ta’kidlash lozim.

Demak, yozgi transferlar vaqtida Eldor Shomurodov kelasi mavsumni qaysi jamoada boshlashini hal qilishi kerak bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov bo‘yicha yangi muzokara bo‘ladi