15:28 / 02.06.2024
346

Slavche Voyneski: "Diyorning penaltidan gol ura olmaganidan xafa bo‘ldim. O‘zbekistonga qaytish menga yoqqan bo‘lardi"

Slavche Voyneski: "Diyorning penaltidan gol ura olmaganidan xafa bo‘ldim. O‘zbekistonga qaytish menga yoqqan bo‘lardi"
“Paxtakor” klubi bir necha kun ilgari O‘zbekiston Superkubogida “Nasaf”ga penaltilar seriyasida yutqazib qo‘ydi. “Sherlar”ning sobiq bosh murabbiyi, makedoniyalik Slavche Voyneski ham ushbu uchrashuvni kuzatdi.

Yodingizda bo‘lsa, 2022 yili “Paxtakor” aynan Voyneski boshchiligida “Nasaf”ni 1:0 hisobida yengib Superkubokni boshi uzra ko‘targandilar. Hozircha o‘sha yilgi qo‘lga kiritilgan Superkubok “Paxtakor” uchun oxirgisi bo‘lib turibdi.

Slavche Voyneski esa joriy yildagi Superkubokdan keyin Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- “Paxtakor”ning sobiq murabbiyi sifatida Superkubokdagi o‘yinini qanday izohlaysiz? Jamoa penaltilar seriyasidagina mag‘lub bo‘ldi.
- Men o‘yinni diqqat bilan kuzatdim. Shaxsiy fikrim bo‘yicha O‘zbekiston chempioni va o‘z mamlakati nomidan Osiyo Chempionlar ligasida qatnashayotgan klub bundan ancha yaxshiroq futbol namoyish etish kerak, deb hisoblayman. Chunki O‘zbekiston Superkubogida “Paxtakor” darajasidagi o‘yinni ko‘rmadim. “Paxtakor”dan ko‘proq “portlovchi” futbolni kutgandim. Ularda yosh futbolchilar bor va tez hujumga o‘tib keta oladilar. Buni nimaga aytyapman? Chunki klubdagi ko‘plab yosh futbolchilar mening ishlagan paytimda debyut qilishgan va asosiy tarkibga jalb qilingandi. Ularning imkoniyatlarini yaxshi bilganim uchun bu fikrlarni aytyapman.

Boshqa tarafdan qaraganda, “Paxtakor”ning o‘yin falsafasini, ular nimani xohlayotganini tushunmaysiz. Chunki ular hujum qilar ekan, maydon bo‘ylab qanday uslubda joylashishyapti, himoya chizig‘ining joylashuvi qanday tartibda shakllantirilyapti? Bular shaxsiy fikrim. “Paxtakor” penaltidan gol urdi. Lekin penaltigacha bo‘lgan vaziyatda “Paxtakor” hujum qilishda klassik xatolarga yo‘l qo‘ydi, deyishim mumkin. Ikki yildirki, ular “Paxtakor” akademiyasi va o‘z darajasiga mos o‘yin uslubi qurishmabdi. “Nasaf”dan katta yangilik ko‘rmadim. Chunki Berdiyevning doimiy o‘yin falsafasi, o‘yin uslubi bor. Shu o‘rinda uni Superkubokdagi g‘alaba bilan tabriklayman. U yaxshi murabbiy va hurmat qilaman.

- “Paxtakor”ni doim kuzatib turasizmi? Siz ketgandan keyin klub qanchalik o‘zgardi?
- To‘g‘risini aytsam, “Paxtakor”ni doimiy ravishda kuzatib bormadim. Lekin o‘sha klubda ishlagan inson sifatida va jamoa o‘yinida o‘z g‘oyalarim bilan ta’sir o‘tkazgan mutaxassis sifatida men odatda sobiq jamoalarim o‘yinlari bilan qiziqaman. Natijalarini kuzatib boraman. Rivojlanyaptimi yoki yo‘q, bu boradagi kuzatuvlarimni amalga oshiraman. Sobiq klublarimning mag‘lubiyati meni xafa qiladi. Ular yaxshi natijalarga erishganida xursand bo‘laman. O‘tgan yili chempionlikdan keyin birinchilardan bo‘lib klub prezidentini tabrikladim.

- “Paxtakor” penaltilar seriyasida g‘alaba qozonishga yaqin edi. Sizningcha, bu shunchaki omadsizlikmidi yoki...
- Fikringizga qo‘shilaman, “Paxtakor” penaltilar seriyasida g‘alaba qozonishga juda yaqin edi. Diyor penaltidan gol ura olmaganidan juda xafa bo‘ldim. Uning qay darajada iqtidorli futbolchiligi va yaxshi insonligini bilaman. Lekin bu kabi holat dunyo darajasidagi futbolchilarda ham kuzatilgan. Bu omadsizlik Diyor Xolmatovni chetlab o‘tmagani normal holat. Zamonaviy futbolda penaltilar shunchaki omad masalasi ekanligiga ishonmayman. Bu chuqur tahlillar evaziga g‘alaba qozoniladigan va jiddiy tayyorgarlik ko‘riladigan o‘yinning bu kabi finallarning asosiy qismi. Siz raqib jamoa darvozaboni, ularning murabbiylarini hamda qaysi o‘yinchilarni tanlashini taxmin qilishingiz, penalti tepish uslublarini ko‘rib chiqishingiz va shunga yarasha muammolarga yondashishingiz kerak.

- Adashmasam, “Paxtakor”dan ketganingizdan beri hech qaysi klubda ishlamadingiz. Nima uchun?
- Ha, to‘g‘ri aytib o‘tdingiz, men so‘nggi ikki yil davomida hech qaysi klub bilan ishlamadim. Menda bir qator imkoniyatlar, takliflar bo‘lgandi. Lekin doim aytib o‘tganimdek, takliflarni ko‘rib chiqishda ularning loyihaviy istiqbollariga qarayman. Uzoq muddatli loyihalar ustida ishlashni yoqtiraman. So‘nggi yillarda ishlamaganimning sababi katta o‘g‘limda kasallik kuzatildi. Bu uning faoliyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin edi. Bilasiz, u ham professional futbolchi. Ammo Yaratganga shukrki, u hozir o‘zini yaxshi his qilyapti va maydonga qaytgan. Sport formasiga qaytish ishlari bilan mashg‘ul. Kelayotgan mavsumdan ikkimiz ham futbol maydoniga qaytishimizga umid qilaman.

- Xizmatingizga takliflar bo‘lyaptimi?
- O‘tgan vaqt mobaynida ko‘p takliflar mening manzilimga yo‘llandi. Eron, Turkiya, Chexiya, Sloveniya, Ruminiya, Serbiya va o‘z mamlakatimdan bir nechta klublar menga taklif bilan chiqishdi. Ammo hozirgi kundagi maqsadim shuki, o‘z yurtim - Makedoniyadan bo‘ladigan takliflarni ko‘rib chiqmayman, hatto ular jiddiy takliflar bo‘lsa ham. O‘zimni xorijda murabbiylik qilish tomonidan ko‘ryapman.

- Masalan, sizga yurtimizdan yana qiziqishlar bo‘ldimi? Qaytish niyatingiz bormi?
- O‘zbekistondan bir nechta klublar menga taklif bilan chiqishdi. Menejerim orqali va shaxsan o‘zimga bog‘langanlar ham bo‘ldi. Lekin o‘sha paytda menda aytib o‘tganimdek, biroz muammolar bor edi. Ushbu takliflarni qabul qila olmagandim. Hozirda men ishlashga tayyorman. Bir qator muzokaralar ketyapti. Menga O‘zbekistonga qaytish yoqqan bo‘lardi. O‘zbek futbolida juda ko‘p iqtidorli futbolchilar bor. Kelajakda yaxshigina o‘sishga erishishlari mumkin. Toshkentda o‘tkazgan vaqtimdan juda rohatlangandim, menga yoqqan. U yerda qisqa vaqt mobaynida ko‘plab do‘stlar orttirishga erishdim. Futbol ichida ham, futbol tashqarisida ham aytib o‘tishim mumkin. Mening oilam ham O‘zbekistondagi hayotidan rohatlanishdi va baxtli yashadik. Doim O‘zbekiston va Toshkent haqida gap ketganida quvonch bilan gaplashamiz hamda yaxshi kunlarimizni eslaymiz. Shuning uchun yurtingizdan bo‘ladigan har qanday takliflarni jiddiy ko‘rib chiqishga harakat qilaman.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Slavche Voyneski: "Diyorning penaltidan gol ura olmaganidan xafa bo‘ldim. O‘zbekistonga qaytish menga yoqqan bo‘lardi"