20:19 / 02.06.2024
1 068

Shomurodovga yangi xaridor chiqdi, “Kalyari” Eldorni bermoqchi emas

Shomurodovga yangi xaridor chiqdi, “Kalyari” Eldorni bermoqchi emas
"Top-5" ligalaridagi eng tajribali futbolchimiz Eldor Shomurodov yozda kelasi mavsumni qayerda boshlash masalasini hal qilishi talab etiladi.

Hozirgi holatda legionerimizning kelajagi mavhum bo‘lib turgan bo‘lsa-da, kelasi mavsum oldidan jamoasiz qolmasligi aniq. Chunki hujumchimiz oldidan variantlar chiqa boshladi.

Italiyalik jurnalist Jakomo Dessi hujumchimizga oid ma’lumot chiqardi. Unga ko‘ra, “Kalyari” rahbariyati jamoaning A Seriyada qolishida muhim ahamiyat kasb etgan hujumchini olib qolish istagida.

Mavsumning boshini bo‘sh o‘tkazgan o‘zbek legioneri chempionatning hal qiluvchi pallasida o‘zini ko‘rsatdi. Shomurodov ko‘p to‘p kiritmagan bo‘lsa-da, salmoqli gollarni urdi va jamoa oldida xizmati katta bo‘ldi.

“Kalyari” va “Roma” o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 28 yoshli forvardning transferi 10 million yevroga baholangan. Sardiniyaliklar ijara to‘lovi sifatida bir million yevro to‘lab bo‘lgan.

Qolgan 9 million “Kalyari” budjetiga og‘irlik qilayotgani aytilmoqda. Klub mutasaddilari “Roma” bilan muzokara olib bormoqchi. Sardiniyaliklarning maqsadi belgilangan summani teng yarmiga qisqartirish.

Rim klubining Shomurodovga ehtiyoji yo‘q. “Bo‘rilar” 2026 yilning yarmigacha shartnomaga ega bo‘lgan va har mavsum uchun 2 million yevro atrofida maosh olayotgan o‘yinchidan tezroq qutilmoqchi. Shu bois, “Kalyari” xo‘jayinlari poytaxtliklar kelishuvga ko‘nishiga umid qilmoqda.

Boshqa tomondan Eldor darajasidagi o‘yinchiga har doim talab bo‘lgan. Garchi grand klublar Shomurodovni kuzatmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan bo‘lsa-da, turnir jadvalining ikkinchi qismidagi bir necha jamoa har transfer oynasi ochilganida o‘zbekistonlik hujumchini so‘rab, “Roma” eshigini taqillatishi bor gap.

Italiya futbolini yoritayotgan calciocasteddu.it saytining yozishicha, A Seriyaga qaytgan “Parma” jamoasi Eldor Shomurodovga qiziqa boshladi. Parmaliklar tarkibni yuqori divizionga moslashtirishi kerakligi kundek ravshan. Bu borada asosiy e’tibor debyutant jamoa bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ladigan va A Seriyada to‘p tepish bo‘yicha tajribasi bor o‘yinchilarga qaratiladi.

Eldor Shomurodov esa, Italiya chempionatida “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” safida yuzdan ortiq uchrashuvda qatnashib, yetarli malaka to‘plab ulgurgan.

Yaqinda “Parma” klubi o‘zbekistonlik boshqa futbolchi – SSKA yetakchisiga aylangan Abbosbek Fayzullayevni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi ekani haqida ushbu klub faoliyatini yoritib kelayotgan Parmalive nashri xabar tarqatgan edi.

Demak, yozgi transferlar davrida Italiya bozorini diqqat bilan kuzatishimizga to‘g‘ri keladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovga yangi xaridor chiqdi, “Kalyari” Eldorni bermoqchi emas