Samvel Babayanning kutilmaganda iste’foga chiqishi ortidan endi "Navbahor"ni kim boshqarishi muhokama markaziga chiqdi.
Namanganda ishlash, undagi bosimga dosh berish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Samvel Babayan "lochinlar" bilan 3 yillik faoliyati davomida buni boshidan o‘tkazdi. Klub avvalgi yillarga nisbatan yaxshigina yuqoriga sakragani ham muxlislarni qoniqtirmadi, chunki ular chempionlikni istashmoqda. Balki klub ortda qolgan davrda tajribali futbolchilarga suyanish strategiyasidan voz kechib mahalliy yoshlarga imkon berar, balki boshqacha yo‘l tutar. Biz esa mazkur yo‘llarga mos murabbiylar nomzodlarini ko‘rib chiqamiz.
Ilhom Mo‘minjonov ( so‘nggi jamoasi "Neftchi")
Bu nom namanganlik muxlislar uchun begona emas. Ham futbolchi, ham murabbiy sifatida klubda nom qozongan. Esimda 2016 yil klubdagi barqarorsizliklar davrida mavsum yakunlanishiga 2 ta tur qolganida "Navbahor"ni qabul qilib olgan murabbiy pley-off orqali bo‘lsada jamoani kuchlilar safida olib qolgandi. 2017 yil esa o‘rta o‘rinlarni band qilgan, 2018 yil bronza medallari qo‘lga kiritilishida asosiy ishni bajargan. Bugungi holat, sharoitdan kelib chiqsak "Neftchi"dan so‘ng hech bir jamoada ko‘rinish bermagan Ilhom Mo‘minjonov "Navbahor"ni boshqarish uchun dastlabki nomzod deya olamiz. Albatta, bu yerda ko‘proq rahbariyat, viloyat hokimining xohishiga bog‘liq. Mutaxassisning Xayrulla Bozorov bilan munosabatlari yaxshi bo‘lgan. Endi Shavkat Abdurazzoqov bilan qanday kelisha olishi muhim.
Sergey Lushchan ("Odil Ahmedov FA" texnik direktori)
Yuqorida aytganimizdek, klub keyingi davrda yulduzlardan voz kechgan holda o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishi ehtimoli yo‘q emas. Bunda jamoa ko‘proq mahalliy futbolchilarga e’tiborni oshiradi. Tabiiyki, "Navbahor"ga shunga mos ravishda murabbiy tanlanadi. Bunda Sergey Lushchan mos kelishi mumkin. "Bunyodkor"da yoshlar bilan samarali ishlagan, bir qancha futbolchilarni kashf qilgan Sergey Ivanovich "So‘g‘diyona" va "Dinamo"da ko‘p ishlamadi. O‘tgan yilda Belarus klubi akademiyasida faoliyat olib bordi. Hozirda esa "Odil Ahmedov FA"da texnik direktor lavozimida ishlamoqda. Agarda Lushchan "Navbahor"ga kelsa unga qanday sharoit va yo‘lga tushib olish uchun qancha vaqt berilishiga ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi. Yoshlar bilan esa barqaror natija birdaniga kelmaydi.
Timur Kapadze ("Olimpik", O‘zbekiston OTJ ustozi)
Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda "Navbahor" murabbiylari short-listida Timur Kapadze varianti ham bor ekan. Kapadze ishlagan joyida natija qilgan va qila oladigan murabbiylar toifasiga kiradi. "Qo‘qon-1912", "Lokomotiv"ni qiyin ahvolda qabul qilib olib yakunda Superligada olib qolgandi. "Olimpik" va OTJ bilan qanday natijalarga erishgani barchaga ma’lum, ortiqcha leksiyaga hojat yo‘q. Lekin Kapadzening oldiga klub rahbariyati qanday maqsad va vazifani qo‘yadi? Yoshlar bilan ishlashmi yoki tajribali nomlar bilan bugungi yo‘nalishida davom etish? Fikrimcha, Timur Toxirovichni ko‘ndirolgan taqdirda ham jamoani bu mavsum qabul qilib ololmasa kerak. Birinchidan oldinda Parij Olimpiadasi kutmoqda, ikkinchidan "Olimpik" bilan mavsumni tugatib qo‘yish. Barchasini vaqt ko‘rsatadi.
Baxtiyor Ashurmatov (So‘nggi ish joyi "Turon" jamoasi)
"Navbahor" uchun begona bo‘lmagan murabbiylardan yana biri Baxtiyor Ashurmatov hisoblanadi. Tajribali mutaxassis 2014-2015 yilgi mavsumlarda jamoani boshqargan edi. O‘shanda uning boshchiligidagi "lochinlar" kamtarin tarkib, kam budjet bilan o‘rta o‘rinlarni egallashgan. Qolaversa, u vaqtda Ashurmatov murabbiylikka endi kirib kelgan yillar edi. Undan so‘ng yana bir nechta jamoalarda faoliyat olib bordi, ancha vaqt o‘tdi. Bugungi va 10 yil avvalgi "Navbahor" o‘rtasida yer bilan osmonchalik farq bor. Murabbiy mavsum o‘rtasida qabul qilib olgan taqdirda yilni qanday kayfiyatda yakunlashi qiziq bo‘ladi. Hali hech narsa yo‘qotilmagan, kubok va chempionatda sovrin olish imkoniyati bor. Bu esa o‘ziga yarasha bosim yuklaydi.
Legioner murabbiy
Agarda u chempionatimizga tanish bo‘lsa yaxshi. Ammo yangi murabbiy olib kelgan taqdirda "Navbahor" vaqtdan yutqazishi mumkin. U murabbiy futbolchilar, chempionat tempiga, darajasiga moslashishiga baribir fursat sarflaydi, tarkibni yig‘adi, bir oy tayyorlaydimi yoki yo‘q ikkinchi davra boshlanadi. Klub uning oldiga kelishi bilanoq chempionlik vazifasini qo‘ymasligi kundek ravshan. Agarda bu yilgi natijalar qurbon qilinib, keyingi yilga tayyorgarlik sifatida qaralsa, unda xorijlik murabbiyga ishonch bildirishi ham mumkin.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi