18:27 / 04.07.2024
779

Shomurodovga ikkita yangi da’vogar paydo bo‘ldi

Shomurodovga ikkita yangi da’vogar paydo bo‘ldi
Yakunlangan mavsumda Eldor Shomurodovni ijara asosida o‘ynatgan “Kalyari” sport direktori Nereo Bonato “Roma”dan o‘zbek hujumchisini arzonroq mablag‘ evaziga olish yo‘llarini qidirayotgan bir paytda legionerimizga A Seriyaning o‘zidan yana ikkita xaridor paydo bo‘ldi.

Italiya futbolini yoritayotgan infoma24.it va tuttocagliari.net saytlarining yozishicha, o‘tgan mavsumni 11-o‘rinda yakunlagan “Jenoa” va yuqori divizionga qaytgan “Parma” klubilari 29 yoshli o‘zbek hujumchisini transfer qilinishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar ro‘yxatiga qo‘shdi.

“Jenoa” Shomurodovga begona emas. Eldor 2020 yilning oktyabrida Rossiya Premer-ligasidan Italiyaga ko‘chib o‘tganida Genuya shahri klubidan qo‘nim topgan va A Seriyadagi eng yorqin davrlarini aynan mana shu jamoada o‘tkazgan edi.

O‘shanda Shomurodov A Seriyada 31 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qilgan va yuqori darajada o‘ynagani samarasida debyut mavsumidan keyinoq grand klublardan hisoblangan “Roma”ga yo‘l olgan.

“Parma” quyi ligadan yuqori divizionga ko‘tarilganidan keyin tarkibini A Seriya havosini olgan tajribali o‘yinchilar bilan kuchaytirishga harakat qilmoqda. Shu bois, parmaliklar “Roma”dan ketishi kutilayotgan Eldor Shomurodovga ham e’tibor qaratdi.

Qizig‘i shundaki, “Parma” o‘tgan mavsum yakunlanmay turib, A Seriyaga chiqishi aniq bo‘lib ulgurgan pallada klub mutasaddilari boshqa o‘zbek futbolchisi – SSKA vakili Abbosbek Fayzullayevga ham qiziqish bildirgan edi. Parmaliklar hamon 20 yoshli hujumkor futbolchini kuzatayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Demak, “Kalyari”, “Jenoa”, “Parma” legionerimizni “Roma”dan olish yo‘llarini qidirayotgan bir pallada Eldor Shomurodov rimliklar bosh murabbiyi Daniele De Rossi ko‘rigidan o‘tishi, Joze Mourino o‘rniga tayinlangan mutaxassis bilan yaqindan tanishib olishi va unga o‘z salohiyatini namoyish qilishi talab etiladi.

Buning uchun hamyurtimizda qisqa fursat bo‘ladi. Chunki Eldor Shomurodov Parij mezbonlik qiladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan joy oldi. Musobaqa qoidasiga ko‘ra, Olimpiadaning futbol musobaqasida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirok etadi va murabbiylar shtabi 23 yoshdan katta bo‘lgan uch nafar tajribali o‘yinchi yordamidan foydalanishi mumkin.

Timur Kopadze o‘zbek futboli tarixidagi ilk Olimpiya o‘yinlariga tajribali futbolchilardan Eldor Shomurodov, Oston O‘runov va Husniddin Aliqulovni kiritdi.

- Futbolchilarga umid bag‘ishlaydigan va klublarni tashvishga soladigan payt keldi – bu terma jamoaga chaqiruv. Yaqinda milliy terma jamoalardagi vazifasini bajargan ayrim o‘yinchilarni endi olimpiyachilar yordamga chaqirmoqda.

Bu jarayon Daniele De Rossi boshqaruvidagi “Roma”ga ham ta’sir qiladi. Jamoaga qaytgan hujumchi Eldor Shomurodov Parij Olimpiadasiga chaqirtirilgan futbolchilar qatoriga qo‘shildi. O‘zbek futboli tarixidagi eng yorqin futbolchi uchun Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish katta sharaf.

“Roma” mutasaddilari esa, Olimpiada o‘zbek futbolchisining boshqa klubga transferiga halaqit qilmasligidan umidvor. Aksincha, ular katta musobaqadagi muvaffaqiyatli ishtirok hujumchini qaysi jamoa ko‘p to‘lasa, o‘sha klubga transfer qilish imkonini berishini kutmoqda
, - deb yozdi asromalive.it sayti eksperti Stefano Vori.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov Italiyaga ko‘chib o‘tganidan beri “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” safida A Seriyada 102 ta uchrashuvda maydonga tushib, 15 ta gol va 9 assist muallifi bo‘lgan. Ayni paytda 5 million yevroga baholanayotgan forvardning rimliklar bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yarmigacha tuzilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovga ikkita yangi da’vogar paydo bo‘ldi