23:13 / 22.07.2024
14

“Parij-2024”: Olimpiadaning eng mashhur yulduzlari

“Parij-2024”: Olimpiadaning eng mashhur yulduzlari
24 iyul kuni Parij Olimpiadasining futbol musobaqasi guruh bahslariga start beriladi. Bu galgi musobaqada 16 ta mamlakat terma jamoalari to‘rt guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun kuch sinashadi.

Yozgi Olimpiya o‘yinlarida terma jamoalar quyidagicha guruhlarga bo‘lingan:

“A” guruhi – Fransiya, AQSH, Gvineya va Yangi Zelandiya;

“В” guruhi – Argentina, Iroq, Marokash va Ukraina;

“С” guruhi – O‘zbekiston, Ispaniya, Misr va Dominikan Respublikasi;

“D” guruhi – Yaponiya, Paragvay, Mali va Isroil.

Har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan terma jamoalar chorak finalga yo‘llanma olib, sovrinli o‘rinlar uchun kurashni davom ettiradi.

Olimpiya o‘yinlari qoidasiga ko‘ra, musobaqada asosan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirok etadi va har bir mamlakat terma jamoasiga uch nafar yoshi katta o‘yinchilarni olish huquqi beriladi.

Parij Olimpiadasida ham bir necha tajribali va taniqli charm to‘p ustalari ishtirok etishi kutilmoqda.

Nabi Keyta (“Verder”, Gvineya)

29 yoshli yarim himoyachi Nabi Keyta klublar miqyosida “Red Bull Zalsburg”, “RB Leypsig” va “Liverpul” jamoalarida to‘p tepgan. Bir yildan beri Germaniyada “Verder” sharafini himoya qilmoqda.

Yutuqlari: Avstriya chempioni (2014/15, 2016/16), Avstriya kubogi sohibi (2014/15, 2015/16), Yevropa chempionlar ligasi g‘olibi (2018/19), UYEFA Superkubogi g‘olibi (2019), klublar o‘rtasidagi jahon chempioni (2019), Angliya chempioni (2019/20), Angliya kubogi sohibi (2020/21), Angliya liga kubogi g‘olibi (2020/21), Angliya Superkubogi sohibi (2022). Avstriya chempionatining eng zo‘r o‘yinchisi (2015/16), Gvineyaning ikki karra eng yaxshi futbolchisi (2015, 2021).

Erik Garsiya (“Barselona”, Ispaniya)

23 yoshli himoyachi Ispaniya terma jamoasi safida avvalgi Olimpiada finalida o‘ynagan. Klublar miqyosida “Manchester Siti”, “Jirona” va “Barselona” sharafini himoya qilgan.

Yutuqlari: Angliya Superkubogi sohibi (2019), Angliya liga kubogi sohibi (2019/20), Angliya chempioni (2020/21), Ispaniya chempioni (2022/23), Ispaniya Superkubogi sohibi (2023), 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasida Yevropa chempioni (2017), 19 yoshgacha futbolchilar o‘rtasida Yevropa chempioni (2019).

Abbosbek Fayzullayev (SSKA, O‘zbekiston)

20 yoshli Abbosbek Fayzullayev ham Erik Garsiya singari yoshi Olimpiada limitiga to‘g‘ri keladi. Iste’dodli hujumkor futbolchi milliy terma jamoada 17 ta uchrashuvda to‘rtta gol urishga erishgan.

“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi o‘tgan yilning avgustidan beri Moskvaning SSKA klubida o‘ynamoqda. Hali jahon yulduzlari darajasiga ko‘tarilmagan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho o‘yinchisiga aylangan Abbosbekning muxlislari tobora ko‘payib bormoqda.

Yutuqlari: O‘zbekiston chempioni (2021, 2022, 2023), O‘zbekiston Superkubogi sohibi (2022), 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempioni (2023). 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogining eng zo‘r futbolchisi (2023), O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi (2023), Rossiya Premer-ligasi kashfiyoti (2023/24).

Maykl Olise (“Bavariya”, Fransiya)

22 yoshli hujumkor futbolchi Maykl Olise yaqinda “Kristal Pelas”dan “Bavariya”ga o‘tdi. Myunxenliklar uning transferiga 53 million yevro sarfladi. Fransiyalik o‘yinchi o‘smirlik davrida “Arsenal”, “Chelsi” va “Manchester Siti” klublari tizimida mahorat oshirgan.

Yutuqlari: Angliya Chempionshipining eng yaxshi yosh o‘yinchisi (2020/21), futbolchilar talqini bo‘yicha “Kristal Pelas”ning eng yaxshi o‘yinchisi.

Pau Kubarsi (“Barselona”, Ispaniya)

“Barselona” akademiyasining eng yorqin tarbiyalanuvchilaridan hisoblangan 17 yoshli himoyachi Ispaniya terma jamoasining Yevropa chempionatidagi tarkibidan olib qolindi va unga Olimpiya o‘yinlarida o‘zini ko‘rsatish imkoni berildi.

Yutuqlari: La Ligada 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida oyning eng yaxshi o‘yinchisi (mart, 2024), Ispaniya terma jamoasi tarixida uchinchi eng yosh debyutant.

Aleksandr Lyakazett (“Lion”, Fransiya)

33 yoshli forvardga uy Olimpiadasida Fransiya terma jamoasiga yetakchilik qilish vazifasi topshirildi. Tajribali hujumchi faoliyati davomida faqat ikki klub – “Lion” va Londonning “Arsenal” klubida to‘p tepgan.

Yutuqlari: Fransiya kubogi sohibi (2011/12), Fransiya Superkubogi sohibi (2012), Angliya Superkubogi sohibi (2017), Angliya kubogi sohibi (2018/19), 19 yoshgacha futbolchilar o‘rtasida Yevropa chempioni (2010). Fransiya chempionatining eng yaxshi o‘yinchisi (2014/15), “Arsenal”ning mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi (2018/19).

Xulian Alvares (“Manchester Siti”, Argentina)

24 yoshli forvard Argentina terma jamoasining Olimpiadadagi eng qudratli va xavfli hujumchisi bo‘lishi kutilmoqda. “River Pleyt” tarbiyalanuvchisi 2022 yildan beri “Manchester Siti” sharafini himoya qilib kelmoqda.

Yutuqlari: Libertadores kubogi sohibi (2018), Argentina kubogi, Superkubogi sohibi (2018/19, 2021), Argentina chempioni (2021), Angliya chempioni (2022/23, 2023/24), Angliya kubogi sohibi (2022/23), Yevropa Chempionalar ligasi g‘olibi (2022/23), UYEFA Superkubogi sohibi (2023), klublar o‘rtasida jahon chempioni (2023), jahon chempioni (2022), Amerika kubogi sohibi (2021, 2024), Finalissimo g‘olibi (2022), Janubiy Amerikaning eng yaxshi futbolchisi, Argentina chempionatining eng yaxshi to‘purari.

Nikolas Otamendi (“Benfika”, Argentina)

36 yoshli himoyachi Nikolas Otamendi Parijga Amerika kubogining g‘olibi sifatida keladi. Argentinalik yulduz klublar miqyosida Yevropada “Benfika”dan tashqari “Portu”, “Valensiya” va “Manchester Siti” sharafini himoya qilgan.

Yutuqlari: Argentina chempioni (2009), Portugaliya chempioni (2010/11, 2011/12, 2012/13, 2022/23), Portugaliya kubogi sohibi (2010/11), Portugaliya Superkubogi g‘olibi (2011, 2012, 2013, 2023), Yevropa Ligasi g‘olibi (2010/11), Angliya liga kubogi sohibi (2015/16, 2017/18, 2018/19, 2019/20), Angliya chempioni (2017/18, 2018/19), Angliya kubogi sohibi (2018/19), Angliya Superkubogi sohibi (2018, 2019), jahon chempioni (2022), Amerika kubogi sohibi.

Ashraf Hakimi (PSJ, Marokash)

25 yoshli qanot himoyachisi chekiga Marokash terma jamoasiga yetakchilik qilish tushgan. Ashraf PSJga kelgunga qadar “Real Madrid”, “Borussiya Dortmund” va “Inter” kabi qudratli klublarda o‘ynagan.

Yutuqlari: UYEFA Superkubogi g‘olibi (2017), Ispaniya Superkubogi g‘olibi (2017), klublar o‘rtasida jahon chempioni (2017), Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi (2017/18), Germaniya Superkubogi g‘olibi (2019), Italiya chempioni (2020/21), Fransiya chempioni (2021/22, 2022/23, 2023/24), Fransiya Superkubogi sohibi (2022, 2023), Fransiya kubogi egasi (2023/24), Afrikaning eng yaxshi yosh o‘yinchisi (2018, 2019), Afrikaning eng zo‘r o‘yinchisi (2019), Marokashning xorijdagi eng yaxshi futbolchisi (2020/21, 2021/22), FIFAning yil terma jamoasiga kiritilgan (2022).

Eldor Shomurodov (“Roma”, O‘zbekiston)

29 yoshli Eldor Shomurodov ilk bor Olimpiya o‘yinlarida qatnashayotgan O‘zbekiston terma jamoasining haqiqiy yetakchisi vazifasini bajarib berishi kerak. Eldor legioner sifatida “Rostov”, “Jenoa”, “Spetsiya”, “Kalyari” va “Roma” klublarida juda katta tajriba to‘plagan.

Ekspertlar Parij Olimpiadasi Eldor Shomurodovga boshlanayotgan mavsum uchun o‘ziga mos yangi jamoa topishiga yordam berishini ta’kidlamoqda.

Yutuqlari: UYEFA Konferensiyalar kubogi g‘olibi (2021/22), Yevropa Ligasi finalchisi (2022/23), O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi (2019, 2021), O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar (73 ta o‘yin, 40 ta gol).

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Parij-2024”: Olimpiadaning eng mashhur yulduzlari