18:36 / 31.07.2024
83

Kapadze Parij-2024 yakunlari, omadsizlik sabablari va turnir xulosasi haqida nimalar dedi?

Kapadze Parij-2024 yakunlari, omadsizlik sabablari va turnir xulosasi haqida nimalar dedi?
Foto: MOQ
O‘zbekiston olimpiya jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze Dominikan Respublikasi jamoasiga qarshi o‘tgan 3-tur o‘yinidan (1:1) keyin Olimpiadadagi ishtirok va turnirni erta tark etish sabablari haqida fikrlarini bildirdi.

«Avvalo, xalqimizga bizni qo‘llab-quvvatlab turgani uchun rahmat aytaman va o‘zim hamda jamoa nomidan uzr so‘rayman. Biz o‘yinlarda g‘alaba qozonish uchun harakat qildik, afsuski bunga erisha olmadik. Qayerdadir omad yetishmadi, yana qayerdadir tajriba va mahorat kamlik qildi. O‘ziga yarasha kamchiliklarga yo‘l qo‘ydik. InshaAlloh, kelasi safar o‘yinlarimiz bilan xursand qilamiz.

Olimpiadaga chiqqanimiz ham biz uchun katta yutuq bo‘ldi. Bu turnirdan ham qandaydir yutuq bilan qaytmoqchi edik, ammo nasib qilmagan ekan. Keldik, o‘ynab tajriba to‘pladik. Turnirdan xulosa chiqaramiz. Bu yerdagi atmosfera, turnir muhiti bizni yanada kuchli qiladi.

Biz birinchi o‘yindan (Ispaniya, 1:2) keyin tiklanish mashqlarini bajarish o‘rniga boshqa shaharga yo‘lga chiqdik va bir kunni yo‘qotdik. Misr bilan qiyin o‘yindan (0:1) keyin yana yo‘lga chiqdik va tiklanish o‘rniga vaqtni yo‘lda o‘tkazdik. Tig‘iz paytda vaqt muhim ahamiyatga ega.

Aslida bundan ko‘piga loyiq edik, deb o‘ylayman. Bunga kuchimiz yetardi. Uchala o‘yinda ham o‘z xatolarimiz bilan ochkolarni yo‘qotdik. Vaziyatlardan foydalanishda har doim nimadir yetishmadi. Shunga qaramay, Parij-2024 Olimpiadasi katta tajriba bo‘ldi. Turnir davomida o‘zim ham, murabbiylar shtabi ham tajriba yig‘dik, ancha o‘sdik va o‘zimizga xulosa chiqardik. Yana shunaqa vaziyatga tushsak, endi tajribaga egamiz va nima qilishni bilgan holda harakat qilamiz
», - deydi Temur Kapadze turnirdagi ishtirokidan so‘ng.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston olimpiya jamoasi turnirdagi ilk ishtirokida 3 o‘yinda bitta durang qayd etib, S guruhini bir ochko bilan so‘nggi 4-o‘rinda yakunladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kapadze Parij-2024 yakunlari, omadsizlik sabablari va turnir xulosasi haqida nimalar dedi?