00:45 / 04.08.2024
90

Eldor Shomurodov Angliyaga viza kutyapti!

Eldor Shomurodov Angliyaga viza kutyapti!
Fransiya poytaxti Parij shahridagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirokini yakunlab, “Roma” ixtiyoriga qaytgan Eldor Shomurodovning kelajagi hali hamon mavhumligicha qolmoqda.

Shunga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi mavsumoldi tayyorgarligi rimliklar tarkibida davom ettirib turadigan bo‘lyapti.

“Bo‘rilar” bosh murabbiyi Daniele De Rossi tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini Angliyada tashkil etishga qaror qilgan.

- “Roma” mavsum oralig‘ida ukrainalik markaziy hujumchi Artyom Dovbikni transfer qilish uchun “Jirona”ga 32 million yevro to‘ladi. Bundan tashqari, qo‘shimcha bonuslar ham ko‘zda tutilgan. Rimliklar Mattia Sule va Samyuel Dalni ham o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.

Daniele De Rossi Angliyadagi o‘quv mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etadiganlar ro‘yxatiga quyidagi futbolchilarni kiritdi.

Darvozabonlar – De Marsi, Marin, Rayan, Svilar.
Himoyachilar – Anjelino, Chelik, Dal, Kumbulla, Manchini, Sangare, Smolling, Zalevski, Nardin.
Yarim himoyachilar – Bove, Kristante, Darbo, Gratsiani, Le Fe, Pellegrini, Pizilli.
Hujumchilar – Abraxam, Baldanzi, Joau Koshta, Dovbik, Dibala, El-Shaaravi, Sule, Solbakken.

Eldor Shomurodov va Artyom Dovbik o‘z mamlakatlari elchixonalaridan viza kutyapti
, - deb yozdi italiyalik jurnalist Andrea Losapio.

Yana bir manba – forzaroma.info portali bu mavzuda yana ham to‘liq ma’lumot berdi.

- “Roma” mashg‘ulot yig‘inlarining so‘nggi bosqichini Angliyada o‘tkazadi. Rimliklar yangi chempionatga tayyorgarlikni Angliya terma jamoasi mashg‘ulotlar bazasi – “Sent-Jorjes-Park”da yakunlaydi.

Artyom Dovbik va Eldor Shomurodov hujjatlar bilan bog‘liq muammoga duch keldi. Ular jamoadoshlariga qo‘shilish uchun o‘z mamlakatlari elchixonalaridan viza kelishini kutishiga to‘g‘ri kelyapti. Ular jamoadoshlariga Angliyadagi yig‘in boshlanganidan keyin qo‘shiladi.

“Roma” futbolchilari Angliyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida “Koventri Siti” (6 avgust) va “Everton” (10 avgust) bilan o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnashadi
, - deb yozdi forzaroma.info sayti.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov faoliyati davomida O‘zbekiston Superligasida “Mash’al” va “Bunyodkor”, Rossiya Premer-ligasida “Rostov” jamoalari sharafini himoya qilganidan keyin 2020 yilning oktyabrida kuchli beshlik ligalari tarkibiga kiruvchi A Seriyaga yo‘l olgan edi.

Mohir hujumchimiz Italiyada shu kunga qadar “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” jamoalari safida A Seriyada jami 102 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini 15 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga to‘qqizta golli pas uzatgan.

Bundan tashqari, 29 yoshli legionerimiz Italiya kubogi, UYEFA Konfederatsiyalar kubogi va Yevropa Ligasi kabi musobaqalarda ham bir necha uchrashuvlarda maydonga tushib, ularning har birida gollar hisobini ochishga erishgan.

Italiya matbuotida Eldor Shomurodovga “Verona”, “Parma”, “Venetsiya” kabi klublardan qiziqish bo‘layotgani haqida ma’lumotlar tarqatilgandi. Hozircha, faqat “Verona” o‘zbek hujumchisini ijaraga olish borasida Rim klubiga murojaat qilgani aytilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov Angliyaga viza kutyapti!