01:06 / 10.08.2024
126

Shomurodov bu jamoaga o‘tsa, muxlislar uni kechirmaydi...

Shomurodov bu jamoaga o‘tsa, muxlislar uni kechirmaydi...
Eldor Shomurodov tez orada boshlanadigan yangi mavsumga “Roma” safida tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bosh murabbiy Daniele De Rossi qaroriga ko‘ra, oxirgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini Angliyada tashkil etildi. Legionerimiz ham “bo‘rilar” jamoasida mashg‘ulotlarga kirishgan.

Shu bilan birga Rim superklubi o‘zbek hujumchisini jamoadan ketadigan o‘yinchilar qatoriga qo‘shgan va boshqa klublardan taklif kutmoqda. Shomurodovga anchadan beri “Verona” qiziqish bildirib kelayotgan edi. Endi V Seriyadan yuqori divizionga chiqishni rejalashtirayotgan “Sampdoriya” o‘zbek hujumchisiga da’vogarlik qila boshladi. Bu jamoa bosh murabbiyi Andrea Pirlo tarkibni tajribali forvard bilan kuchaytirish kerakligini ta’kidlamoqda.

Italiyalik futbol eksperti Juzeppa Martorana Eldor Shomurodov “Sampdoriya”ga o‘tadigan bo‘lsa, bu jamoa joylashgan Genuya shahri futbol muxlislari lageri ikkiga bo‘linib ketishini yozmoqda.

Gap shundaki, Genuya shahrining ikki klubi – “Jenoa” va “Sampdoriya” o‘zaro raqobatchi hisoblanadi. Bundan kelib chiqib, shahar aholisi muxlislik borasida ikkiga bo‘lingan.

- Eldor Shomurodov “Jenoa” muxlislari uchun eski qadrdon hisobanadi. O‘zbek hujumchisi 2020-2921 yilgi mavsumda “Jenoa”ning asosiy qahramonlaridan bo‘lgan. A Seriyada 32 ta uchrashuvda sakkizta gol urib, jamoani autsayderlar qatoridan turnir jadvalida balandlashiga katta hissa qo‘shgan.

Italiyaga kelganida hech kim tanimagan Shomurodov aynan shu jamoadagi ishtiroki orqali o‘zini jismonan baquvvat, maqsad sari kurashuvchi, bu mamlakat futboliga moslasha oladigan mehnatkash o‘yinchi sifatida namoyon qilgan.

Eldorning “Jenoa”dagi o‘yinlari “Roma”da unga qiziqish uyg‘otdi. Biroq o‘zbek hujumchisining poytaxtdagi faoliyati kutilganidek chiqmadi. Hozir Shomurodov faoliyatini yana ko‘tarish imkonini beradigan yangi jamoa qidiryapti.

Agar Shomurodov “Sampdoriya”ga o‘tsa, uning taqdiri yana Genuya shahri bilan bog‘lanadi. Biroq ikki jamoa fanatlari o‘rtasidagi vaziyat juda murakkabligi bois, “Jenoa” ishqibozlarida yaxshi taassurot qoldirgan o‘yinchining ashaddiy raqib safiga o‘tishi yanada og‘ir qabul qilinadi.

Andrea Pirlo “Sampdoriya”ni tezroq A Seriyaga olib chiqish uchun tajribali forvard qidiryapti va bu rolga Eldor Shomurodov juda mos tushadi. Ammo “Jenoa” muxlislari o‘zlari yoqtirgan Shomurodovni “Sampdoriya” libosida ko‘rsa, buni hazm qila olmaydi va uni kechirishmaydi
, - deb yozdi italiyalik ekspert Juzeppe Martorana.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov Italiyaga ko‘chib o‘tganidan keyin “Jenoa” safida bir mavsumda barcha turnirlarda 32 ta uchrashuvda 8 ta to‘p kiritgan va bir juft assistni amalga oshirgan. Keyin “Roma”ga o‘tib, poytaxt jamoasida 48 ta uchrashuvda 6 tadan gol va golli pas muallifi bo‘ldi.

Orada ijara asosida “Spetsiya”da 16 ta bahsda bitta gol, ikkita assist, “Kalyari”da 24 ta bellashuvda uchtadan gol va golli uzatma rasmiylashtirdi.

29 yoshli legionerimizning “Roma” klubi bilan tuzilgan shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha amal qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov bu jamoaga o‘tsa, muxlislar uni kechirmaydi...