19:44 / 19.08.2024
457

Abbosbek Fayzullayevning jarohati jiddiymi? (foto)

Abbosbek Fayzullayevning jarohati jiddiymi? (foto)
Rossiya Premer-ligasining 5-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvlaridan biri SSKA va “Lokomotiv” o‘rtasidagi poytaxt derbisi bo‘ldi.

Ko‘pchilik bu bahsda “armiyachilar”ning qo‘li baland kelishini kutgandi. Uchrashuv davomida mezbonlar “Lokomotiv” darvozasi tomon ko‘p bosim uyushtirdi. Hujumlar, standart vaziyatlarning aksariyati ilk daqiqalardan o‘ynagan Abbosbek Fayzullayev ulushiga to‘g‘ri keldi.

Biroq o‘yin davomida na Abbosbekning o‘zi, na jamoadoshlari ustunlikni golga aylantira oldi. “Temiryo‘lchilar” esa, bu ishni 90-daqiqada uddalab, mezbonlarga qaqshatqich zarba berdi.

SSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich 87-daqiqada birdaniga uch nafar futbolchini almashtirdi. Milan Gayich, Danil Krugovoy va Abbosbek Fayzullayev o‘rniga Kellven, Matvey Lukin va Rifat Jemaletdinovni tushirdi. Yagona gol shu o‘zgarishlardan keyinoq kiritildi.

SSKAning sobiq futbolchisi Aleksandr Grishin mag‘lubiyatga mana shu o‘yinchi alishtirish sabab bo‘lganini ta’kidlamoqda.

- “Armiyachilar”adolatsiz tarzda mag‘lub bo‘ldi. SSKA yaxshiroq o‘ynadi, ayniqsa birinchi bo‘limda. Dastlabki 20 daqiqada kuchli bosim uyushtirdi.

To‘g‘risini aytsam, SSKA yutadi, deb ishongandim. Ikkinchi bo‘lim oxiridagi o‘zgartirishlar natijaga ta’sir qildi. “Lokomotiv” to‘rtta o‘yinchini tushirib, o‘yinni kuchaytirdi. Nikolich esa, birdaniga uch futbolchini alishtirib, juda qo‘pol xato qildi. Nikolichning bu qarorini tushunmadim. Men buni juda qo‘pol xato, deb qabul qildim
, - dedi Aleksandr Grishin.

Darhaqiqat, Abbosbek Fayzullayev ham g‘alaba uchun juda ko‘p mehnat qildi. Raqib darvozasiga, himoya chizig‘iga yetarlicha bosim o‘tkaza oldi.

Bellashuvdan keyin “Lokomotiv” himoyachisi Maksim Nenaxov qulay vaziyatga chiqib borayotgan Abbosbek Fayzullayevni to‘xtatib qolishga ulgurgani haqida gapirdi.

- O‘sha vaziyatda holatga ko‘ra, o‘xshasa o‘xshadi, qabilida ish tutdim. Qandaydir vaziyatda Fayzullayevga yetolmayman, degan hissiyot ham bo‘ldi. Lekin ulgurib qoldim. Tezligimni oshirish borasida individual mashg‘ulotlar o‘taganim qo‘l keldi, - dedi Maksim Nenaxov.

Ko‘pchilikning e’tiborini Abbosbek Fayzullayev stadionni o‘ng qo‘li bint bilan bog‘langan holda tark etayotgani tortdi.

Jurnalistlar bu holatga ham oydinlik kiritishga urindi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘yin vaqtida legionerimizning qo‘li biroz shikastlangan.

Abbosbek Fayzullayevning ahvolini so‘ragan jurnalistlarga futbolchimiz “jiddiy hech narsa yo‘q” ekanini ta’kidladi.

20 yoshli hujumkor futbolchimiz Parij Olimpiadasidan keyin SSKA tarkibida Rossiya Premer-ligasida uchta, mamlakat kubogida bitta o‘yinda ishtirok etib, hali o‘z hisobiga samarali harakatlar yozdirib qo‘yishga ulgurmadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abbosbek Fayzullayevning jarohati jiddiymi? (foto)