08:00 / 21.08.2024
99

Denis Korostichenko: "G‘alaba qozonishimiz uchun bir detal yetishmayapti, xolos"

Denis Korostichenko: "G‘alaba qozonishimiz uchun bir detal yetishmayapti, xolos"
Superliga 14-turidan o‘rin olgan "Olimpik" - "Nasaf" (0:2) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Denis Korostichenko matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O‘yin haqida
- Bugungi o‘yin uchun yigitlarga rahmat aytaman. Biz munosib kurashdik. Yaxshi o‘yin namoyish etdik, deb o‘ylayman. Raqibni g‘alaba bilan tabriklayman. Menimcha, "Nasaf" chempionlik uchun dadil qadamlar tashlamoqda. Bugun biz juda yaxshi shakllangan jamoaga qarshi o‘ynadik. Tajriba ham o‘z so‘zini aytdi. Biz bugun yaqqol golli vaziyatlarga ega bo‘lmadik, lekin shunga qaramay futbolchilarim namoyish etgan o‘yindan ko‘nglim to‘ldi.

- "Olimpik" jamoasi birinchi taymni juda yaxshi o‘tkazdi, yuqori pressing va tezkor futbol namoyish etdi. Ikkinchi bo‘limda esa jamoa o‘yini sustlashgandek tuyuldi. Jamoangiz tanaffusdan keyin ham birinchi bo‘limdagi tempni ushlay olmaganiga nima sabab bo‘ldi?
- E’tibor bergan bo‘lsangiz, biz bugun o‘zgarishlarga qo‘l urgandik. Oldingi bahslarda zaxiradan maydonga tushgan va o‘yinimizni yanada kuchaytirgan futbolchilarni bugun asosiy tarkibga qo‘ydik. Bugungi rejamiz shu edi. Birinchi taymni yaxshi o‘tkazdik. To‘p bilan yaxshi harakat qildik. "Nasaf"ga qarshi ikki bo‘lim bunday o‘yin namoyish etish qiyin edi. O‘zgarishlarimiz o‘yinga yetarlicha ta’sir o‘tkaza olmadi. Sunnat Abdullajonov birinchi bo‘limdayoq og‘riq his etayotganini aytdi, Sherzod Komilovni majburan zaxiraga oldik. Ikkita majburiy o‘zgarish o‘yinimizga ta’sir o‘tkazgandir.

- "Olimpik" futbolchisi Alisher Odilov hech qayerda ko‘rinish bermay qoldi. Odilov hozir qayerda?
- Adashmayotgan bo‘lsam, Odilov BAA klubiga o‘tmoqda. To‘g‘risi, aynan qaysi klub ekanligi esimda yo‘q. Nega hali rasman e’lon qilinmaganidan xabarim yo‘q. Alisher tez orada yangi jamoa a’zosiga aylanadi.

- "Olimpik" jamoasi ko‘pchilik jamoalarga qarshi yaxshi o‘yin namoyish etayotganiga qaramay, jamoa yetarlicha ochkolar to‘play olmayapti. "Olimpik" jamoasi qachon ochkolarni qo‘lga kirita boshlaydi?
- Biz har bir bahsda g‘alaba qozonish uchun maydonga tushamiz. Har bir o‘yinda bir nima yetishmayotgandek. O‘yindan o‘yinga kuchayib bormoqdamiz. "So‘g‘diyona", "Nasaf" chempionlik uchun kurashayotgan jamoalar, "Lokomotiv" esa aslida teparoqda bo‘lishi ham mumkin. Keyingi uchrashuvimizni safarda "Neftchi"ga qarshi o‘tkazamiz. Keyingi tur bahsiga uzoq kutilgan uch ochkoni qo‘lga kirita olishimizga ishonaman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Denis Korostichenko: "G‘alaba qozonishimiz uchun bir detal yetishmayapti, xolos"