Qirg‘iziston premer-ligasi ishtirokchisi – “OshMU Aldiyer” jamoasi hozirda mamlakat chempionatida 10 ta klub o‘rtasida 9-o‘rinni egallab turibdi. Lekin jamoaning salohiyati yuqori baholanmoqda. Bunda esa chempionatdagi tanaffus ularga qo‘l kelishi taxmin qilinmoqda.
Klub bosh murabbiyi mahalliy tajribali murabbiylardan biri Aleksandr Beldinov. 43 yoshli mutaxassis shu yilning yanvar oyidan “OshMU Aldiyer” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelyapti.
O‘rtoqlik uchrashuvi to‘g‘risida
Chempionatdagi tanaffus sababli Beldinov jamoasi Andijonda “Andijon” U21 ga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Unda “OshMU Aldiyer” 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Jamoa ustozi Aleksandr Leonidovich dastlab bellashuv borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Xalqaro o‘rtoqlik o‘yinini tashkil qilishga va biz bilan maydonga tushgani uchun “Andijon” jamoasi hamda rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bir-biriga o‘xshash bo‘lgan yaxshi jamoalar maydonda bellashishdi. O‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu terma jamoalarning rasmiy o‘yinlari sababidan chempioanatda yuzaga kelgan qisqa tanaffusdan unumli foydalangan holda tashkil qilingan uchrashuv edi. Bundan maqsad chempionatning keyingi o‘yinlariga yanada yaxshi tayyorlanishdan iborat.
Qirg‘iziston – O‘zbekiston uchrashuvi oldidan
Barchaga yaxshi ma’lumki, 10 sentyabr kuni “JCH-2026” 3-saralash bosqichining 2-turida Bishkekda Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston milliy terma jamoalari kuch sinashadilar. Barcha ushbu muhim uchrashuvni intiqlik bilan kutmoqda. Aleksandr Beldinov esa bo‘lajak o‘yin oldidan shunday dedi:
- Biz qo‘shnilarmiz. Bo‘lajak o‘yinni Markaziy Osiyo derbisi deyish mumkin. Albatta, bu bellashuvni katta qiziqish bilan kuzatamiz. Umumiy ma’noda aytsam, O‘zbekiston futbolini har jabhada bir-ikki barobar ustun deb hisoblayman. Aynan infrastruktura, moddiy texnik baza, tashkiliy tomonlama kabi jabhalarda O‘zbekiston ustun. O‘zbekiston nisbatan yaxshi guruhga tushdi, deb hisoblayman. Bu safar jahon chempionatiga chiqishga imkoniyati ancha yuqori. O‘yinni intiqlik bilan kutyapmiz. O‘zbekistonni o‘z fonida, Qirg‘izistonni ham o‘zini fonida kuzatamiz. O‘ziga xos derbida juda qiziqarli uchrashuv bo‘ladi.
Qirg‘iziston terma jamoasida bosh murabbiy o‘zgargani xususida
Qirg‘izistonliklar “JCH-2026”ning 2-saralash bosqichidan muvaffaqiyatli chiqishgach, kutilmaganda bosh murabbiy o‘zgartirildi. Slovakiyalik Shtefan Tarkovich bilan shartnoma uzaytirilmadi. Uning o‘rniga mahalliy murabbiy Maksim Lisitsin tayinlandi. Natijada “JCH-2026”ning 3-saralashiga oz fursat qolganida Qirg‘iziston termasi yangi murabbiy boshchiligida shug‘ullanishga kirishdi. Fursatdan foydalangan holda Beldinovdan ushbu o‘zgarish xususidagi fikrlari bilan qiziqib ko‘rdik.
- Biz murabbiylarmiz. Umumiy ma’noda aytishim mumkinki, jamoani shakllantirish, g‘alaba qozonish uchun yetarli tayyorlash asosiy vazifamiz hisoblanadi. Qirg‘iziston futbol federatsiyasi tomonidan belgilab berilgan barcha vazifalarni bajarishga mas’ulmiz. Rahbariyat shunday qarorga kelgan ekan, demak, biz buni ma’qullaymiz. Lisitsin haqida gapiradigan bo‘lsam, qisqa vaqt jamoani qabul qilish va kerakli natijalarga erishish juda qiyin ish. Lekin jahon chempionati saralash o‘yinlari yo‘lida barchamiz qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
“Andijon”ning O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqishini kutganmidi?
Ma’lumki, “Andijon” klubining O‘zbekiston Kubogi finaliga yo‘l olgani nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa mamlakatlarda ham o‘zgacha qabul qilindi. Jumladan, qirg‘izistonliklar ham “Burgutlar”ning ushbu parvozidan xursand bo‘ldilar. Bu borada Beldinov quyidagicha fikr bildirdi:
“Andijon”ni O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqqani bilan tabriklayman. O‘yinni ko‘rdim. Penaltilar seriyasi tepildi. Bunda jamoangiz ishonchli o‘ynadi va finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Finalda muxlis sifatida “Andijon”ga omad tilayman. Hammasi jamoani tayyorgarligiga bog‘liq. “Andijon”ni yaxshi va hujumkor jamoa ekanligi ko‘rinib turibdi. Murabbiylar shtabi ham juda malakali. O‘ylaymanki, “Andijon” o‘z tarixida birinchi bor Kubokni qo‘lga kiritadi”.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi