13:06 / 14.09.2024
39

Shaxmat Olimpiadasi. Sportchilarimiz keskin ko‘tarildi

Shaxmat Olimpiadasi. Sportchilarimiz keskin ko‘tarildi
Vengriyaning Budapesht shahri mezbonlik qilayotgan shaxmat olamining eng nufuzli musobaqasi hisoblangan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar va xotin-qizlar terma jamoalari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Butun dunyodan 200 ga yaqin davlat terma jamoalari erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda g‘oliblik uchun kuch sinashadi. Olimpiada ishtirokchilarining umumiy soni 630 nafar sportchini tashkil qilmoqda. Ulardan 246 nafari grossmeysterlardir.

Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Olimpiadada Trinidad va Tobago, Misr shaxmatchilarini mag‘lub etganidan keyin uchinchi turda Xorvatiya vakillarini 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi.

Har ikki tomon grossmeysterlari o‘zaro to‘qnashgan bellashuvlarda natijalar quyidagicha ko‘rinish oldi:

- Nodir Abdusattorov 2766 – Ante Yurkich 2642 1-0
- Nodirbek Yoqubboyev 2666 – Sasha Martinovich 2563 0,5-0,5
- Javohir Sindorov 2677 – Leon Lavaich 2550 1-0
- Shamsiddin Vohidov 2650 – Zdenko Kojul 2515 1-0.

Xotin-qizlar musobaqasida shaxmatchilarimiz uchinchi bellashuvda qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi. Bu gal ular musobaqa mezboni Vengriya terma jamoasini 2,5-1,5 hisobida taslim qildilar.

Natijalar quyidagicha bo‘ldi:

- Zshoka Gaal 2385 – Afruza Hamdamova 2313 0-1
- Tan Trang Xoang 2351 – Nilufar Yoqubboyeva 2248 1-0
- Yulianna Terbe 2245 – Umida Omonova 2032 0-1
- Petra Pap 2259 – Marjona Malikova 2083 0-1.

Uchinchi turdan so‘ng O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi bir ochko to‘plagan holda Hindiston va AQSH bilan birga kuchli uchlikni tashkil qilmoqda.

Shaxmatchi yigitlar keyingi turda Vetnam terma jamoasiga qarshi dona suradi.

Musobaqa jadvalida sakkizinchi o‘ringa ko‘tarilgan shaxmatimiz malikalari to‘rtinchi turda Bolgariya terma jamoasi bilan kuch sinashadi.

Musobaqa qoidasiga ko‘ra, har bir terma jamoa besh nafar shaxmatchidan tarkib topadi. Har turda ulardan to‘rt nafari dona suradi va bittasi zaxira o‘yinchisi vazifasini bajaradi. Musobaqa shveysarcha tizimda 11 raunddan iborat bo‘ladi.

Vaqt nazorati 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, o‘yin tugashigacha 30 daqiqa qo‘shiladi, har bir yurish uchun birinchisidan boshlab +30 soniya beriladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shaxmat Olimpiadasi. Sportchilarimiz keskin ko‘tarildi