49
Maksim Shatskix: "Paxtakor"ni favorit deb hisoblashayotgani yaxshi, ammo bularning barchasi qog‘ozda"
Elit Osiyo Chempionlar Ligasi 1-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" – "Al Vasl" (BAA) uchrashuvidan oldin matbuot anjumani tashkil qilindi. Unda "Paxtakor" ustozi Maksim Shatskix va futbolchi Abdulla Abdullayev ishtirok etdi.
"Barchaga xayrli kech. Ertaga yangi musobaqaning starti. Raqibni imkon qadar o‘rganib chiqdik. "Al Vasl" o‘z chempionatida bor-yo‘g‘i ikkita o‘yin o‘tkazdi xolos va tabiiyki ular haqida ma’lumot ko‘p emas.
Juda yaxshi shakllangan va tajribali jamoaga qarshi o‘ynaymiz – tarkibida legionerlar ko‘p. Ertaga qiziqarli va jangovar o‘yin bo‘lishini taxmin qilaman. Oson o‘yin bo‘lmasligi aniq. Ertaga o‘z kuchimizni sinab olamiz va hozirgi kunda nimaga qodir ekanligimizni bilamiz. Yangilangan tarkibimiz uchun dastlabki xalqaro sinov bo‘ladi", – dedi Maksim Shatskix.
"Raqib kuchli jamoa ekanligini bilamiz. "Al Vasl" ham bizga o‘xshab ko‘proq hujumda harakatlanishni ma’qul ko‘radi. Ertaga qiziqarli uchrashuv bo‘lishini kutyapman", – dedi Abdulla Abdullayev.
- Ertangi uchrashuvda nima orqali jamoangiz o‘ziga kerakli natijani qo‘lga kiritishi mumkin? Sababi "Al Vasl" kuchliroq tarkib, yaxshiroq futbolchilarga ega...
- Birinchi navbatda, qat’iy tartib-intizom tufayli g‘alabaga erishishimiz mumkin. Biz ertangi uchrashuv uchun tayyorlagan rejamizga 90 daqiqa davomida rioya qilsak, bir nimaga erishishimiz mumkin.
- "Al Vasl" jamoasi besh yildan so‘ng Osiyo Chempionlar Ligasiga qaytdi, "Paxtakor" esa OCHLda muntazam ishtirok etadi. Shuningdek, jamoangiz tarkibida milliy terma jamoa a’zolari ham bor. Shu sababli ko‘pchilik "Paxtakor"ni ertangi bahs favoriti deb hisoblamoqda. Ushbu fikrga qo‘shilasizmi? "Paxtakor" ertaga qanday futbol namoyish etishga intiladi?
- Bizni favorit deb hisoblashayotgani yaxshi, ammo bularning barchasi qog‘ozda. Fikrimcha, ertangi uchrashuvdagi imkoniyatlar teng. Qanday o‘yin olib borishimizni aytib o‘tmayman, bu sir bo‘lib qolsin. Bir nechta reja tayyorlab qo‘yganmiz. "Al Vasl" uzoq vaqt davomida OCHLda ishtirok etmagani hech nimani anglatmaydi. Jamoa yetarlicha tajribaga ega. "Al Vasl" 13 sentyabr kuni "Al Ayn"ga qarshi bahs olib borishi kerak edi, ammo u uchrashuv qoldirildi. Bu jihat esa jamoa ertangi uchrashuvga juda jiddiy yondashganini bildiradi. Ertaga katta ishtiyoq bilan o‘ynashimiz kerak bo‘ladi.
- Abdulla Abdullayevga savol. O‘tgan mavsum "Xorfakkan" jamoasi safida BAA chempionatida to‘p tepgandingiz. "Al Vasl"ga qarshi ham o‘yinlarda ishtirok etgansiz. Ushbu jamoa haqida nimalar deya olasiz? Jamoaning kuchsiz tomonlari yoki kuchli jihatlaridan xabardorsiz...
- Ha, men ushbu jamoaga qarshi ikki marotaba maydonga chiqqanman. "Al Vasl"ni yaxshi shakllangan jamoa deb ayta olaman. Ular himoyada ham, hujumda ham juda tartibli o‘yin namoyish etishadi. Biz ham bekorga bu turnirda ishtirok etayotganimiz yo‘q. Biz raqibga jang taklif qilamiz va maydonga g‘alaba uchun chiqamiz. Bosh murabbiy raqibni to‘liq o‘rganib chiqqan va qanday o‘yin olib borishni biladi.
- Mavsum avvalida jamoani xususiylashtirish masalasi keng muhokama qilingandi. Ushbu fikrlar hali hamon aktualmi? Jamoa namoyish etayotgan yomon natijalar shu masala bilan bog‘liqmi?
- Bu savolingizga hech qanday javob bera olmayman. Bunday masalani rahbariyat hal qiladi. O‘z stadionimizda o‘ynamayotganimizning sababi – u stadionda xalqaro o‘yinlarni qabul qilishga ruxsat berilmagani. Natijalarga keladigan bo‘lsak, biz mavsum avvalida yoshlarga ko‘proq e’tibor berishimizni e’lon qilgandik. Rahbariyat yozgi transferlar oynasida bir qancha iqtidorli yosh futbolchilarni harid qildi. Ularga minnatdorchiligimni bildiraman. Bizga biroz vaqt kerak. Tarkibimizdagi yosh futbolchilar milliy terma jamoaning kelajagi ekanligiga shubham yo‘q.
- Chempionatdagi so‘nggi uchrashuvda 3 nafar futbolchi qaydnomaga kiritilmagandi (Azmiddinov, Sobirxo‘jayev, Cheran – tahr.). Ularnig holati qanday? Ular ertaga maydonga tushadimi?
- Ha, barchasi joyida. Ular maydonga tushadimi-yo‘qmi, buni ertaga bilib olasizlar.
- O‘yindan oldin sizni nima xavotirga solyapti? Shuningdek, O‘zbekistondagi maydonlar holati haqida gapirib o‘tsangiz...
- Yaxshiroq, sifatli maydonda o‘ynashni istagan bo‘lardik, albatta. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, bu birgina stadionda bo‘layotgan holat emas. Ertaga imkon qadar yaxshiroq o‘yin namoyish etishga harakat qilamiz. Muxlislarnig qo‘llab-quvvatlashiga ham umid qilaman. "Jar" katta sig‘imli stadion emas, ertaga vanihoyat ko‘pchilik kutgan OCHL yana qaytmoqda. Barcha futbolchilarning holati yaxshi va barcha sog‘lom.
Eslatib o‘tamiz, "Paxtakor" – "Al Vasl" bellashuvi ertaga, 17 sentyabr kuni "Jar" stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv boshlanish vaqti – 19:00. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi