date
views 277

Fayzullayev jamoaga g‘alaba keltirish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ydi!

Fayzullayev jamoaga g‘alaba keltirish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ydi!
Rossiya kubogi musobaqasining guruh bosqichi to‘rtinchi turida SSKA futbolchilari o‘z maydonida peshqadam “Krasnodar” bilan kuch sinashdi.

Kuchli raqibga qarshi o‘yin “armiyachilar” uchun ancha qiyin kechdi. Har ikki jamoa ham g‘alaba uchun to‘p tepgani uchrashuvning murosasiz kechishini ta’minladi.

Oldinga o‘tib aytish joizki, bu bahsda Abbosbek Fayzullayev jamoaning oldingi chiziqdagi muvaffaqiyatli o‘yini ko‘proq unga bog‘liq ekanini yana bir karra isbotladi.

Mezbonlar raqib himoyasini yorib o‘tish va darvozaga yo‘l topish uchun yarim soatdan ko‘p vaqt sarfladi. Bu ham legionerimiz ishtirokisiz bo‘lmadi. Abbosbek Fayzullayevning o‘z vaqtida uzatgan ajoyib pasidan serbiyalik Milan Gayich unumli foydalanib, 32-daqiqada hisobni ochdi.

Qolgan daqiqalarda “Krasnodar” mag‘lubiyatdan qutilib qolishga, SSKa esa, hisobdagi farqni yiriklashtirib, ishni xotirjam oxiriga yetkazib qo‘yishga harakat qildi.

O‘yinning ikkinchi yarmida yana katta sahnaga Abbosbek Fayzullayev chiqdi. 20 yoshli futbolchimiz bu gal bir pas bilan Matvey Kislyakni gol uradigan pozitsiyaga olib chiqdi va iqtidorli yosh o‘yinchi raqib darvozabonini ojiz qoldirdi.

Ta’kidlash joizki, keyingi paytda o‘yinidagi pasayish tufayli tanqidlarga nishon bo‘layotgan lenionerimiz bu bellashuvda yana yuqori sport formasiga qaytayotganini ko‘rsatdi. Aynan Abbosbekning oldingi chiziqdagi samarali o‘yini SSKAning kuchli raqib ustidan g‘alabasini ta’minladi.

“Krasnodar”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan “armiyachilar” mamlakat kubogining guruh bosqichidagi ochkolari sonini 8 taga yetkazib oldi. Hozircha, SSKA “S” kvartetida peshqadamlik qilayotgan “Krasnodar”dan bir ochkoga ortda qolmoqda.

Bungacha ketma-ket uchta uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilib, darvozasi daxlsizligini saqlab kelgan krasnodarliklar Abbosbek Fayzullayevning paslaridan keyin bir bellashuvda ilk marta ikkita gol o‘tkazib yubordi.

Ushbu guruhda “Nijniy Novgorod” va “Axmat” klublari ham ishtirok etmoqda. “Armiyachilar”ni oldinda bu raqiblar bilan bo‘ladigan to‘qnashuvlar kutib turibdi. Marko Nikolich shogirdlari 1 oktyabr kuni “Nijniy Novgorod” mehmoni bo‘ladi. Guruhdagi oxirgi uchrashuvini 22 oktyabr kuni o‘z maydonida “Axmat”ga qarshi o‘tkazadi.

Abbosbek Fayzullayev Rossiya kubogining yangi mavsumida uchinchi o‘yinini o‘tkazib, golli paslarini sonini uchtaga yetkazib oldi.

20 yashli yarim himoyachimiz Premer-ligada oltita o‘yinda bitta assist muallifi bo‘lgan.

SSKA chempionatdagi navbatdagi bahsini 21 sentyabr kuni Qozon shahrida “Rubin”ga qarshi o‘tkazadi. To‘qqizinchi turning markaziy uchrashuvlaridan biri hisoblangan bu o‘yinda Abbosbek Fayzullayev maydonda Rustamjon Ashurmatov va Umarali Rahmonaliyevga ro‘baro‘ kelishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayev jamoaga g‘alaba keltirish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ydi!