date
views 103

Shomurodov bosh murabbiyi ishonchini qozonish uchun qattiq shug‘ullanmoqda?

Shomurodov bosh murabbiyi ishonchini qozonish uchun qattiq shug‘ullanmoqda?
Roma”da yuz bergan bosh murabbiy almashinuvidan keyin nihoyat “bo‘rilar” Italiya chempionati doirasida mavsumdagi ilk g‘alabasini nishonladi.

A Seriyaning beshinchi turida “Olimpiko” arenasida “Udineze” 3:0 hisobida tor-mor etildi. “Roma” bosh murabbiy Ivan Yurich qo‘l ostida oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa – Chempionlar ligasi yo‘llanmsi uchun kurashni boshladi.

Klubga egalik qiluvchi amerikalik biznesmenlar – Den va Rayan Fridkinlar anchadan beri jamoani Yevropaning eng nufuzli musobaqasida ko‘rmoqchi. Hozirgacha, ular bunga erisha olgani yo‘q. Katta umidlar bilan jamoani boshqarishga olib kelingan, Paulu Fonseka, Joze Mourino va Daniele De Rossi ham bu talabni bajara olmadi.

“Roma” oldida Yevropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishning ikki yo‘li bor. Birinchisi, A Seriyada kuchli to‘rtlikka kirish. Ikkinchisi, UYEFAning ikkinchi musobaqasi – Yevropa ligasida g‘olib chiqish.

Rimliklar ikki yil avval bunga juda yaqin kelgandi. Jamoa 2022 yili Konferensiyalar ligasining bosh sovrinini qo‘lga kiritib, kelasi mavsumda Yevropa ligasi finaliga yetib borgandi. Biroq Joze Mourino shogirdlariga ketma-ket ikkinchi finalda zafar quchish nasib qilmagan. “Roma” bosh sovrin bilan birga Chempionlar ligasi yo‘llanmasidan ham quruq qolgan.

Endi “Roma” yana Yevropa ligasidagi yurishini boshlaydi. UYEFA xalqaro miqyosdagi musobaqalar formatini o‘zgartirganidan keyin taqvim anchayin tig‘iz holatga keldi.

Xususan, “Roma” to‘rt kun ichida muhim ikkita o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. “Bo‘rilar” har ikki bahsni “Olimpiko”da o‘tkazishi ularga ozgina bo‘lsa-da, yengillik bo‘ladi. Chunki “o‘z uyingda devorlar ham qo‘llaydi”, degan maqol futbolda ko‘p isbotini topgan.

Birinchi uchrashuv 26 sentyabr kuni Yevropa ligasi umumiy bosqichda Ispaniyaning “Atletik Bilbao” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Musobaqa qoidasiga ko‘ra, umumiy bosqichda jami 36 ta jamoa uy va safarda to‘rttadan, jami sakkizta o‘yin o‘tkazadi.

Rimliklar “Atletik”dan tashqari o‘z maydonida Ukrainaning “Dinamo Kiyev”, Portugaliyaning “Braga”, Germaniyaning “Ayntraxt” jamoalarini qabul qiladi. Shuningdek, Shvetsiyaning “Elfsborg”, Belgiyaning “Yunion”, Angliyaning “Tottenxem”, Niderlandiyaning “AZ Alkmaar” futbolchilari mehmoni bo‘ladi.

Umumiy guruhda dastlabki sakkiz pog‘onani egallagan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘llanma oladi. 9-24-o‘rin sohiblari nimchorak finalga chiqish uchun o‘tish uchrashuvlarida ishtirok etishiga to‘g‘ri keladi. Qolgan jamoalar musobaqani tark etadi.

Ispanlarga qarshi o‘yindan keyin “Roma” 29 sentyabr kuni “Venetsiya”ga qarshi A Seriyaning oltinchi tur bahsini o‘tkazadi.

Ayni paytda futbolchilar bosh murabbiy Ivan Yurich va uning boshchiligidagi murabbiylar shtabi vakillari nazorati ostida bo‘lajak bellashuvlarga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xususan, Eldor Shomurodov ham mashg‘ulotlarda faollik ko‘rsatmoqda.

Buni quyidagi suratlardan ham bilib olsa bo‘ladi:




“Roma” legionerimizni Yevropa ligasi qaydnomasiga kiritgan. Shomurodov hamon zaxira o‘yinchisi hisoblansa-da, taqvim o‘ta tig‘izligini inobatga olib, Ivan Yurich o‘zbekistonlik markaziy hujumchi xizmatidan ham foydalanishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov bosh murabbiyi ishonchini qozonish uchun qattiq shug‘ullanmoqda?