21:51 / 01.10.2024
20

Eldor Shomurodov endi Shvetsiyada o‘ynaydi!

Eldor Shomurodov endi Shvetsiyada o‘ynaydi!
“Roma” joriy mavsum A Seriyada kuchli to‘rtlikka kirish, Yevropa ligasida esa, bosh sovrinni olish uchun kurashmoqda. Har ikki musobaqadan ko‘zlangan maqsad kelasi mavsum Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini beradigan yo‘llanmani qo‘lga kiritishdan iborat.

Yangi bosh murabbiy Ivan Yurich jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar qila oldi. Xorvatiyalik mutaxassis qo‘l ostida “bo‘rilar” milliy chempionatda “Udineze”ni 3:0, “Venetsiya”ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, mavsumdagi dastlabki g‘alabalarini nishonladi.

Orada “Roma” Yevropa Ligasi doirasida kuchli raqib Ispaniyaning “Atletik Bilbao” jamoasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.

Endi poytaxtliklar navbatdagi uchrashuvini qit’a miqyosidagi xalqaro turnirning ikkinchi turida “Elfsborg”ga qarshi o‘tkazadi. O‘yinga Shvetsiya mezbonlik qiladi.

Italiyaning eng mashhur nashrlaridan Corriere dello Sport bo‘lajak bellashuvda “Roma” tarkibida rotatsiyalar bo‘lishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Ivan Yurich asosiy tarkib o‘yinchilarining bir nechtasiga dam olishi uchun sharoit yaratib beradi. Tarkibda quyidagi o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.

Darvozabon

Shvetsiyadagi bahsda asosiy darvozabon Mile Sviler o‘rnini Rayan Metyuga bo‘shatib beradi. Avstraliyalik darvozabon yozda jamoani tark etgan Ruy Patrisiuga o‘rinbosar sifatida olib kelingan edi. Rayan Metyu Yevropa futbolida katta tajriba to‘plagan. U o‘z yurti Avstraliyadan tashqari Belgiya, Ispaniya, Angliya, Daniya va Niderlandiya maydonlarida o‘ynagan. Endi u “Roma” libosidagi debyutga tayyorlanmoqda.

Himoyachilar

Mashhur himoyachi Mats Xummels ham ilk bor “Roma” safida maydonga tushishi kutilmoqda. Shvetsiyadagi o‘yinda murabbiylar shtabi Janluka Manchiniga dam berishga qaror qilgan. Agar favqulodda o‘zgarishlar yuz bermasa, germaniyalik futbolchi himoyaning o‘ng tomonidan joy oladi. Chap qanotda yangi o‘yinchilardan Mario Ermoso va markazda Evan Ndika o‘ynaydigan bo‘lyapti.

Yarim himoyachilar

Doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib kelayotgan Brayan Kristante va Manu Kone bu gal zaxirada qoldiriladigan bo‘ldi. O‘zini ko‘rsata boshlagan yosh yarim himoyachi Nikolo Pisilli va tajribali Leandro Paredes ularning o‘rnini egallaydi. “Elfsborg” bilan o‘yinda qanotlarda Zeki Chelik va Anjelino harakat qiladi.

Hujumchilar

“Roma”ning eng kuchli nuqtasi hujum chizig‘i hisoblanadi. Shu bois ham, hujumchilar rotatsiyasi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Ivan Yurich Paulo Dibala va Artyom Dovbikka dam berishi kerakligi aytilmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, Eldor Shomurodov hujum markazidan joy olib, “Elfsborg”ga qarshi ilk daqiqalardan maydonga tushishga tayyor.

“Roma”ning mavsumdagi birinchi golini urgan Eldor Shomurodov zaxira hujumchisi sanalsa-da, mashg‘ulotlarda yuqori saviyada o‘ynashga tayyor va qodir ekanligini namoyish etib kelmoqda. O‘zbek futbolchisining Rimda qolgani nafaqat o‘zi uchun, balki ko‘pchilikka ham kutilmagan holat bo‘ldi. U jamoadan joy olish uchun mashg‘ulotlarda bor kuchini berib shug‘ullanmoqda. Bo‘lajak o‘yinda Shomurodov markaziy hujumchi sifatida o‘ynasa, uning ortidan Tommazo Baldansi va Matias Sule joy oladi, - deb yozmoqda Corriere dello Sport nashri eksperti Lorenso Skalia.

Darhaqiqat, mutaxassislar Eldor Shomurodov uchun xorvatiyalik bosh murabbiy berishi kutilayotgan imkoniyat juda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlamoqda. 29 yoshli o‘zbekistonlik hujumchi bu mavsum A Seriyada uchta uchrashuvda jami 30 daqiqa o‘ynab, o‘z hisobiga bitta to‘p yozdirib qo‘ydi.

Shuningdek, legionerimiz Yevropa Ligasida “Atletik”ga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, to‘qqiz daqiqa o‘ynadi.

“Elfsborg” va “Roma” o‘rtasidagi bahs 3 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan tungi saot 00:00 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov endi Shvetsiyada o‘ynaydi!
ePN