23:30 / 07.10.2024
135

Kapadze navbatdagi ikki o‘yinda milliy jamoamizni boshqarsa...

Kapadze navbatdagi ikki o‘yinda milliy jamoamizni boshqarsa...
Taniqli jurnalist Qahramon Aslanov Timur Kapadze terma boshqaruviga kelsa, uslub masalasida qiyinchilikka duch kelishini ta’kidladi.

Katanetsning sog‘lig‘i va uning o‘rinbosari haqidagi turli xabarlar meni bir jihatdan ko‘proq o‘ylantiryapti.

Ma’lumki, sloveniyalik murabbiy 3 markaziy himoyachi bilan o‘ynashni ma’qul ko‘radi. Kamida, aynan terma jamoamizni u shu tizimda boshqardi va so‘nggi uch yilda faqat shu sxemada o‘ynab keldi. Bu sxema o‘ziga yarasha spetsifik bo‘lib, o‘zgartirish oson emas, zero markaziy himoyachilarga beriladigan vazifalar, qanot futbolchilarining harakati nuqtayi nazaridan 4 himoyachili har qanday sxemadan tubdan farq qiladi. Himoyada o‘ynaydigan futbolchilardan ba’zi qo‘shimcha qobiliyat va ko‘nikmalar ham talab qilinishidan tashqari, 3 markaziy himoyachidan 2 markaziy himoyachiga o‘tish yarimhimoyadagi tizimga ham, hujum tashkil qilishda ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Xullas, tarkibdagi o‘zgarishlardan tortib, bir muddat mashg‘ulotlarni talab qiladigan jarayon – bizda esa, yetarli vaqt yo‘q.

Dunyodagi murabbiylarga qarasangiz ham, 4-4-2, 4-3-3, 4-2-4 va bir qator sxemalar bilan almashtirib manevrlar qiladigan murabbiylar ko‘p, ammo himoyachilar soniga tegilmaydi. 3 markaziy himoyachi bilan doim to‘p suradigan boshqa guruh murabbiylar ham bor – ular aksincha, 2 markaziy himoyachi sxemalariga murojaat qilishmaydi.

Esingizda bo‘lsa, Italiyada 3-4-3 da muvaffaqiyat qozongan Antonio Konte “Chelsi”ga kelgach, Angliyaga moslashishga urinib, 4-3-3 ni sinab ko‘rgan, ammo ilk o‘yinlardayoq yomon natijalar qayd etgach, futbolchilarni o‘zining 3-4-3 sxemasiga moslashtirish osonroq va qisqaroq yo‘l ekanini anglab yetgandi.

Misol uchun, Timur Kapadze “Olimpik”da ham, olimpiya jamoamizda ham asosan 2 markaziy himoyachidan iborat sxema tanlaydi. Xo‘sh, agar ba’zi ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lib, navbatdagi ikki o‘yinda aynan u milliy jamoamizni boshqarsa, nima qiladi? Qisqa muddatda, deyarli umumiy mashg‘ulotsiz o‘z uslubiga o‘rgata oladimi? Futbolchilar o‘z faoliyati davomida turli sxemalarda o‘ynagan bo‘lishsa-da, birgalikda faqat Katanes qo‘l ostida to‘p surishgan va shu asosida jamoa shakllangan. Yoki Kapadze, balkim boshqa murabbiy, Katanes sxemasini saqlab qolishga qaror qilsa, bu tizimda raqibga tayyorlanish va o‘yinni rejalashtirish uchun qay darajada bilim va tajriba bo‘ladi?

Qahramon Aslanov

Manba: t.me/aslanov_futbol

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kapadze navbatdagi ikki o‘yinda milliy jamoamizni boshqarsa...